Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:37

Tojikistonlik 6-sinfda o‘qiyotganda soqol qo‘yganlikda ayblanib besh yilga qamaldi


Dushanbe shahar sudi Rog‘unda qo‘lga olingan 18 kishini “Konstitutsiyaviy tuzimni kuch bilan o‘zgartirishga chaqirish”da aybdor deb topib, 3,5 yildan 10 yilgacha qamoq jazosiga hukm qildi.Sudlanuvchilardan biri 6-sinfda o‘qiyotganda saqol qo‘yganlikda ayblangan.

Dushanbe shahar sudida “Konstitutsiyaviy tuzimni kuch bilan o‘zgartirishga chaqirish”da ayblanib sudlanayotgan 18 nafar shaxsga nisbatan mahkama jarayoni 8 avgust kuni yakunlandi.

Sudlanuvchi Rajabmurod Rajabovning akasi Abdullo Rajabov ukasi 5 yilga ozodlikdan mahrum etilganini aytib, sudning qarori adolatsiz ekanini, ukasining aybi sud jarayonida tasdiqlanmaganini bildirdi.

Abdullo Rajabovning aytishicha, sudga oshirilgan jinoyat ishida Rajabmurod 2009 yilda salafiylarga o‘xshab saqol qo‘yganlikda ham ayblangan.

“2009 yilda mening ukam oltinchi sinf o‘quvchisi edi. Bu yerda adolat qani? Hamma biladiki, fiziologik nuqtai nazardan 6-sinf o‘quvchisining saqol qo‘yishi mumkin emas, chunki bu yoshda odamga hali saqol chiqmaydi”, dedi Abdullo Rajabov Ozodlik muxbiriga.

Boshqa sudlanuvchilarning yaqinlari ham jurnalistlarga qarindoshlari nohaq va adolatsiz sudlanganini aytib, arzlanmoqdalar.

Dushanbe shahar sudi hozircha 18 nafar rog‘unlikka nisbatan chiqarilgan hukmni sharhlashdan tiyilmoqda. Shuning uchun ommaviy axborot vositalari faqat sudlanganlarning yaqinlari bergan ma’lumotlar asosidagina xabar tarqatishga majbur bo‘layotir.

Sudlanganlarning barchasi 20 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan yigitlardir. Ular Rog‘un yaqinidagi Qalai Nav qishlog‘i turg‘unlaridir. Barcha sudlanuvchilar joriy yilning mart oyida diniy ekstremistik guruhga mansublikda ayblanib qamoqqa olingan.

Tojikiston hukumati so‘nggi yillarda aholi orasida ekstremistik kayfiyatlarning oldini olish bahonasida dindorlarga nisbtan bir qator bosimlarni ko‘rsatib kelayotgani aytiladi. Jumladan, mamlakatdagi barcha madrasalar yopilib, madrasalar talabalari davlatga qarashli bilim yurtlariga joylashtirilgan.

Shu bilan bir qatorda, Tojikistonda davlat ruxsatisiz diniy ta’lim berish ham qonun taqiqlangan. Noqonuniy ravishda diniy ta’lim bergan shaxslar 5 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

8 avgustda sudlangan rog‘unliklar “konstitutsiyaviy tuzimni o‘zgartirish” harakatida ayblanib sudlanganlarning bir qismini tashkil etadi xolos.

Tojikiston Bosh prokurori Yusuf Rahmonning avgust oyi boshlarida bildirishicha¸ mamlakat mahkamalari hukmi bilan 170 odam Imomali Rahmonni hokimiyatdan ag‘darish maqsadida uyushtirilgan davlat to‘ntarishi urinishiga aloqadorlikda aybdor deb topilgan.

Bosh prokurorga ko‘ra¸ qotillik va jinoiy guruhga a’zolik kabi boshqa jinoyatlarda ham ayblangan bu sudlanuvchilarga bir yildan 30 yilgacha bo‘lgan qamoq jazolari tayinlangan.

XS
SM
MD
LG