Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:27

“O‘zbekiston” nashriyot-matbaa uyi direktori hibsga olindi


Joriy yil 21 iyun kuni Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan "O‘zbekiston" nashriyot-matbaa ijodiy uyi direktori Zoir Isajonov hamda nashriyotning yana 11 nafar xodimi hibsga olingani aytilmoqda. Manbalar iddaosiga ko‘ra, mamlakatdagi eng yirik nashriyot-matbaa uyi xodimlari katta miqdordagi talon-tarojlik va korrupsiyada ayblanmoqda.

Nashriyot uyining ismini ochiqlamaslikni so‘ragan muharriri Ozodlik bilan suhbatda iddao qilishicha, Zoir Isajonov va u birga hibsga olingan o‘ndan ziyod odamga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-, 205- hamda 209-moddalari bilan jinoyat ishi ochilgan:

“Hozirda nashriyot-matbaa uyida O‘zbekiston Moliya vazirligi nazorat taftish boshqarmasi, Bosh prokuratura va SNB taftishchilaridan iborat katta guruh ish olib boryapti. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, direktorimiz Zoir Tursunboevich boshchiligidagi jinoiy guruh bir necha milliardlik davlat mablag‘larini o‘zlashtirgani aniqlangan. U kishi Toshturmada o‘tiribdi” deya iddao qiladi nashriyot uyi muharriri.

Manba ma’lumotiga ko‘ra, nashriyot uyi ma’muriyati davlat buyurtmalari uchun sarf-xarajatlar smetasini sun’iy ravishda oshirib ko‘rsatish yo‘li bilan davlat byudjetiga katta miqdorda zarar yetkazganlikda ayblanmoqda.

“O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi matbaachilik sohasiga ixtisoslashgan eng yirik korxona bo‘lib, mamlakat hukumatining ideologik adabiyotlari, targ‘ibiy matbaa mahsulotlarini chop etadi.

Shu yilning dastlabki yarim yilida bu yerda sifatli qog‘oz va matbaa xomashyosi asosida olti yuz nomdan ortiq darslik, ijtimoiy-siyosiy, adabiy-badiiy kitoblar, alьbomlar, turli bosma mahsulotlari, ellik nomdan ortiq gazeta va jurnal chop etilgan.

“O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi qabulxonasi xodimasi Isajonovning bir necha kundan beri ishga kelmayotganini ta’kidlash bilan cheklandi.

Zoir Isajonov o‘tgan yili qizining nikoh to‘yidan olingan video orqali ijtimoiy tarmoqlarda tanilgan.

Isajonov qudasi taniqli xonanda Dilfuza Ismoilova bilan birga to‘yga oqqush, tovus va kabutarlardan pishirilgan taomlar tortgan.

Ayrim iddaolarga ko‘ra, ushbu dabdabali to‘ydan so‘ng huquqni muhofaza qilish organlari Zoir Isajonovning korxonasini o‘tgan yili ham qattiq taftish qilgan, ammo u javobgarlikdan qutulib qolgan.

XS
SM
MD
LG