Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:30

Turkiya AQShdan Fathulloh Gulenni topshirishni talab qildi


Turkiya bosh vaziri, Binal Yildirim, hukumati diniy peshvo Fathulloh Gulenni ekstraditsiyasi talabi bilan rasman Qo‘shma Shtatlarga murojaat qilganini aytdi.

Binal Yildirim bu haqda 19 iyul kuni Turkiyaning iqtidordagi AK partiyasi faollari yig‘ini chog‘ida ma’lum qildi.

"Turkiya prezidenti ham, men ham terroristlar boshlig‘i Fathulloh Gulanning bizga taslim qilinishi borasida AQShga murojaat yo‘lladik. AQShga Adliya vaziri to‘rtta hujjat jo‘natdi," dedi Binali Yildirim.

Bir kun muqaddam Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ham AQSh muvaffaqiyatsiz harbiy to‘ntarish urinishida ayblanayotgan diniy etakchi Fathulloh Gulenni Turkiyaga ekstraditsiya qilishi kerakligini aytgandi.

CNN telekenaliga bergan intervьyusida Erdo‘g‘on: "Bizda jinoyatchilarni ekstraditsiya qilish bo‘yicha o‘zaro kelishuv bor. Bunday hollarda har ikki taraf hamkorlik qo‘lini cho‘zishi kerak, hatto u AQSh fuqarosi bo‘lsa ham", deb aytgandi.

"AQSh bunday terrorchini saqlamasligi kerak. Qo‘shma Shtatlar bu shaxsni Turkiyaga ekstraditsiya qilishi kerak", deya qo‘shimcha qilgandi Turkiya prezidenti.

Erdo‘g‘on yana o‘z ma’muriyati yaqin kunlarda Vashingtonga rasmiy ekstraditsiya iltimosini yuborishini bildirgandi.

AQSh davlat kotibi Jon Kerri Vashington ekstraditsiya masalasini ko‘rib chiqishi mumkinligini, ammo buning uchun quruq "iddaolar" yetarli emasligi, Gulenning aybini AQSh sudida isbotlay oladigan dalil zarurligini aytdi.

AQShning Pensilvaniya shtatida yashovchi Gulen hozirda davolanmoqda.

Gulen yana bir bor aybi yo‘qligini aytib, AQSh uni Erdo‘g‘onga topshirmasligiga ishonishini qo‘shimcha qildi.

Seylorsburg shaharchasida turib jurnalistlar bilan uchrashgan Gulen "Men hech nimadan xavotir olayotganim yo‘q," dedi.

Ruhoniy 1999 yildan beri AQShda yashab keladi.

"AQSh qonun davlatidir. Bu yerda qonun ustuvorligi yuqori darajada. Men bu hukumat qonuniy jihatdan to‘g‘ri bo‘lmagan hech nimaga e’tibor bermasligiga ishonaman", dedi Gulen.

"Shuni aytmoqchimanki, men bir kun o‘laman. O‘z to‘shagimda o‘lamanmi, qamoqxonadami, menga farqi yo‘q", dedi 75 yoshli din peshvosi.

2013 yilgi korrupsiya mojarosi ortidan Turkiya hukumati Gulenni ekstraditsiya qilishga uringan, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchragandi.

"O‘sha talablar qonuniy bo‘lmagani uchun AQSh hukumati ularni jiddiy qabul qilmadi. U to‘g‘ri, tushunsa bo‘ladigan, qonuniy iltimos emas edi. ... Aftidan, muvaffaqiyatsizo‘tgan to‘ntarish urinishi ortidan ular yana kuch olgan. Ular [meni ekstraditsiya qilishga] yana bir marta urinadilar endi."

Gulen o‘zidan xavotir olmasa ham, AQSh va Turkiya o‘rtasidagi aloqalar yomonlashishi ehtimolidan xavotirda ekanini qo‘shimcha qildi.

Gulen Koreya urushi davomida Turkiya askarlari AQSh askarlari bilan birga jang qilgani, ikki mamlakat Turkiya 1952 yilda NATOga qo‘shilganidan beri do‘st bo‘lib kelayotganini eslatib o‘tdi.

"Agar Turkiya NATOdan chetlatilsa, muammolar ichida qoladi. O‘zini-o‘zi barbod qiladi. O‘zini-o‘zi yo‘q qiladi. AQSh boshqa hamkor topib olishi mumkin. Lekin Turkiya AQSh bilan hamkorlik qilishga AQShga qaraganda ko‘proq muhtojdir."

Hozirga qadar Turkiyada 300 dan oshiq odam umriga zomin bo‘lgan harbiy to‘ntarishga aloqadorlikda ayblanayotgan 9 mingga yaqin rasmiy qo‘lga olingan.

CNN bilan intervьyu davomida Erdo‘g‘on harbiy to‘ntarishga urinish prezidentga o‘ziga qarshi bo‘lgan hammani siquvga olishga bahona bo‘layotgani haqidagi fikrlarni rad etdi.

"Bu behuda ayblov. Agar Toyyib Erdo‘g‘on zolim shaxs bo‘lganida, prezident saylovlarida 52 foiz ovoz olmagan bo‘lar edi", dedi prezident kamtarlik bilan.

XS
SM
MD
LG