Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:21

Fransiya yana terror nishoni - Nitstsadagi hujum qurbonlari 90 ga yaqinlashdi


Ниццадаги ҳужум: 80 чоғли қурбон
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:59 0:00

Nitstsadagi hujum: 80 chog‘li qurbon

Fransiya va fransiyaliklarga berilgan yangi zarba O‘rta yer dengizi sohilidagi Nitssa shahrida¸ o‘n minglab odam Fransiya milliy bayrami - Bastiliya qamog‘i zabt etilgan kun sharafiga uyushtiriladigan mushakbozlikni tomosha qilish uchun Angliya sohili deb ataladigan dengizbo‘yi maydoniga to‘plangan kechada yuz berdi.

Guvohlarga ko‘ra¸ tezligini muttasil oshirib borgan yuk mashinasi qariyb ikki kilometrgacha yo‘lida uchragan hammani urib ketavergan. Boz ustiga¸ terrorchi yo‘lida uchraganlarni to‘pponchadan ham otib borgan.

Mushakbozlikni ko‘rishga kelganlardan ko‘pchiligi ësh bolalik oilalar bo‘lgani bois¸ qurbonlar orasida bolalar ham ko‘pligi aytilmoqda. Fransiya Ichki ishlar vaziri¸ Toshkent vaqti bilan tushga yaqin o‘lganlar sonining 84 nafar ekani¸ jarohatlanganlarning 100 dan oshgani¸ ulardan 19 nafarining ahvoli o‘ta og‘irligini bildirdi.

Bastiliya ishg‘ol qilingan kunni nishonlayotgan olomonni nishonga olgan yuk mashinasi, Nitstsa, 2016 yil 14 iyuli.
Bastiliya ishg‘ol qilingan kunni nishonlayotgan olomonni nishonga olgan yuk mashinasi, Nitstsa, 2016 yil 14 iyuli.

Rasmiylarga ko‘ra¸ politsiyachilar yuk mashina haydovchisini otib tashlagan.

Frans press agentligi tergovga yaqin o‘z manbasiga tayanib turib¸ yuk mashinasidan Nitstsada yashagan 31 yashar asli tunislik shaxsga oid hujjatlar topilganini ham ma’lum qildi. Politsiya hozircha terrorchiga oid ekani gumonlanaëtgan bu hujjatdagi shaxs ismi-sharifini ochiqlamadi. Mahalliy gazetalarga ko‘ra¸ hujjat Muhammad Lahuaej Bulel (Mohamed Lahouaiej Bouhlel) degan shaxsga oiddir. Aytilishicha¸ bu shaxs anchadan beri mayda jinoyatlar uchun politsiya ro‘yxatida bo‘lgan¸ biroq uning radikal diniy oqimlarga mansubligi haqida xavfsizlik xizmatlarida ma’lumot bo‘lmagan. Endilikda politsiya bu qadar qonli hujum ortidagi motivlarni o‘rganishga harakat qilmoqda.

Nitssadagi terror munosabati bilan Fransiyada uch kunlik motam e’lon qilindi.

Prezident Fransua Olland bu so‘nggi 18 oy ichida Fransiya yerida amalga oshirilgan “uchinchi terror xuruji” ekanini ayta turib¸ o‘tgan yil noyabrida Parijda sodir etilgan terror hujumlaridan so‘ng joriy etilgan favqulodda vaziyat muddatini yana uzaytirish haqida buyruq berdi.

“Fransiyaga o‘z milliy bayrami kunida zarba berildi. 14 iyul - Bastiliya kuni¸ erkinlik ramzidir. Mutaassiblar inson haqlarini inkor qiladi va shu bois ularning aniq nishoni Fransiyadir”, dedi Olland 15 iyul kuni ertalab Fransiya xalqiga qilgan telemurojaatida.

Butun mamlakat islomiy terrorchilar tahdidi ostida ekanini ta’kidlagan Parij rahbari fransiyaliklarni terrorchilikka qarshi kurashdan hech narsa chekintirolmasligini qo‘shimcha qildi.

“Biz Iroq va Suriyadagi harakatlarimizni bundan buyon ham kuchaytirishda davom etamiz. O‘z yerimizda bizga hujum qilganlarni mahv etishda davom etamiz”, dedi Fransua Olland “Islomiy davlat” terror guruhini nazarda tutgan holda.

Frantsuz politsiyachilari hujum sodir etilgan joyda, Nitstsa, 2016 yil 14 iyuli.
Frantsuz politsiyachilari hujum sodir etilgan joyda, Nitstsa, 2016 yil 14 iyuli.

Nitssada sodir bo‘lgan voqea uchun mas’uliyatni hozircha hech qaysi guruh o‘z zimmasiga olgani yo‘q. Shahar ahliga yopiq binolarda qolish va ko‘chaga chiqmaslik tavsiya qilinmoqda.

AQSh prezidenti Barak Obama Nitssadagi voqeaga Twitter orqali munosabat bildirdi. U sodir bo‘lgan voqeani “mudhish terror xuruji” deb atab, halok bo‘lganlarning oilalariga ta’ziya izhor qildi. U Oq uy “bu hujumni tekshirish va aybdorlarni jazolash uchun barcha yordam”ni taklif qilishini bildirdi.

BMT Xavfsizlik kengashi ham Nitssadagi hujumni “qo‘rqoqlarcha amalga oshirilgan terror xuruji” deb atab, uni qoraladi.

Dunyoning aksar rahbarlari¸ xususan¸ Rossiya prezidenti Vladimir Putin¸ Fransua Olland va Fransiya xalqiga o‘z hamdardligini bildirdi.

O‘tgan yil noyabrida Fransiya poytaxti Parijning olti joyida jangarilar tomonidan uyushtirilgan portlashlar va "Bataklan" konsert zalidagi otishmalar oqibatida 130 dan ziyod odam nobud bo‘lgan, 300 dan ortiq odam jarohatlangan edi. Mazkur hujumlar uchun mas’uliyatni Iroq va Suriyada xalifat qurilganini iddao qilaëtgan “Islomiy davlat” terror guruhi o‘z zimmasiga olgan.

2015 yil yanvarida Fransiyaning mashhur Sharli ebdo satirik jurnali tahririyatiga qilingan terror xuruji oqibatida 12 odam o‘lgan¸ o‘ndan oshig‘i jarohatlangan edi. Bu hujum uchun javobgarlikni ham Muhammad payg‘ambarni hajv qiluvchi karikaturalarni chop etgani uchun jurnaldan o‘ch olishga qaror qilgan islomiy muaassib amalga oshirgan "Islomiy davlat"ga xayrixoh mutassiblar amalga oshirgan edi.

XS
SM
MD
LG