Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:50

“Toshkent bilan kelishgan Moskva Bishkekdan "yemagan somsaga pul to‘lash"ni talab qilmoqda”


Norin GESi barpo etiladigan joyda Rossiya tomonidan amalga oshirilgan qurilishlar.
Norin GESi barpo etiladigan joyda Rossiya tomonidan amalga oshirilgan qurilishlar.

Qirg‘iziston Rossiya bilan GESlar qurish bo‘yicha hamkorlik shartnomalarini bekor qilgani ortidan Kreml Norin GES kaskadlari qurilishi uchun go‘yoki sarflangan 37 million dollar pulni qaytarishni talab qilmoqda. Qirg‘iziston parlamenti maxsus komissiyasi raisi Almanbet Shikmamatov Kreml Toshkent bilan kelishib olgani ortidan mana shunday vaziyat yuzaga kelganini iddao qildi.

Qirg‘iziston va Rossiya o‘rtasida 2012 yilda imzolangan Norin hamda Qambarota-1 GES kaskadlarini barpo etish shartnomasi shu yilning 9 avgustida o‘z kuchini yo‘qotdi.

2015 yil yakunida jurnalistlar bilan uchrashgan prezident Almazbek Atambaev Qirg‘iziston Rossiyadan boshqa hamkor izlayotgani, bunga Moskva GES qurilishlari yuzasidan bergan va’dalarini bajarmayotgani sabab bo‘lganini aytganidan so‘ng, qirg‘iz parlamenti Moskva bilan imzolangan hamkorlik shartnomasini bekor qilgan edi.

Shartnoma o‘z kuchini yo‘qotishi ortidan Moskva Norin GES kaskadlari qurilishi uchun 37 million dollar sarflanganini iddao qilib, Bishkekdan mazkur pulni qaytarishni talab qilmoqda.

Qirg‘iziston parlamenti maxsus komissiyasi Moskva qurilishga sarflangan pul miqdorini 3-4 barobar oshirib ko‘rsatayotganini, Rossiya Norin GES kaskadi quriladigan joyga asfalt yo‘l yotqizib, ishchilar uchun bir necha uy qurganini va buning uchun 37 millon dollar sarflanmaganini aniqladi. Shundan kelib chiqqan holda Bishkek Moskvaga xalqaro audit o‘tkazishni va mana shu audit xulosasiga qarab, sarflangan pulni qaytarishini aytmoqda.

- Biroq Rossiya “auditning xulosasini kutish sizlarning muammo, bizga sarflagan pulimizni qaytarib beringlar”, deb qattiq bosim ko‘rsatsa “emagan somsamiz uchun pul to‘lash”ga majbur bo‘lamiz. Lekin biz ham Rossiyaga ochiq aytdik: “Sizlar shartnomani bajarmadinglar, sarflagan pullaringizning yarmidan ko‘prog‘ini esa o‘zingiz qaytarib olgansiz”, deb. Rossiya avval bizga tilyog‘lamalik qilib, GESlarni qurib beramiz degan va’dasini berdi, keyinroq esa O‘zbekiston bilan kelishib olib, GESlar qurilishini to‘xtatib qo‘ydi. Buni tarix uchun aloqida qayd etib qo‘yishimiz lozim, - dedi parlament komissiyasi raisi Almanbet Shikmamatov.

Qirg‘izistonda GESlar barpo etish bo‘yicha Bishkek-Moskva shartnomasi avval boshdanoq O‘zbekiston hukumatining keskin qarshiligiga uchragan edi.

Xususan¸ prezident Islom Karimov transchegaraviy daryolar suvini to‘sib¸ Qirg‘izistonning Qambarota¸ Tojikistonning Rog‘un GESi qurish kabi rejasi mintaqada urushga sabab bo‘lishi mumkinligidan bir necha bor ogohlantirgan.

Moskva Norin GES kaskadlari qurilishiga 700 million dollar, Qambarota-1 GESi qurilishiga 2 milliard dollar sarmoya yotqizish majburiyatni olgan edi. Biroq prezident Vladimir Putinning 2014 yilda Toshkentga qilgan safaridan so‘ng Moskva GESlar qurilishini sarmoyalashni to‘xtatib qo‘ydi. Rossiya tomoni GESlar qurilishi masalasida Qirg‘iziston Toshkent bilan kelishib olishi kerakligi to‘g‘risida ham bayonot bergan.

Mazkur jarayonni kuzatib kelayotgan tahlilchi Ernis Karibekov gapiradi:

- 2014 yilning 10 dekabrida Putin Toshkentga rasmiy safar bilan borgan. O‘sha so‘zlashuvlarda Qambarota GESi qurilmaydi, degan qaror qabul qilingan. Bu loyiha iqtisodiy jihatdan Rossiya uchun ham manfaatli emas, bundan tashqari juda qimmat loyiha. O‘zbekiston Qambarota bo‘yicha xalqaro ekspertiza o‘tkazilishini talab qilayapti, Bishkek esa bunga rozi bo‘lmayapti. O‘zbekiston bilan til topishmagunimizcha, Rossiya bu GES qurilishini boshlamaydi. Qambarota qurilishi yana 30-40 yildan so‘ng boshlanishi mumkin, - dedi tahlilchi Ernis Karibekov.

Tahlilchilar 2009 yilda paydo bo‘lgan Qambarota GESini qurish g‘oyasi ortidan O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlari keskin yomonlashganini e’tirof etib keladilar.

Mustaqillikning birinchi yillarida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi tovar ayriboshlash 500 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 140 million dollarga arang yetmoqda.

XS
SM
MD
LG