Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:30

Germaniya: Eron hanuz yadroviy qurol ishlab chiqarishga urinmoqda


Germaniya rasmiylari fikricha, Eron prezidenti Hasan Ruhoniy (suratda) siyosatiga qarshi konservativ guruhlar hali ham mamlakatda yadroviy qurol ishlab chiqarishga harakat qilayapti.
Germaniya rasmiylari fikricha, Eron prezidenti Hasan Ruhoniy (suratda) siyosatiga qarshi konservativ guruhlar hali ham mamlakatda yadroviy qurol ishlab chiqarishga harakat qilayapti.

Germaniya rasmiylari Erondagi konservativ guruhlar hali ham yadroviy qurol ishlab chiqarishga harakat qilayotibdi, bundan maqsad Tehron va g‘arb mamlakatlari o‘rtasidagi erishilgan kelishuvga putur yetkazish bo‘lishi mumkin, degan fikrda.

Germaniyaning razvedka agentligi e’lon qilgan yillik hisobotda Eronning Germaniya hududida yadroviy qurol texnologiyasini noqonuniy ravishda qo‘lga kiritishga qaratilgan harakatlari 2015 yil davomida “yuqori darajada” bo‘lgani aytiladi.

Shimoliy Reyn-Vestfaliya viloyatidagi razvedka xizmati tomonidan alohida tayyorlangan hisobotda o‘tgan yili viloyatda yadroviy qurol texnologiyasini qo‘lga kiritishga qaratilgan 141 urinish qayd etilgani, bu urinishlarning uchdan ikki qismi Eron bilan bog‘liq ekanligi yozilgan.

8 iyul kuni Germaniya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Martin Shefer hisobotlarni “yoqimsiz” deb atadi, ammo ularda Eron bilan erishilgan kelishuv kuchga kirishidan avvalgi oylar ko‘rib chiqilganini aytdi.

Shefer Eron bilan erishilgan kelishuvga qarshi kuchlar yadroviy qurol texnologiyasini qo‘lga kiritishiga urinayotgan bo‘lishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

Yanvar oyida Eron va dunyoning qudratli davlatlari o‘rtasida uzoq yillar davom etgan muzokaralar ortidan Tehronga qarshi xalqaro sanksiyalar bekor qilingan, evaziga Eron o‘z yadroviy dasturini qisqartirish majburiyatini zimmasiga olgan edi.

“Erondagi ayrim kuchlarga prezident va tashqi ishlar vazirining siyosati ma’qul kelmaydi. Ular yadroviy kelishuvni hamda bizning Eron bilan aloqamiz normallashganini kuchsizlantirishga yoki yo‘q qilishga urinayotgan bo‘lishlari mumkin. Biz buni yaqindan kuzatib boryapmiz”, dedi Shefer.

Shefer aynan shu konservativ kuchlar Eronning ballistik raketa sinovlari ortida turganini aytdi. Bu sinovlarni Germaniya hamda AQSh BMT sanksiyalariga zid, deya baholagan edi.

“Biz allaqachon Nyu-York va boshqa yerlardagi hamkorlarimiz bilan muzokara olib boryapmiz. Tehron bilan ham muhokama qilishga tayyormiz”, dedi u.

Shunday bo‘lsa-da, Shefer Germaniya Eron prezidenti Hasan Ruhoniy hamda tashqi ishlar vaziri Javod Zarifga ishonishini, ular erishilgan shartnomaga amal qilish uchun harakat qilishayotganini qo‘shimcha qildi.

Reyn hisobotida yozilishicha, so‘ralayotgan texnologiyalar neft, gaz va po‘lat sanoatlarida ishlatilishi ko‘rsatilgan soxta hujjatlar tayyorlangan. Bundan tashqari, Eron o‘z izini yo‘qotish uchun texnologiyalarni uchinchi mamlakatlar, jumladan, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya hamda Xitoy orqali olishga uringan.

XS
SM
MD
LG