Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:23

Peterburgdan Farg‘onaga uchayotgan uchoqning parvoz paytida dvigateli ishlamay qoldi


Yakshanba kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridan Farg‘onaga uchgan “O‘zbekiston havo yo‘llari”ga qarashli Boeing-757−200 uchog‘i parvoz paytida bitta dvigateli ishlamay qolgani tufayli Pulkovo aeroportiga qaytdi. Rasmiylar uchoqdagi 179 yo‘lovchidan birortasi shikastlanmaganini aytmoqda. Aeroport xodimi Ozodlik radiosiga o‘zbek uchog‘i 8 avgust kuni Farg‘onaga uchishini, ammo hozircha parvoz vaqti noaniq bo‘lib qolayotganini ma’lum qildi.

Sankt-Peterburgning Pulkovo aeroporti axborot xizmati xodimining Ozodlik radiosiga bildirishicha, bortida 179 nafar yo‘lovchi bo‘lgan uchoq yakshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 14.58 da havoga ko‘tarilgan, ammo ko‘p o‘tmay uning bitta dvigateli ishlamayotgani ma’lum bo‘lgan.

Yonilg‘isini bitirish uchun Boeing-757 Peterburg aeroporti uzra 7 marta aylanishiga to‘g‘ri kelgan, keyin esa soat 16.32 da Pulkovoga shikastsiz qo‘ngan.

Pulkovo aeroporti axborot xizmati xodimi avariya chog‘ida yo‘lovchilardan hech kim jabrlanmagani to‘g‘risida Rossiya nashrlari tarqatgan xabarni tasdiqladi.

- Farg‘ona reysi uchoq texnik ta’mirdan chiqarilishini nazarda tutgan holda 8 avgustga qoldirilgan edi. Moskva vaqti bilan reys tahminan 9.30da parvoz qilishi rejalashtirilgan. Ammo hozircha bu haqda aniq ma’lumot yo‘q. Balki reys yana bir necha soatga ushlanib qolishi mumkin, -dedi aeroprtning o‘zini Valeriya deb tanishtirgan xodimi.

Bu orada RIA Novosti agentligi “O‘zbekiston havo yo‘llari”dagi o‘z manbasi so‘zlariga tayangan holda, 7 avgust kuni HY636 qatnovi bilan Sankt-Peterburgdan ucholmay qolgan uchoq dushanba kuni ertalab Farg‘onaga uchishi haqida xabar qildi.

“Kichik ta’mirdan keyin uchoq dushanba kuni Moskva vaqti bilan soat 9.30 da Farg‘onaga uchadi, yangi uchoq yuborishga hojat yo‘q”, degan agentlik manbasi texnik nosozlik sababi aniqlangani va Pulkovo aeroporti bazasida bartaraf etilayotganini qo‘shimcha qiladi.

Ayni paytda Ozodlik radiosining “Farg‘ona reysi “O‘zbekiston havo yo‘llari”ning yakshanba kuni texnik nosozlik tufayli Pulkovo aeroportiga qaytgan uchog‘ida amalga oshiriladimi?” degan savoliga Valeriya “Yo‘q”, deb javob berdi.

- Biz hozir bu yo‘nalishga boshqa samolyot berilishini kutayapmiz. Bu nima bilan bog‘liq ekanini bilmayman, balki “O‘zbekiston havo yo‘llari” uchog‘idagi texnik nosozlik hozircha bartaraf etilmagandir, bilmayman, -dedi aeroport xodimi.

Rossiya nashrlarining guvohlarga tayanib xabar berishicha, uchoq havoga ko‘tarilayotgan paytda bortda qattiq ovozlar eshitilgan, ular dvigateldan olov chiqqanini ko‘rganlar.

Peterburg aeroportidagi favqulodda qo‘nish hodisasi bo‘yicha Rossiya tergov idoralari tekshiruv boshlaganlar.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” shirakti rasmiylari Ozodlik radiosining Pulkovo aeroportiga qaytishga majbur bo‘lgan Boeing-757−200 uchog‘i yuzasidan savollariga javob berishdan tiyildilar. Shirkat matbuot xizmatining o‘zini tanishtirishni istamagan xodimi “Hozir bu masala rahbariyat yig‘ilishida muhokama qilinmoqda. Saytimizni kuzatib boring. Agar qandaydir yangilik paydo bo‘lsa uni saytimizda e’lon qilamiz. O‘sha erdan bilib olasiz”, deb gapni qisqa qildi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi Yevropa va AQShda ishlab chiqarilgan 33ta samolyotga ega.

Hozirda shirkat samolyotlari Yevropa, Amerika, Yaqin Sharq va Osiyoning 21ta, shuningdek, MDHning 22ta shahriga parvozlarni amalga oshirmoqda.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi samolyotlari mahalliy yo‘nalish bo‘yicha Respublikaning 11ta shahriga yo‘lovchi tashiydi.

XS
SM
MD
LG