Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:26

Moskvada 11 nafar muhojir "tablig‘chilik"da ayblanib, hibsga olindi


Seshanba 19 iyul kuni Moskvada Rossiya huquq muxofazasi organlari tomonidan 11 nafar “Tablig‘i Jamoat” harakati vakillari ushlandi. Asosan o‘zbek va tojik millatiga mansub ekani aytilayotgan bu muhojirlardan "IShIDga xayrixohlik bildirilgan adabiyotlar" musodara qilingani, ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilishi masalasi ko‘rilayotgani aytilmoqda.

19 iyul kuni Rossiya poytaxtida mamlakat maxfiy xizmatlari "SOBR" maxsus bo‘linmasi jangchilari yordamida 11 nafar "Tablig‘i jamoat" islomiy tashkiloti vakillari ushlangani xabar qilindi.

Rossiyaning "Layf" nashri xabariga ko‘ra, asosan xorij fuqarolari ekani aytilgan bu shaxslar Moskvaning bir nechta manzilida hibsga olingan, ular yashagan kvartiralarda tintuv o‘tkazilgan.

- Moskvaning shimoli-g‘arbidagi politsiya bo‘linmasiga 11 nafar ekstremistik faoliyatda yuritgan odam olib kelindi. Ular yashagan manzillarda radikal mazmundagi adabiyot musodara etildi. Jumladan, IShID faoliyatini oqlovchi kitoblar borligi aniqlandi, deb yozdi "Layf" maxsus xizmatlardagi manbasiga tayanib.

Qo‘lga olingan yigitlardan birining musodara qilingan qo‘l telefonidagi videotasvirda, tergovchilarga ko‘ra, uning "Pokistonga sayohati tasvirlangan".

Rossiya telekanallari orqali tarqatilgan hibsga olish jarayonidagi videodan ayblanuvchilar – bir kvartirada xonalarni ijaraga olib yashab kelgan mehnat muhojirlari ekanini ko‘rish mumkin.

Ozodlik o‘z manbalaridan Moskvada 19 iyul kuni hibs etilganlar asosan o‘zbekistonlik va tojikistonlik mehnat muhojirlari ekanini aniqladi.

Tergovchilar bu shaxslarni Rossiyada taqiqlangan "Tablig‘i jamoat" islomiy tashkilotining Moskva bo‘limi a’zolari deya gumon qilmoqdalar.

Politsiya bu tashkilotga yana boshqa odamlar a’zo bo‘lishi mumkinligini ham inkor etmadi.

Gumonlanuvchilarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilishi masalasi ko‘rilmoqda.

2015 yil oktyabrida Moskvada terrorchi xurujini rejalashtirganlikda gumonlanayotgan o‘n nafarga yaqin xorijlikni hibsga olingandi.

Moskvaning Presnenskaya tumanidagi kvartirada qo‘lga olinganlarning uch nafari suriyalik, qolganlari markaziy osiyolik muhojirlar edi.

Aksilterror milliy qo‘mita xodimlari hibsga olinganlar trotil ekvivalentida 5 kilogrammlik bombani mobil telefon yordamida metropoliten, aeroport yoki odamlar gavjum boshqa joylarda portlatishni rejalashtirganini iddao qilgandi.

Mazkur xabardan bir necha kun o‘tib FSB Rossiya poytaxtidagi transportlardan birida terror amalini oshirishda ayblanib qo‘lgan olinganlarning ko‘pi IShIDga emas, balki faoliyati taqiqlangan "Hizb-ut Tahrir" partiyasi a’zolari ekani va ularning asosiy qismi Rossiya fuqarolari ekani to‘g‘risida boshqa xabar tarqatiledi.

Rossiya FSBsi mamlakatning boshqa mintaqalarida olib borilgan maxsus amaliyotlarda asosan musulmon muhojirlar hibsga olinayotgani to‘g‘risida Ozodlik oldin ham xabar bergan.

XS
SM
MD
LG