Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:52

Erdo‘g‘on Istanbuldagi portlashga dog‘istonlik, qirg‘izistonlik va tojikistonliklar aloqadorligini aytdi


Otaturk aeroportida halok bo‘lganlardan ayrimlarini dafn etish marosimi.
Otaturk aeroportida halok bo‘lganlardan ayrimlarini dafn etish marosimi.

Turkiya prezidenti Rejab Toyyip Erdo‘g‘on 5 iyul kuni Istanbuldagi masjidlardan birida hayit namozini o‘qib chiqqanidan so‘ng jurnalistlar bilan suhbati paytida Otaturk aeroportida sodir etilgan portlashlarga Dog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston grajdanlari aloqador ekanini ma’lum qildi. Erdo‘g‘on portlashlar “Islomiy davlat” guruhi tomonidan amalga oshirilganini yana bir bor tasdiqladi.

Turkiya prezidenti Rejab Toyyip Erdo‘g‘on Istanbulning Otaturk aeroportida 28 iyunь kuni sodir etilgan portlashlarga aloqadorlikda ayblanib 30 kishi qamoqqa olinganini bildirdi. Unga ko‘ra, gumonlanuvchilar orasida dog‘istonliklar, qirg‘izistonliklar va tojikistonliklar bor.

- So‘nggi qo‘lga olinganlar bilan qo‘shib hisoblaganda, jami 30 odam hibs qilindi. Bu 30 odam qo‘lga olinishi ortidan qator ma’lumotlar oshkor bo‘lishi mumkin. Qo‘lga olinganlar orasida dog‘istonliklar, qirg‘izistonliklar va tojikistonliklar bor. Afsuski, bu ishda qo‘shni Kavkaz mamlakatlarida yashovchilarning ham ishtiroki bor. Portlashlar “Islomiy davlat” terror guruhi tomonidan amalga oshirilgan, deb ayta olamiz, - dedi Erdo‘g‘on 5 iyul kuni hayit namozidan so‘ng jurnalistlarga bergan intervyusida

Avvalroq Turkiya matbuotida Istanbulning Otaturk aeroportidagi 44 odam o‘limiga va 240 odamning yaralanishiga sabab bo‘lgan portlashlarni Rossiya, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston grajdanlari amalga oshirgani to‘g‘risidagi tahminlar mavjudligi aytilgan edi.

Jumladan, 28 iyun kuni Istanbulning Otaturk aeroportida portlash sodir etgan xudkush hujumchilardan biri O‘zbekiston vatandoshi, qolgan ikki nafari esa Rossiya va Qirg‘iziston vatandoshlari bo‘lgani va ularning "Islomiy davlat" terror guruhiga mansubligi bildirilgandi.

Ozodlik radiosi manbalari Istanbuldagi o‘zbek vatandoshlari yashayotgan xonadonlar ham tintuv qilingani haqida ma’lum qilgan. Biroq Erdo‘g‘on o‘z so‘zida “O‘zbekiston” yoki “o‘zbeklar” degan so‘zlarni aytmadi.

Turkiya rasmiylari Otaturk aeroportiga hujum qilgan xudkushlardan 2 nafarining shaxsi aniqlanganini, uchinchi xudkushning shaxsini aniqlash ishlari davom etayotganini bildirgan. Shaxsi aniqlangan xudkushlar Vakim Bulgarov va Vadim Osmanov ekani rasman xabar qilingan.

Qirg‘iziston tomoni Erdo‘g‘onning mazkur bayonotida aytilgan ma’lumotlar tegishli tuzilmalar tomonidan o‘rganilayotganini va hozircha bu borada aniq xulosalar yo‘qligini bildirmoqda.

Turkiyaning “Hurriet” nashri Istanbul aeroportida Ukrainadan uchib kelgan 25 va 35 yoshli ikki shaxsdan Rossiya va Qirg‘iziston xorijiy pasportlari, boshqa odamlar nomiga rasmiylashtirilgan ikkita xorijiy qirg‘iz pasporti va uchta ichki qirg‘iz pasporti, beshta tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma topilganini xabar qildi. Bu shahslar ham darhol qamoqqa olingan.

- Bu ma’lumotlar yuzasidan Turkiya tomoni Qirg‘izistonga hozircha rasman murojaat qilgani yo‘q. Biroq bu xabar ommaviy axborot vositalarida paydo bo‘lishi bilanoq Qirg‘izistonning Istanbuldagi konsulligi surishtiruv ilarini boshlagan. Bu bordagi ma’lumotlar aniqlashtirib olinganidan keyin rasmiy bildiruv tarqatamiz, -dedi Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Ayimkan Kulukeeva.

Istanbul aeroportida xudkushlar tomonidan 28 iyunda sodir etilgan portlashlarda halok bo‘lgan 44 odam orasida O‘zbekiston vatandoshi bo‘lgan Abrorjon Ustaboev va Samat Muhiddinov ham borligi, bundan tashqari 4 o‘zbekistonlik yaralangani qayd etilgan.

XS
SM
MD
LG