Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:40

Tramp: Eronda olimning qatl etilishiga Klintonning elektron maktublari sabab bo‘lgan


AQShda Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzodi ilgari surilgan Donald Tramp raqibi Hillari Klintonning elektron maktublari yadro sohasidagi eronlik olimning Qo‘shma Shtatlarga maxfiy ma’lumot bergani uchun qatl etilishiga turtki bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini iddao qildi.

8 avgust kuni Tramp Twitterda “Ko‘pchilik odam eronliklar AQShga yordam bergan olimni Hillari Klintonning xakerlar oshkor qilgan elektron maktublari sabab o‘ldirishganini aytmoqda”, deb yozdi.

Trampni qo‘llovchi senator Tom Kotton ham 7 avgust kuni qatl etilgan Shahrom Amiriyning qismati bilan Klinton AQSh davlat kotibi lavozimida ishlagan paytida yozgan xatlari o‘rtasida bog‘liqlik bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Kotton CBS telekanali bilan suhbatda Klinton xatlarida “uning yetakchi maslahatchilari bu kishi haqida yozishgan”, dedi. Klinton maktublari o‘tgan yilda tergov qilingan, natijada jamoatchilikka oshkor qilingan edi.

Amiriy Eronning maxfiy yadroviy dasturi tafsilotlaridan xabardor bo‘lgan. Olim 2009 yil AQShga qochib borgan, ammo 2010 yil AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi uni o‘g‘irlab ketganini, uyiga qaytishni istashini aytib, Eronga qaytib borgan. Avvaliga uni Eronda qahramon o‘laroq kutib olishdi. Keyinroq Amiriy odamlar nazaridan uzoqlashdi.

O‘tgan yilda e’lon qilingan maktublarda Klinton yordamchilari Amiriy haqida so‘z yuritishgan. Yetakchi maslahatchi Jeyk Sallivan 2010 yilning 5-iyulida Klintonga qayta yo‘naltirgan xatda Amiriy ishi tilga olingan. Amiriy esa mazkur xat yuborilganidan 10 kun o‘tib Eronga qaytgan.

Davlat departamentining Yevrosiyo energetikasi bo‘yicha sobiq vakili Richard Morningstar yuborgan xatda “Qo‘limizda yuridik emas, balki diplomatik, “psixologik” ish turibdi. Bizning do‘stimiz chiqib ketishiga yo‘l ochib berilishi kerak. Odamimiz baribir hech nima qila olmaydi. Ketishi lozim bo‘lsa, shunday bo‘la qolsin”, deyiladi.

Sallivan 12 iyul kuni yuborgan boshqa bir maktubda Amiriyga shama qilingan. O‘sha kuni eronlik olim Pokiston elchixonasining Eron ishlari bo‘limiga borib, vataniga qaytib borishiga ruxsat berilishini so‘ragan.

“Aftidan, bu kishi jo‘nab ketishi o‘ta uzoq vaqt olganidan ranjigani uchun Eron qiziqishlari bo‘limiga borgan”, deyiladi Sallivan maktubida.

Respublikachilarning ta’kidlashicha, fosh qilingan maktublar Eron hukumati Amiriy AQSh qaramog‘ida bo‘lganini hamda amerikaliklar uni “do‘stimiz” deb bilgani haqida xabardor bo‘lishiga, olim AQSh hukumatiga Eron sirlarini boy bergan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishiga sabab bo‘lgan.

7 avgust kuni Eron rasmiysi Amiriy “davlatning oliy sirlarini dushmanga oshkor qilgani uchun” qatl etilganini bildirdi.

Klinton kampaniyasi hali bu ayblovlarga javob bergani yo‘q. AQSh davlat departamenti matbuot kotibi Elizabet Trudo Amiriy ishi tafsilotlarini muhokama qilishdan bosh tortdi.

Shunday bo‘lsa-da, Trudo Eronda inson huquqlarining poymol qilinishi haqidagi AQSh xavotirlarini takrorladi.

“Biz Erondagi inson huquqlari ahvoli haqidagi xavotirlarimizni turli kanallar orqali muntazam va ommaviy ravishda izhor qilib kelamiz”, dedi kotib.

(Nodir Otaev tarjimasi)

XS
SM
MD
LG