Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:07

Hayit kuni Uchko‘prik masjidlariga uchtadan post qo‘yildi


O‘zbekiston musulmonlari idorasi ma’lumotiga ko‘ra, birgina poytaxtdagi “Hazrati imom” markaziy masjidida 50 ming odam hayit namozini o‘qigan. Ayni paytda mamlakat bo‘ylab huquq-tartibot organlari kuchaytirilgan tartibda ishladi. Uchko‘prikda bolalarni namozga qo‘ymaslik uchun masjidlar oldiga uchtadan post o‘rnatildi. Marg‘ilonda esa 12 yoshdan katta bolalarga hayit namozi o‘qishga ruxsat berildi.

“Hazrati imom” masjidida 50 ming odam hayit namozini o‘qidi

Hayit namozi Toshkent shahridagi masjidlarda chorshanba kuni ertalabki soat 05:15 da o‘qildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi rasmiy saytidagi ma’lumotga ko‘ra, birgina poytaxtdagi “Hazrati imom” markaziy masjidida 50 ming odam hayit namozini o‘qigan.

Hayit munosabati bilan poytaxtda metro va avtobuslar soat 3:30dan ishlay boshladi.

Hayit kuni Uchko‘prik masjidlariga uchtadan post qo‘yildi

Ayni paytda mamlakat bo‘ylab huquq-tartibot organlari kuchaytirilgan xizmat tartibiga o‘tkazilgan.

Bayram arafasida O‘zbekistonda maktab yoshidagi bolalarning hayit namoziga borishi taqiqlangani ma’lum bo‘ldi.

Ozodlik radiosi 5 iyul kuni Toshkent shahar xalq ta’limi boshqarmasi maktablar rahbarlariga o‘quvchilarning hayit namoziga borishi oldini olishni topshirgani haqida xabar bergan edi.

Bugun ushbu topshiriq butun mamlakat maktab va kollejlariga taalluqli ekani ma’lum bo‘ldi.

Jumladan, Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida ham bolalarni masjidga qo‘ymaslikka alohida tayyorgarlik ko‘rildi.

Uchko‘prikdagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, tumandagi “Mahmud G‘oziy” masjidiga bolalarni kiritmaslik uchun uchta post o‘rnatishgan:

-“Mahmud G‘oziy” masjidi yonida qabriston ham bor, ikkalasi birga. Masjidga kirish uchun to‘rtta eshik bor. Oldingii yillari shu to‘rtta eshikdan kirish mumkin edi. Bu yil uchtasini yopib, faqat bittasini ochib qo‘yishgan. Shu eshikka borguncha uchta joyga post qo‘yishgan. Har bir postda kamida olti odam turibdi. Postlarda stol qo‘yib qo‘yishgan,- dedi manba mikrofonsiz suhbatda.

Manbaning aytishicha, har bir postda kamida oltitadan odam bo‘lib, ular bolalarning masjidga kirishiga yo‘l qo‘yishmagan:

- O‘tgan yillarga nisbatan bu yil tekshiruvlar juda qattiq bo‘ldi. Ilgari mahalla posbonlari, militsiya xodimlarigina turardi. Bugun maktab direktorlari, kollej direktorlari, ularning o‘rinbosarlari, harbiy ta’lim va jismoniy tarbiya o‘qituvchilari, bizga notanish bo‘lgan boshqa odamlar ham postda turishibdi. Yosh bolalar mutlaqo yo‘q. Shu postda turganlar kechasi bilan masjidda navbatchilik ham qilishgan,- dedi Uchko‘prikdagi ismini ochiqlamayotganimiz manba.

Marg‘ilonda hayit namoziga 12 yoshdan katta bolalarga ruxsat berildi

Marg‘ilondagi Ozodlik manbalariga ko‘ra, hayit namozi payti tartibni saqlash uchun shahardagi barcha masjidlarga 15 nafardan militsiya xodimi jalb qilingan.

“Dahshat. To‘g‘risi shuncha hayit namozini o‘qib, bunchaligini ko‘rmaganman. Xavfsizlik kechadan qattiq ta’minlandi. Har bir masjidga 15 nafardan militsiya xodimi qo‘yilgan”, dedi Marg‘ilondagi manba.

Manba bergan xabarga ko‘ra, O‘zbekistonning boshqa hududlaridan farqli Marg‘ilonda 12 yoshdan katta bolalarga masjidga kirishga ruxsat berilgan va bolalar ham hayit namozini ado etishgan.

***

Ramazon hayiti namozlari Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kabi aksar davlatlarda 5 iyul kuni o‘qildi.

XS
SM
MD
LG