Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:22

GM Uzbekistanning Moskvadagi vakili O‘zbekistonga chaqirtirilib, so‘roq qilinmoqda


GM Uzbekistan kompaniyasi rasmiysi G‘ayrat Niyozov (chapdan birinchi)
GM Uzbekistan kompaniyasi rasmiysi G‘ayrat Niyozov (chapdan birinchi)

Moskvadagi "Ravon Motors Rus" shirkati direktori¸ GM Uzbekistan shirkatining Rossiyadagi vakili¸ O‘zbekiston iqtisodiyot vazirining sobiq o‘rinbosari G‘ayrat Niyozov o‘tgan hafta Moskvadan Toshkentga chaqirib olindi.

Bir-biridan mustaqil Ozodlik manbalariga ko‘ra, "G‘ayrat Niyozov O‘zbekiston Bosh prokuraturasida GM Uzbekistan bilan bog‘liq moliyaviy qallobliklarni tekshirayotgan tergov guruhi tarafidan so‘roq qilinmoqda".

“G‘ayrat Ravshanovich guvoh sifatida uch kundan beri qatorasiga so‘roq qilinmoqda va u kishidan shaharni tark qilmaslik haqidagi tilxatga qo‘l qo‘ydirilgan”, dedi O‘zbekiston prokuraturasiga yaqin Ozodlik manbasi.

GM Uzbekistanga yaqin Ozodlikning boshqa manbasining iddaosicha, Niyozovdan so‘ralayotgan asosiy savollar GM Uzbekistanning hibsdagi sobiq rahbari Tohirjon Jalilov davridagi bir qator moliyaviy operatsiyalarga oiddir. Prokuraturani Rossiyada go‘yo GM Uzbekistan dilerlik markazlarini tashkil qilish uchun Rossiya banklaridan olingan yuzlab millionlik kreditlarning qanday sarflangani, kreditlar evaziga garovga qo‘yilib, Rossiya banklari tomonidan musodara etilgan 17 ming avtomobilni qaytarish uchun qanday ishlar qilingani qiziqtirmoqda.

GM Uzbekistan va O‘zavtosanoat tizimlari boshqaruvida ishlagan Niyozov joriy yilning aprelida Voronej, Lipetsk va Ijevsk shaharlarida GM Uzbekistan sobiq rahbari Tohirjon Jalilovning moliyaviy qallobliklarda ayblanib, O‘zbekistonda hibs qilingani ortidan Moskvaga yuborilgan edi.

Bir-biridan mustaqil Ozodlik manbalariga ko‘ra, G‘ayrat Niyozovga 500 million dollar hajmdagi zararni "qanday qilib bo‘lsa ham qoplash" vazifasi yuklatilgan edi.

Ozodlik tasdiqlagan ma’lumotlarga ko‘ra¸ G‘ayrat Niyozov Moskvadagi "Ravon Motors Rus" shirkatiga jo‘natilishidan oldin Toshkentda so‘roq qilingan.

Manbalarning iddao qilishicha¸ Niyozovning xotini va farzandlari "O‘zbekistonda garov sifatida olib qolingan".

Ozodlikning boshqa bir manbasi Niyozov oila a’zolari Toshkentdan chiqarilmayotganligini aytgan edi:

"Ular (Niyozovning oila a’zolari) Toshkent-Moskva reysi bo‘yicha uchadigan yo‘lovchilar ichida bo‘lmasligi uchun MXX tarafidan maxsus ko‘rsatma bor", deya iddao qilgan edi u.

Rossiyaga kelgan G‘ayrat Niyozov hozirda hibsda saqlanayotgan Tohirjon Jalilovga oid mulklarni sotib, "zararni qoplash" jarayonini boshlagan.

Hozirda Toshkentdagi MXX tergov izolyatorida qolayotgan Tohirjon Jalilovga Rossiyada yana qator mol-mulk va yirik shirkatlar tegishli ekani aniqlangani aytildi.

Oldinroq Tohirjon Jalilov Moskvada qaydga olingan yirik Uz-Daewoo shirkatining Rossiyadagi dileri - “UZAVTORUS” shirkati, shirkatning Voronejdagi vakolatxonasi - “UZDEUAVTO-VORONEJ”, “KM/Ch” Boshqaruv kompaniyalari egadoshi ham bo‘lgan.

Biroq, Rossiyadagi “SPARK-Interfaks” nashriga ko‘ra, hozirda biznesmen Jalilov qo‘l ostida “Oq-Yo‘l” korxonasi (avtomobil yuk transporti faoliyati), “Translogist” (yuklar transportirovkasi va saqlanishi),“UzDEU Akademiyasi” (ta’lim tizimi), “Uzmasheksport” (transport vositalari savdosi) va Moskvada qaydga olingan “Malika-M” restoranlari va kafelari qolgan.

Ozodlikning "RAVON MOTORS RUS" shirkatiga yaqin manbaning aytishicha¸

Niyozov “Moskvaga kelgach Voronej, Lipetsk va Ijevsk shaharlarida GM Uzbekistan sobiq rahbari Tohirjon Jalilov egalik qilgan tijoriy va xizmat ko‘rsatish shirkatlari hamda ko‘chmas mulklarning sotuvga qo‘yilishini” ta’minlagan.

GM Uzbekistan bilan bog‘liq moliyaviy qallobliklarni tekshirayotgan O‘zbekistondagi tergov guruhining Ozodlikka sizdirgan hujjatlarida keltirilgan zarar miqdori yarim milliard dollar ekani iddao qilinadi.

O‘zbekiston hukumatiga yaqin manbalarga ko‘ra, “Niyozov zararni qoplash ishini keragicha uddalay olmagani bois” Toshkentga chaqirilgan.

Uning yana aytishicha¸ “Niyozovning GM Uzbekistan idoriy tizimida qolishini AQSh-O‘zbekiston qo‘shma korxonasining amerikalik vakillari istamayotir.”

Bu vakillar, manbalarning ishonishicha, GM Uzbekistan qo‘shma korxonasidagi korrupsiyaga oid da’volar AQSh Adliya vazirligi e’tiboriga tushib qolishi ehtimolidan xavotirlanishmoqda.

Moliyaviy bo‘hron qurbonlari ?

Rossiyadagi Ozodlikka hozircha ma’lum bo‘lgan ikkita bankdan "o‘zbek avtomobilarini Rossiya bozorida jozibali qilish" maqsadida olinib¸ boshqa yo‘nalishda sarflangan qarzlarni qaytarish muammosi GM Uzbekistan qo‘shma korxonasining Rossiyadagi vakolatxonasi kun tartibida shu yil boshida paydo bo‘lgani aytiladi.

O‘zbekiston bank tizimlaridagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ Moskvadagi ikki tijoriy bank - Peresvetbank (PERESVET. AO) va Sberbankdan mashinalarni garovga qo‘yib, qarz olinishiga O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar Milliy banki kafil bo‘lgan.

O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan avtomobillar savdosi bilan shug‘ullanuvchi "RAVON MOTORS RUS" vakili kredit evaziga garovda turgan mashinalar hibsga olinganini tasdiqlab¸ bu holat "Rossiyadagi moliyaviy bo‘xron ortidan ko‘pga kelgan to‘y" ekanini aytgan edi.

"RAVON MOTORS RUS" vakiliga ko‘ra¸ G‘ayrat Niyozov va Tohirjon Jalilov - Rossiyadagi moliyaviy bo‘hron bilan bog‘liq vaziyat qurboni.

Ozodlik suhbatlashgan manbalarning barchasi bu O‘zbekiston mashinasozlik sanoatiga katta zarar yetkazdi, degan fikrda yakdil.

GM Uzbekistan ning Rossiyadagi vakillari hamda hukumatga yaqin manba’larning Ozodlikka aytgan iddaolari yuzasidan Ozodlik muxbiri O‘zbekiston Bosh Prokuraturasi matbuot hizmati hamda “O‘zbekavtosanoat” boshqaruvi raisi Ulug‘bek Ro‘ziqulovning o‘zi va uning yordamchilari Rustam Yusupov hamda Qobiljon Azimov bilan bog‘lanishga urindi. Ular Ozodlik bilan muloqot qilmaslikni ma’qul ko‘rishdi.

Maqolada keltirilgan barcha davolar bir - biridan mustaqil bo‘lgan manbalar tomonidan shu jumladan hukumat, O‘zbekiston avtosanoati mulozimlari, dillerlik vakillari, GM tarkibidagi "insayder" lar tomonidan bildirilgan. Ozodlik radiosi ushbu jurnalistik tergovini davom ettirmoqda. Mavzuga oid hujjatlarni Ozodlik radiosiga sizdirmoqchi bo‘lsangiz ozodlikmail@gmail.com ga yozing. AQSh kongresi tomonidan moliyalanadigan va 60 yildan oshiq vaqt mobaynida O‘zbek xalqi uchun xolis axborot yetkazib berayotgan Ozodlik radiosi AQSh konstitutsiyasi asosida o‘z manba’larining shaxsi sir qolishini kafolatlaydi.

XS
SM
MD
LG