Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:42

Armiyaga borish uchun pora, qimmatga tushgan "shoxuloq", erta nikoh uchun jazo


Jizzaxda mudofaa ishlari bo‘limi xodimi pora bilan ushlandi

Jizzax viloyatidagi tumanlarda biri mudofaa ishlari bo‘limida ishlagan Kamol Turanov pora bilan qo‘lga olindi (“Huquq”, 7 iyul). Mudofaa bo‘limi xodimi K.Turanov jiyanini harbiy xizmatga yubormoqchi bo‘lgan fuqaro Tolibjon Abdualievdan 500 dollar pora olgan. Mudofaa bo‘limi xodimi bir necha kun o‘tib fuqaro T.Abdualievga qo‘ng‘iroq qilib, “Siz bergan pullarni yuqoridagilarni berdim, yana 900 dollar berasiz bo‘lmasa ish bitmaydi” degan. Bundan jahli chiqqan T.Abdualiev huquq idoralariga murojaat qilgan. Mudofaa bo‘limi xodimi 400 dollar olayotganda ashyoviy dalil bilan ushlangan. Qayd etilishicha, K.Turanovga qilmishiga yarasha jazo tayinlangan.

Bosqinchi yigitlar o‘z jinoyatini “shoxuloq” odati bilan xaspo‘shlamoqchi bo‘ldi

Jizzax viloyati Baxmal tumanida yashaydigan to‘rt nafar yigit bosqinchilik, qiynash, avtotransport vositasini olib qochish kabi jinoyatlarda ayblanib, mahkamaga tortildi (“Postda”, 2 iyul). Ismi oshkor etilmagan to‘rt yigit uchrashuvga chiqqan yigit va qiz – bo‘lajak kelin-kuyovning yaqinlarini qiynoqqa solgan, telefonlarini tortib olib, mashinasi oynasini sindirgan. Militsiya tomonidan qo‘lga olingach esa ular jinoyatlarini bu “shoxuloq” edi, deya xaspo‘shlashga uringan. Shoxuloq odatiga ko‘ra, bir qishloqdan boshqasiga kelin tushadigan bo‘lsa, qizning mahallasidagi yoshlar kelin ketayotgan paytda yo‘lni arqon bilan to‘sadi, kuyov tomondagilar “yo‘lto‘sar”larga sovg‘a bergach, ularni o‘tkazib yuboradi. Qayd etilishicha, urf-odatdan g‘arazli maqsadda foydalanmoqchi bo‘lganlarga qonuniy jazo berilgan.

2000 yilda tug‘ilgan kollej o‘quvchisiga uylangan yigit javobgarlikka tortildi

Qo‘ng‘irot tumanida qizini barvaqt turmushga uzatgan ona hamda uning qudasi javobgarlikka tortildi. Tuman prokurori Yangiboy Babadjanovning “Huquq” gazetasiga ma’lum qilishicha, 2016 yil 31 yanvar kuni ismi oshkor etilmagan yigit 2000 yilda tug‘ilgan, kollejning 1-kursida o‘qiydigan qiz bilan shar’iy nikoh orqali oila qurgan. Ushbu holat bo‘yicha kuyov, uning onasi hamda kelinning onasi ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Yangi oila saqlanib qolingani yoki qolinmagani borasida ma’lumot berilmagan. “Yosh turmush qurish va erta ona bo‘lish ayol salomatligiga jiddiy xavf solishi aniq”, deydi Qo‘ng‘irot tuman prokurori.

XS
SM
MD
LG