Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:55

Tojikistonlik yoshlar armiyaga bormaslik uchun Qirg‘iziston fuqaroligini olmoqda


Harbiy xizmatga chaqirilgan tojik yoshlari.
Harbiy xizmatga chaqirilgan tojik yoshlari.

Tojikiston rasmiylari Laxsh tumani yoshlari harbiy xizmatga bormaslik uchun Qirg‘iziston fuqaroligini olayotganidan tashvish bildirdi. Rasmiy ma’lumotda aytilishicha, mazkur tumanda harbiy xizmat yoshida bo‘lgan yoshlarning 80 foizi qirg‘iz fuqaroligini qabul qilgan.

Tojikistonning Laxsh tumani harbiy komissari Sha’bon Sharifov joriy yilda harbiy xizmatga chaqirilishi lozim bo‘lgan 1200 yigit Qirg‘iziston fuqaroligini qabul qilganini aytdi. Unga ko‘ra, bu tumanda armiya yoshiga yetgan yigitlarning 80 foizini tashkil qiladi.

Sha’bon Sharifov Qirg‘iziston fuqaroligini qabul qilgan yoshlar ayni paytda ham Tojikiston hududida yashayotganini hisobga olgan holda, ular armiyaga bormaslik uchun mana shu amalni qo‘llamoqda, degan fikrda ekanini aytdi.

Harbiy komissar bu dastlabki raqam ekanini bildirib, harbiy chaqiriq davomida Qirg‘iziston fuqaroligini qabul qilgan tojikistonlik yoshlar soni 2 ming kishidan ham oshib ketishi mumkinligini tahmin qildi.

“Biz harbiy xizmatga chaqirilishi kerak bo‘lgan yoshlarning uyiga chaqiruv qog‘ozi bilan borsak, ular Qirg‘iziston pasportini ko‘rsatmoqda. Masalan, Kashshot qishlog‘ida 2800 odam yashaydi, ularning barchasi etnik qirg‘izlar. Bu qishloqda faqat bir nafar oilada Tojikiston fuqarolari yashar ekan. Bu oilada besh o‘g‘il bo‘lib, ularning to‘rt nafari armiyada xizmat qilgan. Tojikistonda yashovchi etnik qirg‘izlarning deyarli barchasi qo‘shni davlat fuqaroligiga ega. Bu qishloqlarda Tojikiston fuqarolarini kunduzi chiroq yoqib ham topa olmasiz”, dedi harbiy komissar.

Uning aytishicha, Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lgan yoshlar Tojikistonda yashash joyidan ro‘yxatdan chiqmaganlar. Ular qo‘shni davlat fuqarolari bo‘lsa-da, Tojikistonda yashashda davom etmoqda.

“Hatto Qirg‘iziston tomoni bizga “qirg‘iz fuqarolarini nega tojik armiyasiga xizmatga chaqirayapsizlar”, deb norozilik ham bildirgan. Tojikistondagi ayrim tashkilotlar rahbarlari ham o‘zlari tojik fuqarosi bo‘lishiga qaramay, farzandlariga Qirg‘iziston fuqaroligini olib bergan”, dedi Sha’bon Sharifov.

Ozodlik radiosi tojik xizmatining ma’lum qilishicha, Laxsh tumanida nafaqat etnik qirg‘izlar, balki tojiklar ham Qirg‘iziston fuqaroligini olmoqda.

Radio muxbiriga ismi sir qolishi sharti bilan ma’lumot bergan tojikistonlikka ko‘ra: “yosh yigitlar harbiy xizmatga bormaslik uchun qirg‘iz pasportini olayapti, ularning bolalari va xotinlari esa Tojikiston fuqarosi bo‘lib qolmoqda”.

Qirg‘izistonda boshqa mamlakatlarda yashovchi etnik qirg‘izlarni fuqarolikka qabul qilish va ularga qirg‘iz pasportini berish olti oygacha bo‘lgan muddatda amalga oshiriladi.

Laxsh tuman rasmiylariga ko‘ra, shu kungacha mazkur tumanda yashovchi 20 ming tojikistonlik Qirg‘iziston fuqaroligini olgan. Ular har olti oyda Tojikistonda doimiy yashash uchun ro‘yxatdagn o‘tib turadi va buning uchun 175 somoniy haq to‘laydi.

Fuqarolik jamiyati vakillari Tojikiston armiyasida juda ko‘plab muammolar borligi sababli ham yoshlar harbiy xizmatga borishdan qochayotganini va qo‘shni davlat fuqaroligini olishga shoshayotganini ta’kidlaydi.

Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, Tojikistonda harbiy xizmatga chaqiruv boshlanishi bilanoq yoshlarning ko‘pchiligi Qozog‘iston va Rossiyaga chiqib ketadi. Chaqiruv yakunlanganidan so‘ng esa yana vataniga qaytadi.

“Fuqarolik huquqlari ofisi” tashkiloti vakili Dilrabo Samadovaning aytishicha, faollar hukumatga harbiy xizmatni o‘tagan yoshlarga turli imtiyozlar berishni taklif qilib kelayotir. Faollar mana shunday yo‘l bilan yigitlarning harbiy xizmatga ko‘proq jalb qilish mumkin, deb hisoblaydi. Biroq hukumat hozircha bu takliflarni inobatga olgan emas.

XS
SM
MD
LG