Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:07

Olimpiadadagi ehtiroslar sportchilarning vatanlariga ko‘chdi


Rio 2016 Olimpiyadaning eng kuchli ehtirosi hakamlar qaroridan norozilik sifatida Mongoliya murabbiysining ringda yechinishi bo‘ldi
Rio 2016 Olimpiyadaning eng kuchli ehtirosi hakamlar qaroridan norozilik sifatida Mongoliya murabbiysining ringda yechinishi bo‘ldi

Rio-de-Janeyroda o‘tkazilgan XXXI Yozgi Olimpiada yakuniga yetib, Olimpiya O‘yinlari ehtiroslari sportchilar bilan birga ularning vatanlariga keldi.

Olimpiya ehtiroslari, ayniqsa, postsovet mamlakatlarida favqulodda yorqin ekanligi kuzatilmoqda: bir mamlakatda sportchilar yutug‘i millat yutug‘i sifatida nishonlanayotgan bo‘lsa, boshqasida sportchilar mag‘lubiyati millat mag‘lubiyati sifatida baholanib, sport rasmiylari tanbeh olishga ulgurdi.

Turkmanistonda Sport qo‘mitasi boshlig‘i tanbeh eshitdi

Prezident Qurbonquli Berdimuhammedov turkmanistonlik sportchilar Olimpiadadan medalsiz qaytgani uchun mamlakat sport vazirini jamoatchilik oldida tanqid qildi va unga jiddiy hayfsan berdi.

Ashxoboddagi Olimpiya shaharchasida qurilgan Sport mehmonxonasi
Ashxoboddagi Olimpiya shaharchasida qurilgan Sport mehmonxonasi

– Shuncha sharoitlar, shuncha sport inshootlari bo‘la turib, sen davlatimiz bergan ishonchni oqlamading, - deb tanbeh berdi Berdimuhammedov Turkmaniston sport qo‘mitasi boshlig‘i Kakabay Seidovga.

Shuncha sharoitlar, shuncha sport inshootlari bo‘la turib, sen davlatimiz bergan ishonchni oqlamading

​Riodagi Yozgi Olimpiadada turkmanistonlik to‘qqiz sportchi qatnashdi va ularning hammasi kvalifikatsiya bosqichidan o‘tolmadi.

Bundan tashqari Turkmaniston hali shu paytgacha biron Olimpiadada medal olgan emas.

Turkmaniston hukumati dunyo andozalari darajasidagi sport inshootlari qurilishi uchun milliardlab dollar sarflagan.

Qozog‘iston. Kuzatib qo‘ygan prezident hali kutib olmadi

Sportchilar uchun zarur barcha sharoitlar yaratib qo‘yilganini Qozog‘iston prezidenti Olimpiada oldidan sportchilar bilan uchrasharkan, aytgan edi.

Dzyudo bo‘yicha Qozog‘iston terma jamoasi vakillari Rioda
Dzyudo bo‘yicha Qozog‘iston terma jamoasi vakillari Rioda

Qozog‘istonlik olimpiyachilar Riodan 3 ta oltin, 5 ta kumush va 9 ta bronza – jami 17 ta medal bilan qaytdi va hozircha, Nursulton Nazarboevning bu natijaga munosabati ma’lum emas.

Braziliyadan qaytayotgan sportchilar ular yashaydigan shaharlar: Astana, Chimkent, Taldiqo‘rg‘on va Qustanayda tantana bilan kutib olingani xabar qilindi.

Xalqaro musobaqalarda Qozog‘iston nomidan ishtirok etishini ta’minlash uchun chet ellik sportchilarga fuqarolik berayotgani uchun Qozog‘iston hukumati keyingi yillarda ko‘p aytilmoqda.

Ma’lumotlarga qaraganda, Rioda asli ozarbayjonlik, xitoylik, turkiyalik va mo‘g‘ulistonlik sportchilar Qozog‘iston nomidan ishtirok etgan. Masalan, taekvondochi Jansel Deniz turkiyalik qozoq bo‘lib, shu paytgacha 8 marta Turkiya chempioni bo‘lgan.

Aslida, Qozog‘iston hukumati yuqori natijalar sportini (Olimpiadalar, deb o‘qing) rivojlantirish uchun 2015 yili 14 219 488 ming tanga ajratgan (taqriban $41 mln.) Bu pul umuman sport va jismoniy tarbiya uchun ajratilgan 31 900 033 ming tanganing qariyb yarmidir.

O‘zbekiston. Hamma aeroportga!

Olimpiyachilarni kutib olishni Toshkent “qotirdi”, demoqda shu kunda ko‘pchilik. Riodan 4 ta oltin, 2 ta kumush va 7 ta bronza bilan qaytayotgan sportchilarni kutib olish hukumat tomonidan uyushtirildi.

O‘zbekiston ooimpiyachilari Toshkent aeroportida
O‘zbekiston ooimpiyachilari Toshkent aeroportida

G‘alabadan ruhlangan sport muxlislari o‘z ixtiyori bilan sportchilarni kutib olishga tayyor ekanligiga qaramay, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 22 avgust kuni Toshkent shahrida joylashgan oliy o‘quv yurtlari rektorlariga sportchilarni kutib olishga talabalarni jalb etishni buyurdi.

Natijada bu voqeaga mutlaqo qiziqmaganlar ham kutishga chiqishga majbur bo‘ldiki, bu “olamshumul voqea” mana bunday shikoyatlarni paydo qildi:

Biz yo‘l chetida soat 6.30dan 11gacha turdik. Yunusobod¸ Sergelidan kelgan qizlar bor edi. 11dan keyin esa na Yunusobodga¸ na Sergeliga avtobus bor. Na ovqat¸ na suv¸ na transport berishdi

"Bizga telefon qilishdi va paradniy formada kelinglar deyishdi. Hech kim hech narsa haqida ogohlantirmadi. Soat 6da bizni yig‘ishdi va olimpia chempionlarini kutib olamiz deyishdi. Soat 8da uchib kelishadi va soat 8.30da o‘tishadi¸ shu bilan uyga ketasizlar¸ deyishdi. Biz yo‘l chetida soat 6.30dan 11gacha turdik. Yunusobod¸ Sergelidan kelgan qizlar bor edi. 11dan keyin esa na Yunusobodga¸ na Sergeliga avtobus bor. Na ovqat¸ na suv¸ na transport berishdi”, deb yozdi Ozodlikka sportchilarni kutishga majburlanganlardan biri.

Sportchilarni kutib olishga shaxsan Bosh vazir Shavkat Mirziyoevning o‘zi chiqdi. Bir kun o‘tib ular prezident Karimov qabulida bo‘ldi. Umumiy hisobda ularga bir yarim million dollar mukofot beriladigan bo‘ldi.

Tojikiston va Qirg‘iziston. Parvozdagi sportchilar

Ushbu satrlar yozilayotgan daqiqalarda tojikistonlik va qirg‘izistonlik sportchilar hali vataniga etib kelgani yo‘q edi.

Tojikistonlik Olimpiya chempioni Dilshod Nazarov (chapda)
Tojikistonlik Olimpiya chempioni Dilshod Nazarov (chapda)

Tojikistonlik olimpiyachilarga oliy darajadagi e’tibor prezident Imomali Rahmonning 20 avgust kuni oltin medalni qo‘lga kiritgan tosh otuvchi Dilshod Nazarovni telefon orqali tabriklaganida ko‘rindi.

Dilshod Nazarov Olimpiadada medal olgan yagona sportchidir.

Shu soatlarda Qirg‘iziston sport delegatsiyasining Bishkekka uchib kelishi kutilmoqda. Xabarlarga qaraganda, delegatsiya Qirg‘izistonga yetib keliboq, matbuot anjumani uyushtirmoqchi va unda doping masalasi, Olimpiya O‘yinlari hakamlarining xolislik qilmagani va shu kabi boshqa masalalarni tilga olmoqchi.

Qirg‘izistonlik og‘ir atletikachi Izzat Artikov
Qirg‘izistonlik og‘ir atletikachi Izzat Artikov

Gap shundaki, 10 avgust kuni qirg‘izistonlik og‘ir atletikachi Izzat Artikov bronza medali bilan mukofotlangan edi. Biroq oradan bir necha kun o‘tgach, "qon analizlaridan doping topilgani uchun" qirg‘izistonlik olimpiyachilar orasidagi yagona medal sohibi mukofotdan mahrum qilingan. Medaldan mahrum qilingan sportchi jurnalistlarga hech qachon doping iste’mol qilmaganini aytgan.

Rossiyaning doping janjali

Rossiya-sport-olimpiada-doping so‘zlari birgalikda u yoki bu shaklda keyingi oylarda juda ko‘p ishlatildi.

7 avgust kuni Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi Rossiyaning terma jamoasini Rio-de-Janeyroda 7 sentyabrda boshlanadigan Paralimpiya O‘yinlaridan chetlatish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Mazkur qaror mustaqil ekspert Richard Maklarenning hisobotiga binoan qabul qilindiki, unda doping qo‘llash Rossiyada davlat darajasida rag‘batlantiriladi, deyilgan. Rossiyaning Paralimpiya qo‘mitasi qaror ustidan Sport arbitraj sudiga shikoyat qilgan edi. Biroq 23 avgust kuni Rossiyaning shikoyati qondirilmadi.

Rossiya terma jamoasining yakuniga etgan Olimpiadada ishtiroki ham uzoq vaqt savol ostida turgani ko‘pchilikka ma’lum.

Rossiya hukumati va sporti rasmiylari doping bilan bog‘liq mojaroni Qrimning anneksiya qilinishi va umuman Kremlning Ukrainaga nisbatan siyosatiga G‘arbning reaksiyasi sifatida baholab keladi.

Olimpiada va pul

Rossiya rasmiylari doping yordamida sportchilarining yuqori natijalarga erishishini kutayotgan bir paytda, aynan shu va boshqa postsovet mamlakatlarida yana bir “doping”dan ham foydalanmoqchi bo‘layaptilarki, u ham bo‘lsa, Olimpiadaga boradigan sportchilarga mukofot puli va’dasidir.

Xususan, Rossiya hukumati Rioda oltin medal oladigan sportchiga 4 mln. rubl mukofot va’da qilgan.

O‘zbekiston prezidenti 23 avgust kuni Olimpiada o‘yinlarida g‘alaba bilan qaytgan sportchilarni mukofotlash to‘g‘risida farmoyish berdi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi rasmiy saytida e’lon qilingan farmoyish matniga ko‘ra, Olimpiadada oltin medalga sazovor bo‘lgan 4 sportchining har biriga 200 ming AQSh dollari, kumush medal olgan sportchilarga 100 ming, bronza medal olgan sportchilarga 75 ming dollar miqdorida mukofot puli beriladi va soliq olinmaydi.

O‘zbekistonlik sportchilar Olimpiadadan 4 ta oltin, 2 ta kumush va 7 ta bronza medali bilan qaytdi. Demak, ularga hammasi bo‘lib1 525 000 AQSh dollari to‘lanadi.

Qiyoslash uchun: O‘zbekistonda maktab o‘qituvchisining oylik maoshi qora bozor kursida AQSh dollariga almashtirilganda 150 dollar atrofida bo‘lishidan kelib chiqilsa, oltin medal sohibiga beriladigan mukofot puliga teng pulni maosh qilib olishi uchun bir o‘qituvchi 100 yil atrofida ishlashi lozim.

Prezident farmoyishda mukofot pullari to‘lash mas’uliyati Moliya vazirligiga yuklatilgan, lekin pul qaysi manbadan olinishi aytilmagan.

Ayni paytda G‘arbdagi rivojlangan davlatlar sportchilarni pul bilan rag‘batlantirishga postsovet davlatlariday e’tibor bermaydi. Masalan, AQShda Olimpiadaning oltin medalini olgan sportchiga 25 ming dollarli mukofot beriladi, xolos. 1980 yilda belgilangan bu miqdor hanuzgacha o‘zgarishsiz qolmoqda.

Shaklan milliy, mazmunan sovetcha sport siyosati

“Olimpiya o‘yinlaridagi g‘alaba bizlar uchun yo hayot - yo mamot, yo najot - yo halokat, yo saodat - yo falokat masalasidir”.

Xuddi shunday jaranglagan bo‘lar edi postsovet davlatlari rahbarlari tilida XIX asr oxiri XX asr boshlarida yashab o‘tgan o‘zbek ma’rifatparvar adibi, davlat va jamoat arbobi Abdulla Avloniyning tarbiya to‘g‘risidagi o‘giti.

Ozodlik suhbatlashgan ekspertlar fikricha, olimpiadalardagi g‘alabalar Sovet rahbariyati uchun “chirib borayotgan” G‘arb bilan mafkuraviy kurashda yorqin qurollardan biri edi va bu quroldan endilikda postsovet mamlakatlari rahbarlari o‘zlarining effektivligiga dalil o‘laroq foydalanishga urinmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, postsovet mamlakatlari rahbarlarining yuqori natijalar sporti sohasidagi siyosati milliy shakl kasb etdiyu, lekin mazmuni sovetcha qolib ketmoqda.

Olimpiyada mavsumida kundalik hayotida sport bilan qiziqmaydigan millionlab odamlar beehtiyor o‘z sportchilarining faol muxlislariga va o‘z yurtlarining patriotlariga aylanadi. Sportning haqiqiy muxlislari har bir g‘alabani konkret sportchining shaxsiy yutug‘i deb biladi. Rivojlangan G‘arb davlatlarida ham alohida siyosatchilarning Olimpiyada ehtiroslaridan o‘z piari maqsadida foydalanishga urinishi kuzatiladi biroq odamlarining bu sport musobaqasiga yondoshuvi postsovet davlatlarnikidan keskin farq qiladi.

XS
SM
MD
LG