Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:49

Salim Abduvaliev o‘z odamlarini Rossiya parlamentiga o‘tkazmoqchi


Artur Taymazov va Salim Abduvaliev. London Olimpiadasida. Taymazov oltin medal yutgan kun. 11.08.2012.
Artur Taymazov va Salim Abduvaliev. London Olimpiadasida. Taymazov oltin medal yutgan kun. 11.08.2012.

O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi 18 sentyabrda o‘tadigan Rossiya Davlat dumasi sayloviga aralashmoqda.

Assotsiatsiya Olimpiya o‘yinlarining uch marta chempioni Artur Taymazov hamda ikki marta chempioni Arsen Fadzaevlarni saylovda qo‘llab-quvvatlashini so‘rab, Shimoliy Osetiya-Alaniya respublikasi rahbari vazifasini bajaruvchi Vyacheslav Bitarovga maxsus ikki xat bilan murojaat qildi.

O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi Salim Abduvaliev imzolagan bu ikki maktub yuzasidan Ozodlikka izoh berishni assotsiatsiya vakili istamadi.

Birinchi xat

2016 yil, 26 iyul kuni yozilgan, Salim Abduvalievdan tashqari uning o‘rinbosari A. Ro‘ziev imzolagan, assotsiatsiyaning rasmiy saytida e’lon qilingan maktubdan Artur Taymazov “Yedinaya Rossiya” partiyasi a’zosi ekanligi, u Davlat dumasiga saylovda deputatlikka nomzod sifatida ishtirok etayotgani anglashiladi.

Maktubda Taymazovning O‘zbekiston va Rossiya sportiga, sport va madaniyat sohasida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikka qo‘shgan hissasi yuqori baholangan.

Xat mualliflari Shimoliy Osetiya-Alaniya respublikasi rahbari Vyacheslav Bitarovdan Davlat dumasiga bo‘ladigan saylovda Artur Taymazovning nomzodini qo‘llab-quvvatlashni so‘ragan. Bunday amal, Salim Abduvaliev va uning muovini fikricha, sport va madaniyat sohasida O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi aloqalarning yanada rivojlanishiga olib keladi.

Salim Abduvaliev imzolagan xat
Salim Abduvaliev imzolagan xat

Xuddi shunday yana bir xat 2016 yilning 19 mayida yozilgani, unda Shimoliy Osetiya-Alaniya respublikasi rahbaridan ikki marta Olimpiya o‘yinlari chempioni Arsen Fadzaevni saylovda qo‘llab-quvvatlash so‘ralgani ma’lum bo‘ldi.

No comment

Ozodlik O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasiga qo‘ng‘iroq qildi. Tashkilot telefonini ko‘tarib, ruscha javob bergan ayol har ikkala xatga doir savolni eshitgach, bir hamkasbi bilan biroz maslahatlashdi va so‘ngra “Xat bo‘yicha hech qanday izoh berolmaymiz”, deb aloqani uzib qo‘ydi.

Natijada Ozodlikning kamida ikki savoli javobsiz qoldi:

Nima uchun O‘zbekistondagi sport tashkiloti mutlaqo boshqa bir davlatda kechayotgan siyosiy tadbirga aralashmoqda?

Nima uchun Taymazov va Fadzaevni qo‘llab-quvvatlash Shimoliy Osetiya-Alaniya xalqi – saylovchilaridan emas, balki respublika rahbaridan so‘ralmoqda?

Salim Abduvaliev va uning Putin Rossiyasi bilan aloqalari

O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi, 66 yashar Salim Abduvaliev (Salimboyvachcha) ba’zi manbalarda “O‘zbekiston Respublikasidagi eng nufuzli tadbirkorlardan biri, AQSh elchixonasining Vakiliks e’lon qilgan yozishmalarida u G‘afur Rahimov bilan bir qatorda O‘zbekistonning kriminal avtoritetlaridan biri”, deb sifatlanadi.

Ozodlik joriy yil fevralida tayyorlagan materialda FSB sobiq polkovnigi Aleksandr Litvinenkoning Londonda o‘ldirilishiga oid hisobot to‘g‘risida yozgan edi.

Britaniya sudi hakami Ser Robert Ouen boshchiligida o‘tkazilgan tergov xulosalariga tayanilgan hisobotda 2006 yilda Litvinenkoning o‘ldirilishi Rossiya prezidenti Vladimir Putinning buyrug‘i bilan amalga oshirilgani ehtimoli to‘g‘risida aytilgan.

Hisobotga Litvinenkoning “Lubyanka jinoiy guruhi” kitobidagi “O‘zbek izi” bobi ham ilova qilingan bo‘lib, unda Litvinenko prezident Putinning o‘zbek o‘g‘riboshilari G‘afur Rahimov va Salim Abduvalievlarga aloqadorligini iddao qilgan.

Salim Abduvalievning Rossiya bilan aloqalari “madaniyat sohasida” ham o‘ta tig‘izdir. U, masalan, bundan ikki yil muqaddam nevarasining Toshkentda o‘tgan nikoh to‘yiga O‘zbekistonda kontsert faoliyati rasman taqiqlangan rus-sovet qo‘shiqchisi Iosif Kobzonni olib kelgan edi.

Artur Taymazov

1979 yilda tug‘ilgan Artur Taymazov Rossiya fuqarosi. U 2004 yili Afina, 2008 yili Pekin, 2012 yilda Londonda o‘tgan yozgi olimpiya o‘yinlarida erkin kurash musobaqalarida oltin medalni qo‘lga kiritgan. Musobaqalarda O‘zbekiston jamoasi safida ishtirok etgan.

Arsen Fadzaev

1962 yilda tug‘ilgan Arsen Fadzaev erkin kurash bo‘yicha ikki marta olimpiya, 6 marta jahon, 4 marta Yevropa chempioni. 1985 yili O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya universitetini tugatgan.

Rossiya Davlat dumasiga saylov shu yilning 18 sentyabrida bo‘lib o‘tadi.

XS
SM
MD
LG