Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:50

Prezident Obama Dallasdagi otishma qurbonlari yaqinlariga ta’ziya bildirdi


AQSh prezidenti Barak Obama Dallas shahrida namoyishlar chog‘ida politsiyachilarning o‘ldirilishini qoralab chiqdi. U besh politsiyachi o‘limi va yetti kishining yaralanishiga olib kelgan hujumni "manfur" deya baholadi.

AQShning Dallas shahrida payshanba kuni ikki qora tanlining politsiya tomonidan o‘ldirilishiga qarshi namoyishlar o‘tayotgan bir paytda besh politsiyachi o‘ldirilgan va yana olti politsiyachi yaralangandi.

NATO sammitida ishtirok etish uchun Polshaga borgan prezident Obama Dallas meriga Amerika xalqi nomidan ta’ziya bildirgani va unga har qanday yordam berishga tayyor ekanini aytdi.

Dallas politsiyasi boshlig‘i Devid Braun hujumlar pistirmadan turib amalga oshirilgani va izchil rejalashtirilganini aytdi.

Hozirga kelib uch gumonlanuvchi shaxs qo‘lga olingan va yana bir nafar halok bo‘lgan.

Xabar agentliklariga ko‘ra, to‘rtinchi hujumchi uni qo‘lga olish chog‘ida qarshilik ko‘rsatgan va politsiya tomonidan otib o‘ldirilgan.

Politsiya otishma yuz bergan joyda portlovchi moslama topilmaganini bildirdi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, politsiyachilar snayper miltiqlaridan nishonga olingan.

Dallas politsiyasi boshlig‘ining xabar berishicha, qo‘lga olingan shaxslar kelishib olgan holda harakat qilganlar va shaharda namoyishlar bo‘layotgan bir paytda politsiyachilarni nishonga olganlar.

Favqulodda vaziyat tufayli Dallas uzra parvozlar to‘xtatilgan.

Politsiyaga qarshi namoyishlar internetda ikki kun ichida politsiyachilar afroamerikaliklarni o‘ldirayotgani tasvirlangan ikkita video tarqalishi ortidan boshlandi.

Luiziana shtatida olingan birinchi videda ikki oq tanli politsiyachi erda yotgan qora tanliga qarata o‘q uzgani va buning oqibatida u o‘lgani tasvirlangan.

7 iyulda tarqalgan ikkinchi videoda esa Minnesota shtati politsiyachisi avtomobilda o‘tirib, cho‘ntagidan hujjatlarini olish uchun qo‘lini tushirgan qora tanlini otib tashlaganini ko‘rish mumkin.

Ushbu hodisa tasvirlarini avtomobilda o‘tirgan ayol mobil telefoni orqali internetda tarqatgan.

XS
SM
MD
LG