Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:19

Toshkentdagi yog‘-moy kombinati ishchilardan paxta terimi uchun pul undirmoqda


"Toshkent yog‘-moy kombinati"
"Toshkent yog‘-moy kombinati"

“Toshkent yog‘-moy kombinati” bir necha ishchisining Ozodlikka shikoyat qilishicha, kombinat rahbariyati barcha xodimlardan paxta yig‘im-terimi uchun 200 ming so‘mdan berishni talab qilmoqda. Ularning iddao qilishlaricha, kombinat rahbariyati aytilgan mablag‘ni bermaganlarni “ishdan majburan haydash” bilan tahdid qilgan. Ammo, “Toshkent yog‘-moy kombinati” aksionerlik jamiyati rahbariyati mazkur iddaolarni inkor etdi. Ushbu kombinat O‘zbekistonda yog‘-moy ishlab chiqarishga ixtisoslashgan eng yirik korxonalardan biri hisoblanadi.

Ismini oshkor etmaslik sharti bilan Ozodlikka gapirgan ishchilardan biri kombinat rahbariyatining talabi “to‘rt oydan beri oylik olmagan” ishchilar e’tirozini uyg‘otganini aytdi.

O‘zi to‘rt oydan beri oyliklarni ololganimiz yo‘q. Kombinat to‘xtab yotibdi. O‘tgan hafta boshliqlar ishchilarni yig‘ib, “paxtaga 200 ming so‘mdan berasanlar, bermaganlaring arizangni yoz,” degan shartni qo‘yishdi,” deydi kombinat ishchilaridan biri.

O‘zini "kombinat direktorining yordamchisi", deya tanishtirgan Oybek Yusupov Ozodlikka mazrur iddaolarni rad etdi.

Ozodlikka bog‘langan shikoyatchilarga ko‘ra, “chigit bo‘lmagani uchun may oxiridan beri kombinat to‘xtab qolgan”.

Oybek Yusupov kombinat ta’mirlash ishlari uchun berkitilganini ma’lum qildi.

"Kombinat har yili uch oyga remontga berkitiladi," dedi u.

Kombinat mulozimiga ko‘ra, hozirda “taftish komissiyasi” kombinat faoliyatini tekshirmoqda.

Maoshlar ham o‘z vaqtida berilyapti,” ilova qildi u.

Ammo Ozodlik takror bog‘langan kombinat ishchisi mulozimni yolg‘on gapirayotganlikda aybladi:

"Yolg‘on gapirayapti. 4 oydan beri oylik ologanimiz yo‘q. May oyida fevral uchun maosh olganmiz. Kattalar kombinat hisobida pul yo‘qligini aytishmoqda".

Ozodlik suhbatlashgan kombinat ishchilaridan yana biri hozir “bor yo‘g‘i 60-70 nafar ta’mirlovchi” kombinatni yangi mavsumga tayyorlayotganini aytdi.

Kombinat rahbariyatiga yaqin Ozodlik manbalaridan biri esa “10 iyundan buyon Milliy xavfsizlik xizmati, prokuratura, soliq va sanepidstansiya” xodimlari ishlab chiqarish tsexlarini muhrlab qo‘yib, korxona faoliyatini tekshirayotganini bildirdi.

“Toshkent yog‘-moy kombinati” O‘zbekistonda mavjud 17 ta yog‘ ishlab chiqarish korxonalari orasida o‘zining yirikligi bilan ajralib turadi.

Ushbu korxona bir mingga yaqin odamni ish bilan ta’minlaydi.

O‘zbekistonda har yili yoz va kuz mavsumlarida byudjet va yirik ishlab chiqarish korxonalari xodimlaridan paxta terimi mavsumlarida majburan pul yig‘ib olish keng tarqalgan.

Dala ishlariga vatandoshlarni safarbar etish an’anaga aylangan.

Ayniqsa, fermerlar zimmasiga yuklangan bug‘doy va paxta hosilini yig‘ib olish kampaniyalari paytida majburiy mehnat ommaviy tus oladi.

Byudjet tashkilotlari ishchilarining bug‘doyni o‘tdan tozalash, paxta chopig‘i va terimi kabi dala ishlariga majburan safarbar etilishini xalqaro tashkilotlar muntazam tanqid qilib keladi.

XS
SM
MD
LG