Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:03

O‘zbekiston bahsli hududga kiritilgan desantni olib chiqib ketishdan bosh tortmoqda


Ungartepa hududi.
Ungartepa hududi.

O‘zbekiston 22 avgust kuni Qirg‘iziston bilan bahsli bo‘lib turgan Ungartepa hududiga kiritilgan 7 kishidan iborat militsiya desantini olib chiqib ketishdan bosh tortmoqda. Bungacha qirg‘iz rasmiylari Toshkent tomonidan qo‘yilgan talablardan birini bajarib, 13 avgustda qo‘lga olingan o‘zbek militsionerini vataniga qaytargan edi.Toshkent bundan tashqari Kosonsoy suv ombori hududidagi qirg‘iz postlari olib tashlanishini talab qilmoqda.

Qirg‘iziston Chegara xizmatidan 24 avgust kuni olingan ma’lumotga qaraganda, Toshkent ikki davlat o‘rtasida bahsli bo‘lib turgan Unkurtog‘-Ungartepa hududidan o‘z militsionerlarini olib chiqib ketishdan bosh tortmoqda.

Ma’lumotda aytilishicha, Toshkent Kosonsoy suv ombori hududidan Qirg‘izistonga qarashli postlar olib tashlanishini talab qilishda davom etayotir.

O‘zbekistonda Ungartepa, Qirg‘izistonda Unkurtog‘ deb ataluvchi mazkur hududga 22 avgust kuni ikkita vertolyotda 7 kishidan iborat o‘zbek militsionerlari desanti tashlangan edi.

O‘zbekiston Qirg‘izistonning bahsli hududdan militsionerlarni olib chiqib ketish talabiga javoban 13 avgust kuni Kosonsoy suv omborida qo‘lga olingan o‘zbekistonlik militsionerning ozod qilinishini talab qilgan. 22 avgust kuni bu talab bajarilgan va o‘zbek militsioneri vataniga qaytarilgandi. O‘zbekiston shundan so‘ng Kosonsoy suv ombori hududidan qirg‘iz postlari olib tashlanishini ham talab qila boshladi.

Bu borada 22 avgust kuni kechqurun O‘zbekiston chegara qo‘shinlari qo‘mondoni Rustam Eminjonov va Qirg‘iziston Chegara xizmati raisi Abdikarim Alimbaevlar telefon orqali muzokaralar o‘tkazgan. Har ikki tomon vaziyat keskinlashmasidan turib ijobiy tomonga hal qilinishi lozimligini ta’kidlagan bo‘lsa-da, muammo hal qilinishi uchun qadamlar tashlangan emas.

Bu orada qirg‘iz matbuoti Ungartepadagi radiorele stantsiyalarida ishlovchi qirg‘izistonliklar bilan bir kundan beri aloqa uzilib qolgani, ularning ahvoli to‘g‘risida hech qanday ma’lumot berilmayotgani to‘g‘risida xabar tarqatdi. Ayrim xabarlarda esa Ungartepadagi radiostantsiyada ishlovchi qirg‘izistonliklardan biri bedarak yo‘qolgani to‘g‘risida aytilmoqda.

Buning ortidan Qirg‘izistonning Axsi tumanida norozilik mitinglari davom etmoqda. Mitingga yig‘ilganlar O‘zbekistondan o‘z militsiya xodimlarini Ungartepadan olib chiqib ketishni talab qilayotir.

24 avgust kuni Qirg‘iziston Qurolli kuchlari bosh shtabi o‘zbek-qirg‘iz chegarasining Jalolobod viloyatidan o‘tuvchi qismini kuchaytirlgan tarzda nazorat qilish to‘g‘risida ko‘rsatama berdi.

Qirg‘iziston Chegara xizmati raisi Abdikarim Alimbaev ko‘rsatma asosida chegarada harbiylar soni ko‘paytirilganini, jumladan, o‘zbek militsionerlari kiritilgan Ungartepa hududiga qo‘shimcha kuchlar tashlanganini ma’lum qildi.

Ayni paytda “Vecherniy Bishkek” gazetasi chorshanba kuni tahririyat qirg‘iz rasmiylari bahsli, deb atayotgan hudud bundan 10 yil oldin O‘zbekistonga tegishli ekani tan olingani to‘g‘risidagi hujjatlarni qo‘lga kiritganini bildirdi.

Xabarda aytilishicha, 2006 yilning 23 sentyabrida Bishkek tashabbusi bilan Toshkentda o‘zbek-qirg‘iz chegarasini aniqlash bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. O‘sha yig‘ilishda qirg‘iz delegatsiyasi Ungartepa O‘zbekiston hududi ekani to‘g‘risidagi 20-sonli protokolni imzolagan.

Qirg‘iziston hukumati hozircha bu xabarga munosabat bildirgani yo‘q.

Joriy yilda O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan bahsli ekani aytib kelinadigan hududga ikkinchi marta dahl qilmoqda.

Shu yil 18 martida O‘zbekiston Chalasart deb ataluvchi bahsli hududga harbiy texnika va askar kiritgani ortidan ikki davlat o‘rtasida munosabat keskinlashib ketgandi. Bunga javoban Qirg‘iziston ham mazkur hududga teng miqdorda harbiy texnika va askar kiritgan.

Vaziyat 26 mart kuni Chalasartdan o‘zbek askarlari va harbiy texnikasi olib chiqib ketilganidan so‘ng yumshagan.

XS
SM
MD
LG