Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:35

Moskvadan panoh topgan Husan Moskovskiy O‘zbekistonda "oqlandi"


60 yashar Husan Ziyamuhammedov jinoyat olamida "Husan Moskovskiy" nomi bilan tanilgan.
60 yashar Husan Ziyamuhammedov jinoyat olamida "Husan Moskovskiy" nomi bilan tanilgan.

O‘zbekistonlik tadbirkor Husan Ziyamuhammedov jinoiy ish figurantlari qatoridan olib tashlangani iddao qilinmoqda. Tadbirkor O‘zbekistondan xo‘l meva eksporti sohasiga qaytarildi.

Bu haqda Ozodlikka mamlakat boshqaruv elitasi va tadbirkor oilasiga yaqin manbalar bildirdi. "Husan Moskovskiy" ishi doirasidagi huquqiy protseduralar O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning aprel oyi oxirida Moskvaga safari ortidan to‘xtatilgan.

O‘tgan yil aprel oyida Husan Ziyamuhammedov Rossiyaga iznsiz qishloq ho‘jalik mahsulotlari, jumladan, ho‘l meva jo‘natganlikda va noqonuniy valyuta oldi-sotdisini tashkil etganlikda ayblanib, ustidan jinoiy ish ochilgani aytiladi.

Iddao qilinishicha¸ 60 yashar Ziyamuhammedovga nisbatan ochilgan jinoyat ishi doirasidagi huquqiy protseduralar O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning joriy yil 26 aprelidagi Moskvaga rasmiy safari ortidan to‘xtatilgan.

Ozodlikning O‘zbekiston boshqaruv elitasiga yaqin manbasining aytishicha¸ Husan Ziyamuhammedovga Rossiyaga O‘zbekistondan meva-sabzavot olib kelish bo‘yicha vakolati berilgan:

- Husan Ziyamuhammedovga tegishli biznes tizimlari bundan oldin ham Rossiyaga meva-sabzavot olib kelish bilan shug‘ullanib kelgan. Bu boradagi samara nazarda tutilgan holda O‘zbekistondan Rossiyaga meva-sabzavot yetkazish vazifasi Ziyamuhammedov boshchiligidagi shirkatga berildi. Odatda bunday xollarda o‘tkaziladigan tender tanlovi ham bo‘lgani yo‘q. May oyidan boshlab O‘zbekistondan Rossiyaga boradigan meva-sabzavot oqimini Ziyamuhammedov nazorat qilayapti. Hozir Ziyamuhammedov Moskvada tadbirkorlik bilan band. Unga qarshi ochilgan ish yopildi. Lekin Husan aka, har ehtimolga qarshi, Toshkentga bormayapti¸ deydi Ozodlik manbasi.

Ushbu manbaning qo‘shimcha qilishicha¸ "Husan Moskovskiy" qaltis vaziyatdan yutuq bilan chiqqan"

- Rossiyadagi sabzavot bozorini Ozarbayjon guruhlari nazorat qiladi. Bu guruhlarga qarshi turish uchun Husan Ziyamuhamedovdan boshqa odam topilmagani ham ushbu qaror qabul qilinishiga sabab bo‘ldi¸ deya iddao qildi manba.

Qudratli qudaning xaloskor qo‘li?

O‘zbekiston tergov idoralari va mamlakat boshqaruv elitasiga yaqin manbaning iddao qilishicha¸ Husan Ziyamuhammedovga nisbatan jinoiy ishning to‘xtatilishida uning "qudratli qudasi" tadbirkor va kriminal avtoritet Salim Abduvaliev asosiy rol o‘ynagan.

Ismi sir qolishini istagan O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining sobiq mulozimi, Ozodlik bilan suhbatda, Husan Moskovskiy Salim Abduvalievning o‘ng qo‘li sifatida Moskvada faoliyat olib boraëtgani va aynan Abduvaliev ko‘magida daxlsiz yurganini iddao qildi.

Husan Ziyamuhammedov va Salim Abduvalievni qarindoshlik iplari bog‘lab turadi.

Salim Abduvaliev va Husan Ziyamuhammedov to‘yda
Salim Abduvaliev va Husan Ziyamuhammedov to‘yda

2014 yil aprelida kriminal avtoritet Salim Abduvaliev nabirasining yana bir kriminal avtoritet Husan Ziyamuhammedov oilasiga kelin bo‘lib tushgani jinoiy tizimlarning o‘zaro qarindoshlik rishtalari bilan bog‘lanib kuchayishiga misol o‘laroq talqin qilingan edi.

Husan Ziyamuhammedovn ustidan jinoyat ishining ochilishi kriminal avtoritet Salim Abduvalievga qarshi qaratilgan zarba sifatida ko‘rilgan edi.

Siyosiy kon’yunktura

Ozodlikning O‘zbekiston boshqaruviga yaqin manbasining aytishicha, Moskvaga qochgan Husan Moskovskiyning oqlanishi O‘zbekistondagi yirik korrupsioner mulozimlar - Hayot Sharifxo‘jaev, Yuriy Savinkov ustidan ochilgan ishni muvofiqlashtirayotgan mulozimlar rejasida bo‘lmagan.

Ozodlik manbasining iddaosiga ko‘ra¸ O‘zbekiston MXX raisi o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomov Husan Ziyamuhammedov ishining yopilishiga qarshi bo‘lgan:

- Umuman SNB rahbariyati "Moskovskiyni" ushlab, qamoqqa tiqish niyatidan qaytmagan. Haydarovga yaqin guruh (Prezident ma’muriyati rahbari Zelimxon Haydarov, demoqchi - tahr.) "Moskovskiyni" oqlash kerakligini prezidentga uqtira oldi. Bu uqtirish Rossiya O‘zbekiston munosabatlari uchun foydali degan tarzda "upakovka" qilindi¸ deydi manba.

Ayni paytda, "Husan Moskovskiy" doxil jinoyat ishi doirasida qo‘lga olingan o‘zbekistonlik ikki fuqaro - "Marik" (Mark Bilenko) va "Obid Karam" (Obid Bahromov) - hibsda qolayotgani aytilmoqda.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, jinoyat olamida "Marik"¸ "Marik-losharik" nomi bilan tanilgan va hozir hibsda qolaëtgan toshkentlik Mark Bilenko Husan Ziyamuhammedovning tijoriy hamkoridir.

Mark Bilenko Husan Ziyamuhammedov bilan birgalikda 1993 yilda Toshkent viloyati Zangiota tumanida alokogolь ichimliklari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan "Far-Vab" O‘zbekiston-Isroil qo‘shma korxonasini tashkil qilgan.

Shu bilan birga "Aste1" shirkati ham Bilenkoga oid ekani aytiladi.

Husan Ziyamuhammedovning qishloq xo‘jalik mahsulotlarini eksport qilish sohasidagi hamkorlari hali ham ozod qilinmagan.

Husan Ziyamuhammedovning o‘ng qo‘li hisoblangan Obid Bahromov ham 2015 yil aprel boshidan beri hibsda qolayotgani ma’lum.

Jinoyat olamida "Obid karam" nomi bilan tanilgan Obid Bahromov Rossiyaga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bilan shug‘ullanib kelgani iddao qilinadi.

Joriy yilning 23 yanvarida Husan Ziyamuhammedov Rossiya huquq-tartibot organlari tarafidan Sankt Peterburg vokzalida ushlanib so‘roq qilib, qo‘yib yuborilgan edi.

O‘tgan yilning iyunida shaharni tark etmaslik sharti bilan vaqtincha hibsdan ozod qilingan tadbirkor Husan Ziyamuhammedov Moskvaga qochib kelib yashamoqda.

Husan Ziyamuhammedovning Toshkentda istiqomat qiladigan o‘g‘li Muzaffarga yaqin manbaning bildirishicha, Ziyamuhammedov 2015 yilda 3 marta qisqa vaqiga hibsga olingan. Husan Ziyamuhammedovning Toshkentdagi uyi MXXning maxsus guruhi tarafidan muttassil tashqi nazoratga olingani ham Ozodlikka ma’lum.

XS
SM
MD
LG