Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:07

Qashqadaryolik ayol kuydirgi alomatlari bilan kasalxonaga yotqizildi


Qashqadaryo viloyati Sanitariya-epidemiologiya markazi rasmiylari Ozodlikka viloyatning Qarshi tumanida kuydirgi gumoni bilan bir ayol kasalxonaga yotqizilganini ma’lum qilishdi. Ammo, ularga ko‘ra, bemorning yuqumli kasallikka chalingani hali to‘liq tasdiqlanmagan. Ozodlik manbalariga ko‘ra, Qarshi tumanining Cho‘lubo‘ston qishlog‘ida yashovchi 48 yoshli ayolda kuydirgi alomatlari o‘tgan juma kuni aniqlangan.

Mutasaddilar Qarshi tumanidagi qanchalik yashirishga urinishmasin, kuydirgi vahimasi butun viloyat bo‘ylab tarqalishga ulgurdi.​

- Qo‘shnimning xotinini kuydirgi belgilari bilan kasalxonaga olib ketishdi. Sanepidstansiyadan uyini dezinfeksiya qilib ketishdi, - deya Ozodlikka bildirdi ismi sir qolishini istagan qarshiliklardan biri.

Qashqadaryo viloyati Sanitariya-epidemiologiya markazi rasmiylari viloyatda kuydirgi kasalligi alomatlari bilan bir ayol kasalxonaga yotqizilganini tasdiqlashdi.

Lekin, ularning ta’kidlashicha, ayolning xavfli kasallikka chalingani hali to‘liq tasdiqlanmagan.

Molxonasida ayolni qo‘liga tikan kirgan. Shu tikanni olaman, deb terisini kavlagan ekan. Tanasida kuydirgini formasiga o‘xshash bir yarim, ikki santimetrlik dog‘ paydo bo‘lgan. Hozir ayol karantinga olindi, uyi dezinfeksiyalanib, mollari yo‘q qilindi, - dedi Ozodlik bilan suhbatda Qashqadaryo viloyati Veterenariya xizmati boshqarmasi rasmiylaridan biri.

Mulozimning aytishicha, hozirda ko‘pgina qassobxonalar, go‘sht yetkazib berishga ixtisoslashtirilgan muassasalar va fermalar tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.

Qashqadaryoda kuydirgi infeksiyasi birinchi marta qayd etilayotgani yo‘q.

Ikki yil muqaddam Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida to‘rt kishi kuydirgi tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgandi.

Bu bemorlar ham mol so‘yayotganda kasallikni yuqtirgandi.

Kasallik o‘chog‘i

4 iyul kuni Ozodlik Toshkentda kuydirgi kamida bir odamda qayd etilgani haqida xabar qilgandi.

O‘zbekistonda "kuydirgi vahimasi" qo‘shni Qozog‘istonning Chimkent shahrida ikki shaxsning kuydirgiga chalingani haqidagi xabarlar tarqalgan paytga to‘g‘ri keldi.

Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi tarqatgan ma’lumotga ko‘ra¸ oldin Qarag‘anda viloyatida tarqalgan kuydirgi infektsiyasi ko‘p o‘tmay O‘zbekistonga qo‘shni Janubiy Qozog‘iston viloyatiga o‘tgan.

Hozirda O‘zbekiston kuydirgi xavfi bois Qozog‘iston bilan mavjud barcha chegaralarida nazoratni kuchaytirgan.

Kuydirgi nima?

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining veb-saytida kuydirgi kasalligi haqida shunday ma’lumot berilgan:

"Kuydirgi – odamlar va hayvonlar uchun o‘ta xavfli hisoblangan yuqumli kasalliklar guruhiga kiradi. Kasallikni qo‘zg‘atuvchi batsillalar ikki xil: vegetativ va spora shaklida uchraydi. Vegetativ shakldagi batsillalar tashqi muhit, yuqori harorat va dezinfeksiyalovchi moddalar ta’siriga chidamsizligi bois tezda nobud bo‘ladi, spora shaklidagi batsillalar esa aksincha, o‘ta chidamli bo‘lib, suvda o‘n yil, tuproqda esa bir necha o‘n yillab saqlanishi va unda ko‘payishi, to‘planishi ham mumkin. Spora shaklidagi batsillalar 60 daqiqa davomida qaynatilgandagina nobud bo‘ladi.

Vazirlik ma’lumotnomasiga ko‘ra, kuydirgi kasalligining manbai asosan uy hayvonlari – qoramol, ot, qo‘y, tuya, echki va shu kabi qon so‘ruvchi hasharotlar hisoblanadi.

"Kuydirgi tayoqchasi kasal hayvonlarning barcha organlariga tarqalib, ularning peshobi va najasi bilan ajralib, tuproq, em-xashak, yaylov, suv havzasi va boshqa yerlarni ifloslantiradi. Kasallik sog‘lom odamga veterinariya xizmati xodimlari ko‘rigidan o‘tmagan hayvonlarni so‘yib, terisini shilganda, go‘shtini nimtalab, yaxshi termik ishlov bermasdan iste’mol qilganda yuqishi mumkin," deya ogohlantiradi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Ozodlikka murojaat qilayotgan ko‘plab o‘zbekistonliklarga ko‘ra, qishloqlarda veterinariya xizmati xodimlari ko‘rigidan o‘tmagan yoki pora evaziga rasmiylashtirilgan kasal mollarni so‘yib¸ bozorga olib chiqish kuydirgi kabi yuqumli kasalliklarning tarqalishiga sabab bo‘lmoqda.

XS
SM
MD
LG