Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:29

Qirg‘iziston Oliy Sudi Azimjon Asqarov ishini qayta ko‘rib chiqadi


Azimjon Asqarov qamoqxonadagi kamerasida.
Azimjon Asqarov qamoqxonadagi kamerasida.

Qirg‘iziston Oliy Sudi shu yilning 11 iyulidan boshlab O‘sh voqealarida ayblanib umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan etnik o‘zbek huquq faoli Azimjon Asqarov ishini qayta ko‘rib chiqishni boshlaydi. Aprel oyida BMT Inson huquqlari qo‘mitasi Asqarovni qamoqdan bo‘shatish va unga nisbatan sud hukmini bekor qilish talabi bilan chiqqan edi.

Қирғизистон Олий Суди Азимжон Асқаров ишини қайта кўриб чиқади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:59 0:00

Qirg‘izistoni Oliy Sudi matbuot kotibi Aynura To‘kto‘sheva Azimjon Asqarov ishini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan uning advokatlari murojaat qilgani va Oliy Sud bu iltimosni qanoatlantirganini aytdi:

-Oliy Sudga ishga bog‘liq yangi tafsilotlar paydo bo‘lgani tufayli jinoyat ishini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan advokatlar va Asqarovdan ariza kelib tushdi. Oliy Sudning jinoyat va ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha kollegiyasi Asqarov ishini 11 iyulda qayta ko‘rib chiqishni boshlaydi. Sud jarayoni ochiq o‘tkaziladi, - dedi Aynura To‘kto‘sheva.

21 aprel kuni Asqarov ishini ko‘rib chiqqan BMT Inson huquqlari qo‘mitasi "Azimjon Asqarov ozod qilinishi lozim" degan qarorga kelgan edi.

Qo‘mita matbuot xizmati vakili Liz Trossel Asqarovning ozodlikka chiqishi uchun quyidagicha asoslar borligini aytgan edi.

- BMTning inson huquqlari qo‘mitasi Qirg‘izistonda qamoqda saqlanayotgan siyosiy faol va jurnalist Azimjon Asqarovni ozod qilishga chaqirdi. Chunki u noqonuniy qo‘lga olinib, hibsxonada chidab bo‘lmas sharoitda tutilgani, qiynoq va ayovsiz muomalaga duchor bo‘lgani uchun mahkamada o‘zini himoya qilishga unda yetarli hozirlik ko‘ra olish imkoni bo‘lmagan, - dedi Liz Trossel.

Bishkeklik huquq faoli To‘laykan Ismailova Qirg‘iziston hukumati xalqaro majburiyatlaridan kelib chiqqan holda BMT qarorini bajarishga majbur ekanini aytdi:

- Bu insonga qarshi hukumat quvg‘in va bosimning barcha vositalarini qo‘llagan. Noqonuniy qamoqqa olgan, qiynoqlarga solgan. Olti yildan beri unga nisbatan o‘tkazilgan birorta sud jarayoni adolatli o‘tgan emas. BMT Inson huquqlari qo‘mitasi aytganiday, uni so‘zsiz ravishda qamoqdan ozod qilish kerak. Biz Oliy Sud qarorini sabrsizlik bilan kutamiz. Bu sud bugungi hukumat haqiqatni tan olishga qodir yoki qodir emasligini ko‘rsatuvchi imtihon bo‘ladi, - dedi huquq faoli.

Ayni paytda Asqarovni aybdor deb hisoblovchilar huquq faoli qamoqdan bo‘shatiladigan bo‘lsa norozilik mitinglariga chiqishlarini aytmoqdalar. Ularning fikricha, Azimjon Asqarov O‘sh voqealari paytida tartibsizliklarni uyushtirgani va bir militsiya xodimini o‘ldirishda ishtirok etgani aniq isbotlangan.

Azimjon Asqarov ishi tergov qilinayotgan paytda Qirg‘iziston Bosh prokurori bo‘lgan Kubatbek Baybolov ham Azimjon Asqarov qamoqdan chiqarilishi kerak, degan fikrga qarshi ekanini aytdi. Biroq sobiq Bosh prokuror Asqarov ishi qayta ko‘rilib, unga nisbatan engilroq jazo chorasi qo‘llanilishi lozim, deb hisoblaydi.

- Azimjon Asqarovni ozod qilish kerak degan fikrga qo‘shila olmayman. Biroq ish qayta ko‘rib chiqilishi kerak, deb hisoblayman. Albatta, Asqarovning o‘sha paytdagi harakatlarida jinoyat alomatlari bo‘lgan. Lekin bu harakatlarga umrbod qamoq jazosi berilishi qonunda nazarda tutilmagan. Men Asqarovga umrbod qamoq jazosi berilishiga qarshi bo‘lganman, unga 20-25 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi berilishi kerak edi, -dedi Kubatbek Baybolov.

O‘n yil davomida huquq-tartibot idoralaridagi korrupsiya, qiynoq va noqonuniy harakatlarga qarshi kurashib kelgan Azimjon Asqarov 2010 yildagi O‘sh voqealaridan so‘ng tartibsizliklarni uyushtirish va odam o‘ldirishda ayblanib umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Xalqaro tashkilotlar, BMT, Yevropa Ittifoqi va AQSh Asqarovga nisbatan jinoyat ishi soxtalashtirilganiga ishonilishini bildirib, olti yildan beri Qirg‘iziston hukumatini Azimjon Asqarovni qamoqdan ozod qilishga chaqirib keladi.

2015 yil yozida AQSh Davlat departamentining “Inson huquqlari himoyachisi” mukofoti Azimjon Asqarovga topshirilishi ortidan Qirg‘iziston hukumati norozilik tariqasida Vashington bilan imzolangan hamkorlik shartnomasini bekor qilgan edi.

XS
SM
MD
LG