Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:48

Lavrov Rossiya-Germaniya aloqalari yomonlashgani uchun Berlinni aybladi


Sergey Lavrov
Sergey Lavrov

Germaniyalik hamkasbi bilan bo‘lib o‘tadigan uchrashuvdan bir kun avval Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarning yomonlashgani Berlinning aybi ekanligini ta’kidladi.

14 avgust kuni Sverdlovsk viloyati gubernatori bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv paytida Lavrov “Biz Germaniya bilan munosabatlarimizga katta e’tibor berayapmiz, munosabatlarimiz qiyin ahvolga tushib qolgani bizning aybimiz emas”, dedi.

Lavrov va Germaniya tashqi ishlar vaziri Frank-Valter Shtaynmayer viloyat poytaxti Yekaterinburg shahrida energetika masalasiga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etadi. Buning ortidan ikki vazir uchrashib, turli masalalarni, jumladan, Suriya va Ukrainadagi vaziyatni muhokama qiladilar.

Rossiya Qrimni anneksiya qilib¸ Ukraina sharqidagi ayirmachilarni dastaklab kelayotgani ortidan Rossiya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi aloqalar yomonlashgan. Ukraina sharqida 2014 yilning mart oyidan beri davom etayotgan to‘qnashuvlarda 9 500 dan ortiq odam halok bo‘ldi.

Rossiyaning Ukrainadagi harakatlari uchun unga qarshi sanksiya joriy qilinishida Germaniya muhim rol o‘ynab keladi.

O‘tgan hafta Rossiya Ukrainani yarim orolga “sabotajchilarni” yuborishda ayblaganidan keyin Kiev va Moskva o‘rtasidagi munosabatlar yanada taranglashdi. Ukraina esa bu ayblovlarni “xayolot” va yangi harbiy tahdidlar uchun bahona deb atadi.

G‘arb mamlakatlari Rossiya iddaolarini tadiqlovchi dalil ozligini aytishmoqda.

Germaniya 2015 yilning fevralida to‘qnashuvlarga barham berish uchun o‘t ochmaslik bitimi imzolanishida muhim o‘rin tutgan. Ammo hozircha tomonlar bu bitim shartlariga to‘liq amal qilayotgani yo‘q.

Lavrov va Shtaynmayer Suriyadagi vaziyatni ham ko‘rib chiqishadi.

Shtaynmayer 13 avgust kuni Welt am Sonntag nemis gazetasiga bergan intervyusida Halab shahri gumanitar yordamga muhtojligi va insonparvarlik yordami yetkizib berish uchun “havo ko‘prigi” ochish kerak bo‘lishini aytdi.

Germaniya tashqi ishlar vaziri yana Berlin AQSh, Rossiya hamda BMT bilan Halabga tezkorlik bilan yordam berish uchun muzokara olib borayotganini qo‘shimcha qildi.

Rossiyaning kuniga uch soat havo hujumlarini to‘xtatib turishga va’da qilganiga qaramasdan, Suriya shimolida zo‘ravonliklar ozaymayapti.


XS
SM
MD
LG