Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:32

“Toza havo” tadbiridan kirakashlar zarar ko‘rmoqda


O‘zbek militsiyasi avtomobilni tekshirmoqda,
O‘zbek militsiyasi avtomobilni tekshirmoqda,

Xususiy kirakashlar va marshrutli taksi haydovchilari O‘zbekistonda 10 avgustdan beri davom etayotgan “Toza havo” reydi bois ishlari falaj bo‘lganidan nolishmoqda. Toshkent va Samarqanddagi haydovchilarning Ozodlikka aytishicha¸ militsionerlar "havoni iflos qilding" degan bahona bilan pul undirishmoqda.

Samarqandlik 38 yashar taksi haydovchisi iddaosiga ko‘ra, militsiya xodimlari undan pora talab qilishgan lekin ayni paytda ma’lum miqdordagi pul evaziga buzuq glushiteli bo‘lgan mashinalarga tegishmayapti:

"Mashinam yangi bo‘lgani uchun men militsiya xodimlari bilan tortishdim. Ular ochiqchasiga ikki variant taklif qilishdi. Havoni buzganing uchun jarima to‘laysan yoki shu jarimani yarmini bizga bersang to‘rt tomoning qibla deyishmoqda. Hatto glushiteldan chiqqan gazni tekshirib ko‘rishmadi ham. Maqsad haydovchini shilish. Ismini aytmaymanu, ammo eski mashina bilan kirakashlik qiladigan hamkasblarim militsiya bilan kelishib eski glushitel bilan bemalol yurishibdi"¸ deya iddao qildi suhbatdosh.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra¸ bu tekshiruvlar avtotransport vositalarining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan “Toza havo” tadbiri doirasida qonuniy tarzda o‘tkazilmoqda:

"Tekshiruvlar qonuniy. Kimdir agar ta’magirlik qilgan bo‘lsa u bilan ichki xavfsizlik xodimlari shug‘ullanadi. Umuman bu tadbir reja asosida bo‘ladi. Tadbirning birinchi bosqichi 10 apreldan 10 maygacha bo‘lgan edi. 10 avgustdan esa ikkinchi bosqich boshlandi. Lekin bu degani avtoinspektorlar bugundan boshlab mashinalarni yoppasiga tekshiradi degani emas. Mana qo‘limda reja turibdi. Shu reja asosida Toshkent shahridagi avtomobillar 10 sentyabrdan 10 oktyabrgacha bo‘lgan muddatdagina tekshiruvdan o‘tkazilishi mumkin. Agar qaysidir xodimimiz bundan oldin tekshirishni boshlagan bo‘lsa, haydovchilar ishonch telefoni orqali bizga shikoyat qilishi mumkin"¸ deydi manba.

Manbaning yana aytishicha, “Toza havo” tadbiri Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi¸ Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bilan hamkorlikda boshlangan.

Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining Samarqand viloyati boshqarmasidagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ viloyatdagi o‘nlab marshrutli taksilar va taksi shirkatlariga oid mashinalar tekshirilganda ulardan chiqadigan gazning zaharlilik normasi yuksak ekani aniqlangan:

"Samarqand O‘zbekistondagi eng musaffo havoli shaharlardan biri. Biz o‘tkazgan tekshiruv asnosida o‘nta avtomobildan 9 tasining glushitelidan chiqargan gazida zahar miqdori normadan ikki barobar ko‘p ekan. Bunday mashinalarning shaharda yurishiga izn berishga haqqimiz yo‘q. Biz bu borada viloyatdagi avtotransport korxonalariga predpisanie ëzib berdik. Marhamat kamchilikni tugatib ishga chiqishlari mumkin"¸ deydi manba.

Manbaning aytishicha, tekshiruv avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari va va texnik xizmat ko‘rsatish stantsiyalarida ham olib borilmoqda.

Samarqandlik yana bir taksi haydovchi Ozodlik bilan suhbatda "tekshiruvchilarning priborlari ishonchsiz" degan iddaoni ilgari surdi:

"Nuqul ko‘p qilib ko‘rsatayapti. Mashinam solyak (yangi demoqchi). Men tekshiruv jarayonini videoga olmoqchi bo‘lsam, telefoningizni bardachokka solib qo‘ying, deb buyurishdi. Agar ular adolatli tekshirmoqchi bo‘lsa nega qo‘rqishadi. Yana bir savol, agar yangi mashinaning glushiteli zaharni tutib qola olmaydigan bo‘lsa bu zavodnigsh aybi emasmi. Bunaqada ko‘chada bitta ham taksi qolmaydiku"¸ deydi haydovchi.

Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining Samarqand viloyati boshqarmasidagi Ozodlik manbasi bu iddaoni unkor qilib, tahlil qilish uskunalari davlat standartlariga mos kelishini ta’kidladi:

"Avtotransport chiqaradigan gazlarning zaharlilik darajasi va tutun holati gazni tahlil qilish uskunalari yordamida tekshiriladi. Priborimiz davlat standartizatsiya idorasi tarafidan tekshirilib qayddan o‘tgan. Hisoblash natijalari bayonnomaga kiritiladi, ko‘rsatkichlar belgilangan talablardan oshib ketgan bo‘lsa, avtotransport vositasi egasiga nisbatan ma’muriy choralar ko‘riladi. Videoga olmaslik haqida esa ichki ko‘rsatma mavjud. Ya’ni haydovchi tekshiruv jaraënini telefoniga yozib olishi yoki videoregistratorni ishlatishi mumkin emas. Norozi bo‘lsa, yozma shikoyat qilsin"¸ deydi manba.

Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra¸ joriy yilning may oyida o‘tkazilgan “Toza havo” reydining birinchi bosqichi davomida 120 mingga yaqin mashina egasi jarimaga tortilgan.

XS
SM
MD
LG