Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:03

Istanbulda yashayotgan o‘zbeklar tekshiruvlar kuchayganidan arz qildi


Davlat to‘ntarishi urinishi ortidan prezident Erdo‘g‘on mamlakatda uch oylik favqulodda holat joriy qildi.
Davlat to‘ntarishi urinishi ortidan prezident Erdo‘g‘on mamlakatda uch oylik favqulodda holat joriy qildi.

Istanbulning Bashaqshehir tumani Qayashehir dahasida istiqomat qiluvchi 28 yashar toshkentlik yigitning Ozodlikka xabar qilishicha, Qayashehirda yashab turgan o‘zbekistonlik oilalardan 10 dan ortig‘ini o‘tgan haftada politsiya ushlab olib ketgan.

Qayashehirdagi “O‘rta Osiyo ta’lim va madaniyat markazi” vakili o‘zbekistonliklar politsiyaga olib ketilganini tasdiqlar ekan, muammo deyarli hal bo‘lgani, hatto Turkiyada nolegal yashayotganlar ham jazosiz qo‘yib yuborilganini bildirdi.

Istanbulda yashayotgan o‘zbek jurnalisti voqeani 16 iyulda muvaffaqiyatsiz tugagan harbiy to‘ntarishga urinishdan so‘ng mamlakatda 3 oy muddatga joriy etilgan favqulodda holat bilan izohladi.

Ismi aytilmasligini so‘ragan 28 yashar toshkentlik yigit avvaliga vahimani katta qildi.

- Qayashehirdagi hamma oilalarni olib ketayapti, dedi yigit o‘zbeklar oilalarini nazarda tutarkan.

Lekin suhbat davomida “hamma oilalar”ni emas, balki 10-15 foizini olib ketganini aytdi.

Qayashehir Istanbulning Yevropa qismida joylashgan Bashaqshehir tumanidagi mavze bo‘lib, suhbatdoshimizning aytishicha, bu yerda 100 dan ortiq o‘zbek oilasi bor.

- Chunki Qayashehirda kvartiralar arzon, shuning uchun o‘zbeklar shu yerda to‘planib qolgan, dedi toshkentlik yigit. Uning aytishicha, "o‘zbeklar, asosan, tijoratda, to‘qimachilik korxonalarida ishlaydi".

Qayashehirdagi “O‘rta Osiyo ta’lim va madaniyat markazi” vakili ba’zi o‘zbeklarni politsiya ushlab olib ketganini tasdiqladi.

- O‘tgan haftaning so‘nggi kunlarida biroz tushunmovchilik bo‘lib o‘tdi. Masalalar deyarli hal bo‘ldi. Qamoq deyishga tilim bormayapti, ichkarida qolgan yana bir-ikki birodarimizni ham bugun qo‘yib yuboradigan bo‘lishgan, dedi suhbatdoshimiz.

Uning aytishicha, politsiya o‘tgan hafta oxirida 6 -7 o‘zbek oilasini olib ketgan.

- Oilalarni to‘laligicha, bolalarniyam qo‘shib olib ketgan.

- Nima uchun boshqalarni emas, aynan o‘sha oilalarni olib ketishdi?

- Hamma gap shunda-da! Bu yerda yashaydigan boshqa millatlar ham ko‘p, lekin aynan o‘zbeklarni olib ketgan. Aytishlaricha, qandaydir so‘roq-savol ham qilishmagan. Ayblov qo‘ymagan. Suratga olishgan. Delo ochishgan. Men qo‘yib yuborilganlar bilan gaplashdim, dedi Qayashehirdagi “O‘rta Osiyo ta’lim va madaniyat markazi” vakili.

Uning aytishicha, Turkiyada istiqomat huquqi yo‘qlar, ya’ni nolegallar ham jazolanmagan.

Shunisi qiziqki, Turkiyada yashayotgan "yabanji"lar – chet elliklar orasida asosan o‘zbeklar tekshirilayotganini Qayashehirdagi voqea to‘g‘risida Ozodlikka xabar qilgan toshkentlik yigit ham aytdi.

Aftidan, yabanji o‘zbeklar ustidan nazorat Istanbuldagina kuchaygan. Har holda Turkiyaning janubi-sharqidagi G‘aziantep shahrida yashab turgan qirg‘izistonlik qochqin o‘zbeklar vakili harbiy to‘ntarishga urinishdan so‘ng favqulodda tekshiruv bo‘lganini sezmaganini aytdi.

Istanbulda yashaydigan o‘zbek jurnalisti Kamoliddin Yo‘ldosh Ozodlik bilan suhbatda Qayashehirdagi voqeada hech qanday favquloddalik ko‘rmasligini bildirdi. Uning aytishicha, bu butun Turkiya bo‘ylab e’lon qilingan favqulodda holat doirasida ko‘rilayotgan profilaktik chora bo‘lishi mumkin, xolos.

Voqea yuzasidan Bashaqshehir politsiyasidan ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Qayashehirda istiqomat qilayotgan o‘zbeklar politsiya bo‘limiga olib ketilgan kunda "O‘zbekturizm" Milliy kompaniyasi Turkiyaga safar qilishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston vatandoshlari hamda Turkiyaga sayyohlar jo‘natish bilan shug‘ullanadigan operatorlaridan bu mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni hisobga olishni so‘radi.

“27 iyul holatiga ko‘ra, Turkiyaning ma’lum bir hududlarida yuqori dapajadagi keskinlik saqlanib qolmoqda va u erlarga sayohat qilish xavfsiz emas”, deyilgan kompaniya matbuot xizmati xabarida.

15 iyul kuni Turkiyada bir guruh harbiylar davlat to‘ntarishi amalga oshirishga uringani ortidan mamlakatda favqulodda holat e’lon qilingan.

XS
SM
MD
LG