Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:58

O‘zbek-qirg‘iz chegarasi: Maqomi aniqlangunicha yopilgan uchastka


O‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi axsilik dehqonlar haydab chiqarilgan uchastka.
O‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi axsilik dehqonlar haydab chiqarilgan uchastka.

O‘zbekistonning Namangan viloyati va Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati chegarasidagi bir uchastkaga o‘zbek va qirg‘iz chegarachilari bir necha kundan buyon har ikki davlat fuqarolarini kiritmayapti. Ular bu joyda davlat qayd xizmati xodimlari bilan birgalikda chegarani aniqlash bo‘yicha ishlar olib borilayotganini aytmoqdalar. Ayni paytda qirg‘iz tomonida yashovchi mahalliy aholi bu joy Qirg‘izistonga qarashli bo‘lib kelganini iddao qilmoqda.

Jalolobod viloyatining Axsi tumaniga qarashli So‘go‘t qishlog‘i rahbari Zamir Banazarov o‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi o‘ziga berilgan 2 gektar uchastkadan o‘tgan hafta o‘zbek chegarachilari tomonidan haydab chiqarilgan.

Banazarov Ozodlikning qirg‘iz xizmatiga besh yildan buyon bu yerdan hech bir mone’liksiz foydalanib kelgani, endi esa pichanining yarmi o‘rilgan yeriga borolmayotganini aytgan.

Qashqasuv qishloq hukumati rahbari Uluqbek Kerimqulovga ko‘ra, hodisadan keyin u bundan tuman rahbarlarini xabardor qilgan hamda Davlat qayd xizmati va Chegara xizmati vakillari bilan birgalikda voqea joyiga borgan.

- U yoqda biz O‘zbekiston mas’ullari bilan uchrashib, uchastka maqomi aniqlanguniga qadar u yoqqa hech kimni kiritmaslik haqida kelishib oldik. Shu kungacha bu ikki gektar yerdan biz foydalanib kelganmiz. Qishloq hukumati tasarrufida bo‘lgan bu joyni ijaraga bergan edik. Avvallari bu uchastka bo‘yicha hech qanaqa bahs bo‘lmagan va u yoqqa o‘zbek chegarachilari kirgan emas, - deydi Qashqasuv qishloq hukumati rahbari Uluqbek Kerimqulov.

Qirg‘iziston Chegara xizmati ham So‘go‘t qishlog‘iga tutash uchastka kelishilgan uchastka bo‘lib hisoblanishini aytmoqda. Ayni paytda Qirg‘iziston Chegara xizmati mas’uli Sajira Cho‘qo‘lo‘evaning aytishicha, bu joyda chegara odatdagidek tartibda qo‘riqlanmoqda va o‘zbek chegarachilari tartibni buzgan emas.

Mazkur uchastka bo‘yicha ikki davlat chegarachilari uchrashganini qayd etgan Cho‘qo‘lo‘eva So‘go‘t qishlog‘i yaqinida vaziyat barqarorligi, hammasi maromida ekanini qo‘shimcha qildi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida 24 iyun kuni uchrashgan O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari chegara masalalari bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga kelishib olgandilar. Xabarlarga ko‘ra, tomonlar bu borada yuzaga kelgan muammolarni bosh vazirlar darajasida hal qilishga kelishib olganlar.

O‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi 50 dan ziyod bahsli hudud mavjud. Shu yil 18 martida O‘zbekiston Chalasart deb ataluvchi bahsli hududga harbiy texnika va askar kiritgani ortidan ikki davlat o‘rtasida munosabat keskinlashib ketgandi. Bunga javoban Qirg‘iziston ham mazkur hududga teng miqdorda harbiy texnika va askar kiritgan.

Vaziyat 26 mart kuni Chalasartdan o‘zbek askarlari va harbiy texnikasi olib chiqib ketilganidan so‘ng yumshagan.

XS
SM
MD
LG