Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:27

Oliy Majlis qilgan ishni Davlat dumasi qila olmadi


Davlat dumasi o‘tgan hafta oxirida qabul qilgan yangi qonunni Rossiya jamoatchiligi “odamxo‘rlar” (“lyudoedskiy”) qonuni, deb atamoqda.

Rossiya parlamenti bir kundayoq qabul qilib tashlagan qonun terrorizmga qarshi qonunlar paketidir.

Duma qabul qilgan yangi qonunni O‘zbekistonda o‘tgan yili qabul qilingan qonunga qiyosladik.

Qiyos Rossiya jamoatchiligi Duma deputatlarini odamxo‘r, deb sal oshirvoribdi, degan fikrni uyg‘otdi. Duma qabul qilgan qonun odamxo‘rlarning emas, balki mol go‘shti ham emaydiganlarning qonuni ekanku, degan taajjub paydo bo‘ldi.

Duma muhokamasiga tavsiya qilingan qonun loyihasida Oliy Majlis o‘ylanib-netmay qabul qilib qo‘ygan me’yorlar bor edi.

O‘sha me’yorlar Dumada qonun loyihasining birinchi o‘qishidan ham o‘tmadi.

Gapni cho‘zib, Duma deputatlari tashlab yuborgan qonun moddalari mazmunini aytib o‘tirmaymiz va 2015 yil, 12 avgustdagi xabarimizning muxtasar variantini yodingizga solamiz:

2015 yil, 29 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va 6 avgust kuni Senat tomonidan ma’qullangan, Islom Karimov 10 avgust kuni imzolagan qonunga muvofiq, agar o‘zbekistonlik biror shaxs boshqa davlat foydasiga ishlash yoki osoyishtalik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlarni sodir etish orqali jamiyat va davlat manfaatlariga ziyon yetkazsa, fuqaroligidan ayrilishi mumkin.

2016 ning 2 martida esa, Islom Karimov O‘zbekiston fuqaroligidan mahrum qilish jarayonini muvofiqlashtiruvchi Farmonni ham imzoladi.

Farmonda boshqa holatlar bilan bir qatorda hatto, xorijiy davlatda doimiy yashab kelgan, ammo 5 yil davomida jo‘yali sabablarsiz konsullik ro‘yxatidan o‘tmagan o‘zbekistonliklar ham fuqarolikdan chiqarilajagi belgilab qo‘yilgan.

Shunga o‘xshash, ya’ni O‘zbekiston rahbariyati qabul qilganga o‘xshash me’yorlar Davlat dumasiga taqdim etilgan qonun loyihasida ham bor edi.

Lekin, shunisi qiziqki, Rossiyada hanuz jamoatchilik fikri inobatga olinar ekan. Jamoatchilik bosimi ostida Davlat dumasi fuqarolikdan mahrum qilishga oid me’yorlarni hatto muhokama qilishdan voz kechdi.

Masalaning yana bir nozik jihati: Rossiya variantida gap bipatridlar ustida borgan edi, xolos.

Fuqaro bo‘lish shaxsning Konstitutsiya bilan kafolatlangan huquqi, dedi Rossiya jamoatchiligi va ular ketidan parlament a’zolari.

O‘zbekistonda esa, bunday bo‘lmadi. Fuqarolikdan mahrum qilish to‘g‘risidagi qonunni g‘ing demay qabul qilib tashladilar.

Nega?

Balki O‘zbekistonda jamoatchilik yo‘qdir?

Yo parlament yo‘qmi?

Yo Konstitutsiyani yo‘qotib qo‘yishganmikan?

XS
SM
MD
LG