Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:45

Nazarboev Gulanga aloqador istalgan shaxsni Turkiyaga topshirishga va’da berdi


Rajab Toyyib Erdo‘g‘on (ch) va Nursulton Nazarboev (o‘) Anqaradagi prezident saroyi oldida, 2016 yil 5 avgusti.
Rajab Toyyib Erdo‘g‘on (ch) va Nursulton Nazarboev (o‘) Anqaradagi prezident saroyi oldida, 2016 yil 5 avgusti.

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboev qozoq-turk litseylarida ishlagan har qanday shaxsni, agar uning Fathulloh Gulan bilan “terrorchilik aloqalari” borligi aniqlansa, Turkiyaga qaytarishga va’da berdi.

Bu bayonotni Nazarboev o‘tgan hafta oxirida Turkiyaga qilgan safari chog‘ida berdi.

1999 yildan buyon AQShda yashaydigan teolog Fathulloh Gulanni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 15 iyul kuni amalga oshmay qolgan davlat to‘ntarishi tashkilotchisi, deb hisoblaydi.

Turkiyadagi harbiy to‘ntarish urinishidan ko‘p o‘tmay Anqara ayrim mamlakatlar hukumatlaridan Fathulloh Gulan bilan bog‘liq o‘quv yurtlarini yopishni talab qila boshlagan.

Bu talabga turli mamlakatlar turlicha javob qaytardilar. Deylik, Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Turkiya boshqa, mustaqil davlatdagi ta’lim masalalariga aralasholmasligini bildirdi.

Qozog‘iston rasmiylari avvalroq mamlakatda bunday o‘quv yurtlari mavjud emasligi, qozoq-turk litseylarining esa quvg‘indagi Gulanga aloqasi yo‘qligi va Ostona tasarrufida ekanini bildirganlar.

Turkiya prezidenti Ostonani Fathulloh Gulan bilan aloqador ko‘rilgan 33 litseyning hammasini tekshirishga chaqirgan. Erdo‘g‘on Turkiya va Qozog‘iston rahbarlari bu o‘quv yurtlarini birgalikda taftish qilishga kelishib olganlarini aytgan.

Prezident Nursulton Nazarboev Ostonada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Qozog‘iston bu litseylarning hammasini tekshiruvdan o‘tkazishi va “terrorchilikka aloqadorligi” oshkor bo‘lgan har qanday shaxsni Turkiyaga topshirishini bildirdi.

- Bular davlat nazorati ostida bo‘lgan maktablardir. Biz Turkiyaga tahdid soladigan hech kimni qo‘llamaymiz. Bu bizning manfaatimizga to‘g‘ri kelmaydi. Biz bu maktablarning hammasini tekshirishga kelishib oldik. Agar ularning [Gulanga] aloqadorligi isbotlansa, o‘qituvchilarni almashtiramiz. Bu maktablar faoliyati haqidagi kelishuvni biz marhum prezident [Turg‘ut] O‘zal davrida imzolaganmiz. Bu maktablarda o‘qish pulli va ta’lim darajasi juda yuqori. U erlarda 9 ming chog‘li odam o‘qiydi. Ammo, agar ular orasida terrorchilikka aloqador biror kimsa bo‘lsa, biz Turkiya talabiga to‘la javob beramiz, - deya iqtibos keltiradi Nazarboev so‘zlaridan Tengrinews.kz agentligi.

Fathulloh Gulan Turkiyada obro‘-e’tibori baland shaxslardan biri bo‘lib hisoblanadi. Gulan Erdo‘g‘on hokimiyat tepasiga kelgan dastlabki yillarda u bilan bir safda bo‘lgan, keyinchalik ularning yo‘li ayrilgan.

O‘tgan hafta Anqara Fathulloh Gulanni qamoqqa olish uchun order berdi, prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on esa Gulanga aloqador butun biznesni “tag-tomiri bilan quritish”ni va’da qildi.

Anqara Vashingtondan Gulanni Turkiyaga topshirishni talab qilib kelayapti. Biroq Vashington Gulanning aybdorligi to‘g‘risida aniq dalillar taqdim qilingandagina uni Anqaraga topshirishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Ayni paytda AQShning Pensilьvaniya shtatida istiqomat qiluvchi Fathulloh Gulan Turkiyadagi davlat to‘ntarishi urinishiga aloqasi borligini mutlaqo rad etib kelmoqda. U o‘z harakati tinchlik, ta’lim, mo‘’tadil islom, demokratiya g‘oyalarini olg‘a surishi va davlat to‘ntarishlari bilan shug‘ullanmasligini iddao qiladi.

15 iyul oqshomida Turkiyada harbiy to‘ntarish urinishi chog‘ida 270 dan ziyod odam nobud bo‘lgan. Muvaffaqiyatsiz bu harakatdan keyin o‘tgan bir necha kun ichida 18 ming chog‘li odam qo‘lga olingan, o‘n minglab davlat xizmatchisi ishdan bo‘shatilgan. Turkiya qurolli kuchlarida ham harbiy qismlarni gulanchilardan tozalash ishlari olib borilmoqda.

XS
SM
MD
LG