Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:50

Farg‘ona vodiysida byudjet xodimlari ko‘sak qurti terishga majburlanmoqda


Ko‘sak qurti
Ko‘sak qurti

Namangan, Farg‘ona, Andijon viloyatlarining paxtakor tumanlaridagi byudjetdan maosh olib ishlaydigan maktab, kasalxona va boshqa korxonalar ishchilari paxtazorni ko‘sak qurtidan tozalashga safarbar etildi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, mehnat ta’tilida bo‘lgan o‘qituvchilar ham chaqirib olinib, ko‘sak qurti terishga majburlanyapti. Bolalariga nafaqa puli oladigan onalarga esa bu yordamdan mahrum qilinish bilan tahdid qilinmoqda.

O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev selektor yig‘ilishida g‘o‘zani ko‘sak qurtidan tozalash uchun barcha byudjet tashkilotlari xodimlarini dalaga haydash haqida topshiriq bergan.

Vodiydagi Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatidagi minglab o‘qituvchiyu shifokorlar, hamshiralar va yosh bolali onalar dala ishlariga majburan safarbar etilmoqda.

Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanidan bo‘lgan fermerning aytishicha, haqiqatan ham, ko‘sak qurti butun paxtazorni qoplab olgan:

“Agar hosilimizning 50 foizi qolsa ham jon derdik. O‘zimizning ipak qurtiga o‘xshagan, lekin undan ancha kichik, rangi yashilroq bo‘lgan qurt ko‘sak va shonaga tushgan. Lekin, buni qo‘l bilan terib tugatib bo‘lmaydi. Dorilar ham naf bermayapti. Olimlar hali uni butunlay yo‘qotadigan kuchli dorilar ishlab chiqqani yo‘q. Bizning Paxtakor QFYga yuborilgan yuzlab hasharchilar asosan yo‘l chetidagi paxtazorlarga tashlangan. Ular orasida o‘qituvchilar, hamshiralar, bog‘cha opalar ham bor. O‘qituvchilarni mehnat ta’tilidan chaqirib olishibdi”, dedi fermer.

Andijon viloyatining Izboskan tumanidan bo‘lgan Ozodlik manbasi, ko‘sak qurti terishga yosh bolali onalar majburlanayotgani haqida gapirdi:

“Kecha yosh bolasi bor qo‘shnimning uyiga mahalla posboni kelib, dalaga ko‘sak qurti terishga chiqishini aytdi. U ayolning eri Rossiyada, o‘zi uch nafar yosh bolasi bilan qolgan. “Aka, ilojim yo‘q, yosh bollarim bor” desa, posbon “unday bo‘lsa bollaringizning 16 yoshgacha bo‘lgan nafaqasini kesamiz”, deb aytdi. Ayol sho‘rlik, bugun bollarini onasining uyiga tashlab, dalaga chiqib ketdi”, deydi manba.

Namangan viloyati Kosonsoy tumanining markaziy kasalxonasida ishlaydigan hamshiralardan biri, ko‘sak qurti terishda ularga norma belgilanganini aytdi:

“Biz ham bir haftadan buyon oq xalatlarimizni yechib, agronomga aylanganmiz. Har bir kasalxonadan, qishloq vrachlik ambulatoriyalaridan baloga qolgan hamshiralarni dalaga majburan haydashgan. Bunisi ham mayli, yana har kuni qancha qurt terganimizni hisoblab olishadi. Agar kam bo‘lsa boshliqlardan gap eshitamiz. Hamkasblarimiz, shu qurtlarga ukol qilib chiqsak bo‘lmasmikin, deb hazillashishadi”, dedi hamshira.

Bosh vazir o‘tkazgan selektor yig‘ilishini eshitgan farg‘onalik fermerlardan birining aytishicha, Shavkat Mirziyoev kuchli dorilardan foydalanish haqida ko‘rsatma bergan:

“Bosh vazir kuchli ximikatlardan foydalaninglar, deb buyruq berdi. Lekin kuchli ximikat qaerda hozir? Ko‘sak qurtiga qarshi ishlatiladigan dorining turi ko‘p, lekin birortasi ta’sir qilmaydi. Hokimliklar qoshidagi o‘simliklarni himoya qilish bo‘limlarining ishi o‘lib bo‘lgan. Biolaboratoriyalarning faqat nomi qolgan, xolos. Kuchli agronomlar boshqa ishlarga o‘tib ketgan. Bosh vazir u yoqdan baqiradi, bu yoqdan hokimlar tayyor malaylarga – o‘qituvchiyu shifokorlarga yopishadi. Paxta chopiq desa ham shular, qurt terishga ham shular, paxta terishga ham shular”, dedi fermerlardan biri.

O‘zbekistonda o‘qituvchiyu shifokorlarning o‘z kasblariga taalluqli bo‘lmagan boshqa ishlarga majburiy jalb qilinishi holatlari juda ko‘p uchraydi.

Byudjet tashkilotlari ishchilarining dala ishlariga majburan safarbar etilishini xalqaro tashkilotlar muntazam tanqid qilib keladi.

XS
SM
MD
LG