Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:30

Leningrad viloyatida muhojirlar kavkazliklar bilan mushtlashdi


Leningrad viloyatining Kudrovo qishlog‘idagi katta qurilishlardan birida yuzga yaqin muhojir va kavkazliklar o‘rtasida sodir bo‘lgan ommaviy mushtlashuv natijasida 17 kishi politsiya bo‘limiga olib ketildi. Hodisa joyida dog‘istonliklarga tegishli uchta avtomashina ag‘darib tashlandi. Politsiya janjalga “oddiy maishiy kelishmovchilik” sabab bo‘lganini gapirmoqda.

Leningrad viloyatining Vsevolojskiy tumani Kudrovo qishlog‘idagi ko‘p qavatli bino qurilishi maydonchasida 27 iyun kuni ommaviy tartibsizliklar ro‘y berdi.

Bu haqda birinchi bo‘lib “VKontakte” tarmog‘idagi “Jizn v Kudrovo” ijtimoiy guruhi foydalanuvchilari xabar berdi.

Qurilish shaharchasidagi katta uy ortida ko‘plab quruvchilar yig‘ildi. Juda ko‘p, 30-50-tacha odam bor. Kimdir tayoq ko‘targan. Panjaralar ustidan oshib o‘tishdi. Shaharchaning bir chetida ikkita ikkita yengil mashina ag‘darilib yotibdi. Biz politsiyaga qo‘ng‘iroq qildik. To‘da-to‘da bo‘lib turishibdi. Ularda nima inqilob ekan-a???”, deb yozdi Kseniya Strelnikova.

Avvaliga biz gastarbayterlarni FMS bosibdimi, deb o‘yladik”, deb taxmin qiladi Aleksey.

Keyinroq, guvohlar qurilish shaharchasida yashovchi 100-ga yaqin ishchilar yugurib ketayotganini ko‘rgan. Janjal joyidan travmatik qurol ovozi eshitilgani qayd etildi.

Kudrovo qishlog‘idagi ommaviy mushtlashuv to‘g‘risida xabar kechki soat 22:00da mahalliy politsiya navbatchisiga kelib tushgan.

Leningrad viloyati bo‘yicha Ichki ishlar boshqarmasida Ozodlik so‘roviga bevosita mushtlashuvda 50 yaqin odam ishtirok etgani, hodisa joyiga etib kelgan operativ naryad 17 nafar mehnat muhojirini politsiya bo‘limiga keltirganini tasdiqlashdi.

Politsiyaning dastlabki taxminlariga ko‘ra, mushtlashuv dog‘istonliklar va shu qurilish ishchilari bo‘lgan migrantlar o‘rtasida sodir bo‘lgan.

- Bu oddiy maishiy janjal. U haqda yozishning ham hojati yo‘q – hech kim jiddiy jarohatlangani yo‘q. Dog‘istonliklar bilan shu yerda ishlovchi mehnat muhojirlari urushib qolibdi. To‘g‘risi, dog‘istonliklar kelib ishchi-muhojirlardan nimadir talab qilishibdi. Ular esa munosib javob qaytaribdi. Bo‘lgani shu! Politsiya borguniga qadar hamma tarqab ketgandi, dedi Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati politsiya boshqarmasi rasmiysi Elmar Shakirzyaev.

Politsiya boshqarmasida bir necha kishi o‘rta va yengil jarohat olganini bildirishdi.

Asya ismli yana bir hodisa guvohi mushtlashuvga qurilish yonidan mashinada o‘tib ketayotgan dog‘istonlik yigit bir nechta muhojirga loy sachratib ketganini sabab qilib ko‘rsatdi. Shiltasi chiqqan mehnat muhojirlari uni to‘xtatib savalashgan. Kaltaklangan Dog‘iston fuqarosi esa birmuncha vaqtdan keyin “o‘zidan ketib qolgan migrantlarni ta’zirini berib qo‘yish uchun” bir nechta mashinada hamyurtlarini chaqirtirib kelgan.

Ommaviy mushtlashuvda armatura, tosh va tayoqlardan tashqari dog‘istonliklar tomonidan travmat quroli ishlatilgani ma’lum.

Keyinroq “Jizn v Kudrovo” ijtimoiy guruhida hodisa joyidan qo‘l telefoniga olingan videotasvir ham paydo bo‘ldi.

Unda qurilish shaharchasidan chiqib kelayotgan o‘nlab mehnat muhojirlari kirish darvozasi oldida turgan bir nechta mashinani maydalayotganini ko‘rish mumkin.

O‘q ovozi yangraganidan so‘ng, olomon orasidan tilka-pora kiyimda bo‘lgan bir necha kishi qochib ketayotgani aks etgan.

Hodisa joyiga kelgan politsiya “Suzuki”, “Toyota” va “Jiguli” avtomashinalarini ag‘darib tashlangan holatda aniqlagan. Mashinalar dog‘istonliklarga tegishli ekanini taxmin qilish mushkul emas.

Politsiyada jabrlanganlar yo‘qligi va bu hodisa yuzasidan birorta arz-shikoyat arizasi qabul qilinmagani, dastlabki taftish natijalari asosida jinoiy ish qo‘zg‘atilishi-qo‘zg‘atilmasligi masalasi ko‘rilayotganini bildirishmoqda.

Peterburg politsiya boshqarmasida Kudrovodagi mushtlashuvning bundan oldinroq Moskvadagi Xovanskiy qabristonida sodir bo‘lgan ommaviy to‘qnashuv bilan solishtirmaslikni so‘rashdi.

Aytish joyizki, Rossiyaning turli mintaqalaridagi qurilish maydonchalarida migrantlar ishtirokidagi ommaviy mushtlashuvlar vaqti-vaqti bilan sodir bo‘lib turadi.

Ma’lumki, 2016 yilning 14 mayida Moskvaning Xovanskoe qabristonida kavkazlik va markaziy osiyolik mehnat muhojirlari o‘rtasida sodir bo‘lgan qonli to‘qnashuvda uch nafar tojikistonlik mehnat muhojiri otib o‘ldirilgan edi.

Joriy yilning 20 iyunida Peterburgning Sofiyskaya sabzavot-meva bazasida 200 kishicha muhojirlar orasida ommaviy to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgandi. Bu mushtlashuvga Ozarbayjon fuqarosi bo‘lgan 43 yoshli tadbirkor Ma’rif Ismoilovning o‘z hamyurti Emil Guseynov tomonidan otib o‘ldirilgani sabab bo‘lgan edi. Bu mushtlashuvda asosan tojik va ozariy muhojirlari ishtirok etgani ma’lum.

Bundan ikki yil oldin 26 may kuni Rossiya poytaxtida qurilayotgan “Moskva-Siti” biznes-markazida ishlayotgan mehnat muhojirlari orasida bo‘lib o‘tgan janjal to‘g‘risidagi video Youtube portalida paydo bo‘lgani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan edi.​

XS
SM
MD
LG