Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:48

Chala buzilgan uyda tomsiz yashagan oqtepaliklar majburan ko‘chirilmoqda


Toshkentning Oqtepa mavzeida 3 ta ko‘pqavatli chala buzilgan uyda yashayotgan 40 ga yaqin oila dushanba kunidan majburan ko‘chirilmoqda. Mavzedan o‘tuvchi yangi kichik halqa yo‘li rejasiga tushgan bu uylarda yashagan oilalar hali uy-joy berilmasdan, tuman hokimi imzolagan kafolat xati bilan ko‘chaga quvildi. Tuman hokimligi buni tasdiqlarkan, uy beriladi, degan va’da bilan cheklandi.

Shahar hokimining qarori

Shayxontohur tumani Oqtepa mavzesidagi ko‘pqavatli 12, 32, 34-uyda yashagan qirqaa yaqin oila Toshkent shahar hokimining 2016 yilning 26-maydagi "Yer maydonlarida obodonlashtirish va buzish ishlarini olib borish haqida"gi 486-qarori asosida ko‘chirilmoqda.

Ozodlikka Oqtepa mavzeidan kelayotgan shikoyatlarda aytilishicha, hokimning qaroriyu, uylarning buzilishi haqida ularga "iyun oyi oxirida xabar berishgan". Muhimi, ularga Shayxontohur tumani hokimining uy ajratilishi haqidagi kafolat xatini ko‘rsatib, "zudlikda ko‘chishni talab qilishgan, hali oilalar ko‘chmasidan turib, 12, 32-uylarni bir chekkasidan buzishni boshlashgan".

Jumladan, 12-uyda yashagan bir oila 26 iyun kuni - hali ko‘chmasidan turib, tomi qo‘porila boshlagan 3 xonali kvartirasi evaziga ikkita uy taklif qilingani va birini tezroq tanlashga majburlashganidan arz qildi:

- Menga ikkita uy ko‘rsatishdi va oxiri boshqa variant yo‘q, deb bittasini menga shoshiltirib, ajratishdi. Lekin, menga u uylar hech to‘g‘ri kelmaydi. O‘sha ajratildi, degan uyiga ham hali order berishmadi, hokimdan kafolat xati chiqqan, xolos. Bugun men ichkarida o‘tiribman, ular uyning qolgan tominiyam ko‘chirishayapti, - dedi ismini oshkor etishni istamagan oqtepalik ayol.

Tuman hokimining kafolati

Ozodlikka nusxasi yo‘llangan kafolat xatlaridan biri 22 iyun kuni imzolangan va unda Shayxontohur tumani hokimi Mira’zam Mirqosimov ko‘chirilayotgan oilaga uy berishni va’da qilgan:

"Oqtepa mavzesi, 12-uy, ...-xonadon buzilishga tushganligi sababli mulkdor ...ning arizasiga asosan ikki jondan iborat oilangizga Yashnobod tumani, ... (bir xonalik) xonadon yashash uchun ajratib berilishiga tuman hokimligi kafolatlaydi".

Ya’ni, oqtepaliklar shikoyatida aytilgani kabi tuman hokimi uyi buzilganlarga uy berishni va’da qilgan, xolos. Ozodlikka bo‘lgan shikoyatlarda kafolat xatida aniq manzili ko‘rsatilgan uylar eskiligi va kichikligi bois ko‘chirilayotganlarga yoqmagani¸ ammo bu norozilik ham inobatga olinmagani aytildi.

Bu shikoyat ortidan Ozodlik muxbirining bevosita Shayhontohur tuman hokimi Mira’zam Mirqosimov bilan bog‘lanish urinishlari natijasiz tugadi. Tuman hokimligining o‘zini Siddiq deb tanishtirgan uy-joy bilan ta’minlash bo‘limi boshlig‘idan ham rasmiy izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

O‘zini tuman hokimi birinchi o‘rinbosarining yordamchisi, deb taqdim qilgan rasmiy ko‘chirilayotgan oilalarga uy ajratilishi haqida kafolat xati berilganini tasdiqladi, ammo uylar ajratilmasdan turib, ularing ko‘chirib yuborilayotganiga oid shikoyatni inkor qildi.

Chirqillagan oilalar

Shu tariqa, shoshilinch tarzda 26 iyundan boshlangan buzilish ishlari ba’zi oilalarning noroziligi bois, o‘tgan hafta to‘xtatib qo‘yilgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

Dushanba kuni olingan xabarga ko‘ra, yakshanba kuni bu oilalarning ba’zilari bilan tuman hokimining shaxsan o‘zi uchrashgan va ularga uy berilishini yana bir karra va’da qilib, uyni bo‘shatib qo‘yishni talab qilgan:

"12-uydagi 12ta oiladan uchtasi iyulni boshida berilgan uylarga ko‘chib ketishgan edi. To‘qqiztasi qolgan edi. Kecha tushdan keyin qolganlari ham ko‘chib ketdi. Ko‘pchiligi qo‘lida bitta kafolat xati bilan qarindosh-urug‘inikiga ketgan. 12-uyda faqat bitta keksa kampir o‘g‘li bilan qoldi, lekin uy buzilayapti hozir. 32, 34-uylarda ham odamlar bitta kafolat xati bilan ko‘chirilayapti, hali chiqib ketmasidan uy ham buzilayapti. Ular ham chirqillab yuribdi bechoralar. Buni tepadagilar bilmaydi, iltimos, yozinglar! Ular xabar topishsin!" dedi voqea guvohlaridan biri.

Shayhontohur hokimi imzolagan kafolat xatida tezkor buzilish ishlari sababi tumanning "Beruniy va Nurafshon ko‘chalari kesishuvidan Matlubot ko‘chasi bo‘ylab, Mannon Uyg‘ur ko‘chasi kesishuvigacha hamda Sheroziy ko‘chasi bo‘ylab, Chilonzor Oqtepa ko‘chasigacha bo‘lgan masofada yangi olti qatorli aylanma yo‘l qurilishi munosabati bilan" izohlangan.

Mustaqillikka sovg‘a

Uyi buzilganlarga bu halqa yo‘lini Mustaqillikning 25 yilligiga bitkazish shartligi aytilgan.

Shu yilning 28 martida Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov poytaxtda avtomobil yo‘llari, ko‘priklar qurilishi, tramvay yo‘llari demontaj qilinishiga oid rejani e’lon qilgan edi.

Oqtepadagi qirqqa yaqin xonadon 28 martda matbuotga ma’lum qilingan, 26 mayda shahar hokimi boshlashga qaror bergan va Mustaqillikning 25 yilligiga prezidentga tuhfa o‘laroq 1 sentyabrga qadar tugatilishi lozim ana shu tezkor reja asosida ko‘chirilmoqda.

Quyida Oqtepa mavzesidan 25 iyulь kuni yo‘llangan suratlarni tomosha qilishingiz mumkin:

XS
SM
MD
LG