Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:23

Namanganda IShIDga qo‘shilishga uringan yetti kishi qamaldi


Suriyadagi o‘zbek jangarisi - andijonlik Abu Usmon.
Suriyadagi o‘zbek jangarisi - andijonlik Abu Usmon.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudi “Islomiy davlat” terror guruhi safiga qo‘shilish uchun Suriyaga ketmoqchi bo‘lgan 7 shaxsni besh yildan to‘qqiz yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qildi. Mamayusuf Mahmudov boshchiligidagi ushbu guruh a’zolari Rossiyaga ishlashga borib, Odnoklassniki tarmog‘i orqali ishidchilar bilan aloqa o‘rnatish va jihodga ketishni rejalaganlikda ayblandi.

Odnoklassniki orqali topishgan "ishidchilar"

Namangan viloyat huquq-tartibot idoralaridagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, etti kishilik guruhga boshchilik qilgan Mamayusuf Mahmudov to‘qqiz yilga, guruhning boshqa a’zolari esa besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilingan.

Manba ta’kidicha, ushbu guruh a’zolari Rossiyaga ishlashga borib, u erda Odnoklassniki ijtimoiy tarmog‘i orqali “Islomiy davlat” jangarilari bilan aloqa o‘rnatgan va O‘zbekistonga qaytib kelib, Suriyaga ketishni rejalagan payti hibsga olingan.

Manba bergan ma’lumotlarga ko‘ra, xavfsizlik idoralari mazkur guruh a’zolarining Odnoklassniki orqali muloqotlari va Namangandagi yig‘inlarini muntazam kuzatib turgan.

“Ular to‘rt oy avval Turkiya orqali Suriyaga ketish bo‘yicha yakuniy qarorni bergan payti MXX tomonidan ushlangan”, deydi Namangan viloyat huquq-tartibot idoralaridagi ismini ochiqlamayotganimiz manba.

Namangan viloyat prokuraturasidagi manbaga tayangan “Interfaks” agentligi ma’lumotiga ko‘ra, guruh o‘zini “jihodchilar” deb atagan:

“Tergov davomida bu shaxslarning O‘zbekistonga qaytganda o‘zi bilan ekstremistik ruhdagi materiallarni elektron vositalarda noqonuniy tarzda mamlakat ichkarisiga olib kirishga muvaffaq bo‘lgani va ularda propaganda maqsadida foydalangani aniqlangan. Muntazam yig‘inlarda guruhdagilar ekstremistik va aqidaparastlik g‘oyalarini muhokama qilgan¸ radikallarning jihod qilish haqidagi chaqiriqlarini tinglashgan”¸ deyiladi “Interfaks” xabarida.

Suriyaga ketmoqchi bo‘lgan "ishidchi" o‘quvchi

Bu keyingi to‘rt oy ichida IShID bilan bog‘liq Namangandagi ikkinchi mahkamadir.

Aprel oyida Namangan shahridagi akademik litsey o‘quvchisi ham IShIDga qo‘shilishga urinishda ayblanib, ozodlikdan mahrum qilingan.

Namangan viloyat huquq-tartibot idoralaridagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, ushbu o‘smir ham Odnoklassniki orqali “Islomiy davlat” jangarilari bilan aloqa o‘rnatgan.

“Bu bola litseyda o‘qib yurgan payti jihodga chorlovchi videolarni muntazam tomosha qilib kelgan. U jihodchilar bilan Internet orqali aloqa o‘rnatgan va jihodchilar safiga qabul qilingan. Uni Rossiya yoki Turkiya orqali Suriyaga olib chiqishmoqchi bo‘lgan payti MXX tomonidan hibsga olingan. Sud uning barcha jinoyatlarini aniqlab, tegishli jazosini berdi”, dedi huquq-tartibot idoralaridagi manba.

Qamalgan ishidchilar soni kun sayin ko‘paymoqda

Turli taxminlarga ko‘ra¸ hozirda Suriya va Iroqdagi turli jihodchi guruhlar safida 500 dan 3000 ming nafarga qadar o‘zbekistonlik bor. Ular aksarining Rossiyada turli ijtimoiy tarmoqlar vositasida jihodchilikka ëllangani aytiladi.

Joriy yil boshidan buyon Rossiya va Turkiyada Suriyaga ketmoqchi bo‘lgan o‘nlab o‘zbekistonliklar hibsga olindi. May oyida AQShda IShIDga aloqadorlikda ayblanayotgan oltinchi o‘zbekistonlik qo‘lga olindi

Huquq faollariga ko‘ra¸ so‘nggi 8 oy ichida IShIDga aloqadorlik aybi bilan 200 dan oshiq odam hibsga olingan va ularning qamoqqa olinishiga aynan kompьyuter va mobil telefonidan ekstremistik mazmundagi diniy materiallar topilgani asos bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG