Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:50

Ungartepa janjali: Namangan militsiyasi 4 qirg‘izistonlikni hibsga oldi


Prezident Atambaev Ungartepa masalasida prezident ma’muriyati tashqi siyosat bo‘limi rahbari Sapar Isaqov(o‘ngda) va tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildaev (chapda) bilan yig‘ilish o‘tkazdi.
Prezident Atambaev Ungartepa masalasida prezident ma’muriyati tashqi siyosat bo‘limi rahbari Sapar Isaqov(o‘ngda) va tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildaev (chapda) bilan yig‘ilish o‘tkazdi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida 13 avgustda Kosonsoy suv omborida boshlanib, 22 avgustdan beri Ungartepa hududida davom etayotgan janjal yangi bosqichga ko‘tarildi. Bishkek ikki davlat o‘rtasida bahsli bo‘lib turgan hudud deb hisoblaydigan Ungartepa hududiga tashlangan o‘zbek militsiyasi desanti 4 nafar qirg‘izistonlikni qamoqqa oldi. Prezident Atambaev Ungartepa O‘zbekistonniki ekani tan olingan hujjat topilishi munosabati bilan taftish o‘tkazishga ko‘rsatma berdi.

O‘zbek militsionerlari Ungartepada maxsus amaliyot o‘tkazdi

Qirg‘iziston chegara xizmatining ma’lum qilishicha, Ungartepadagi radiorele stantsiyasi ishchilaridan 4 nafari Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tuman Ichki ishlar bo‘limi tergov izolyatorida saqlanmoqda. O‘zbekiston tomoni mazkur shaxslar Ungartepada o‘tkazilgan maxsus amaliyot paytida qo‘lga olinganini aytgan. Qo‘lga olingan Qirg‘iziston vatandoshlariga nisbatan jinoyat ishi ochilib, tergov olib borilmoqda.

O‘zbekiston tomoni maxsus amaliyot tafsilotlarini ochiqlamagan.

Qirg‘iziston rasmiylari Ungartepadagi radiorele stantsiyasi ishchilari noqonuniy va hech qanday asoslarsiz qo‘lga olingan, deb hisoblamoqda.

“Hozirgi kunda viloyat miqyosidagi rahbarlar o‘rtasida muzokaralar olib borilmoqda. Qirg‘iziston noqonuniy qo‘lga olingan qirg‘izistonliklarning qaytarib berilishini talab qilayotir”, dedi Chegara xizmati rasmiysi Sajira Cho‘qo‘lo‘eva.

Radiorele stansiyasi rahbarlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ishchilarga pasport rejimini buzish hamda chegarani noqonuniy kesib o‘tish ayblovi bildirilmoqda. Stansiya rahbariyati bu ayblovlar bilan ishchilar 10 yilgacha qamalib ketishidan xavotirda.

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, o‘zbek militsionerlari stansiyani nazorat qilmoqda va u yerga hech kimni kiritmayapti. Radiorele stantsiyasi mutaxasislar nazoratisiz avtomatik rejimda ishlab turibdi.

Atambaev Ungartepaga oid hujjatlarni taftish qilishga ko‘rsatma berdi

Ayni paytda Qirg‘izistonda Ungartepa O‘zbekiston hududi ekani tan olingan hujjat mavjudligi oshkor bo‘ldi. Qirg‘iz matbuotida paydo bo‘lgan xabarlarda aytilishicha, 2006 yilning 23 sentyabrida Bishkek tashabbusi bilan Toshkentda o‘zbek-qirg‘iz chegarasini aniqlash bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. O‘sha yig‘ilishda qirg‘iz delegatsiyasi Ungartepa O‘zbekiston hududi ekani to‘g‘risidagi 20-sonli protokolni imzolagan.

Mazkur xabar paydo bo‘lishi ortidan prezident Almazbek Atambaev prezident ma’muriyati tashqi siyosat bo‘limi rahbari Sapar Isaqov va tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildaev bilan shoshilinch yig‘ilish o‘tkazdi.

- Almazbek Atambaev Qirg‘izistonniki deb hisoblanib kelingan yerlar avvalgi prezidentlar tomonidan qo‘shni davlatlarniki, deb tan olingani yuzasidan hujjatlar vaqti-vaqti bilan oshkor bo‘layotganini ta’kidladi. Bu erlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni amaldorlar yashirib kelgani uchun prezident bundan bexabar bo‘lgan. Prezident bu kabi hujjatlar xalqqa oshkor etilishi lozimligini alohida ta’kidladi, dedi prezident ma’muriyati axborot siyosati bo‘limi boshlig‘i Almaz Usenov.

Unga ko‘ra, Atambaev bu kabi hujjatlarni taftish qilish to‘g‘risida ko‘rsatma bergan.

Qirg‘iziston parlamentining Xalqaro aloqalar qo‘mitasi raisi Almazbek Baatirbekov Qirg‘izistonda Unkurtog‘, O‘zbekistonda Ungartepa deb ataluvchi hudud haqiqatan ham O‘zbekiston yeri ekani tan olingan hujjat mavjudligini ma’lum qildi.

​- Ishchi guruhlari, vazirlar uchrashuvlarida imzolangan protokollarda Unkurtog‘ningO‘zbekistonga tegishli ekani tan olingani bo‘yicha faktlar bor. Biroq xalqaro me’yorlar asosida bu protokollar ratifikatsiya qilinishi lozim edi. Lekin ular ratifikatsiya qilinmagan. Biz bu protokollar Qirg‘iziston manfaatlariga zid ravishda imzolangan degan gumondamiz, -dedi Almazbek Baatirbekov.

Biroq 2006 yilda Tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlagan Alikbek Jekshenkulov bu iddaolarni inkor qildi va Ungartepa O‘zbekistonniki ekani tan olingani to‘g‘risidagi gaplarni asosiz deb bildirdi.

Janjal tarixi

O‘zbekiston-Qirg‘iziston o‘rtasidagi bu janjal 13 avgustda o‘zbek militsioneri qo‘lga olinganidan so‘ng boshlandi. Bishkek rasmiylari o‘zbekistonlik militsioner Kosonsoy suv ombori hududida qirg‘iz chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan paytda qo‘lga olinganini bildirgan. O‘zbekiston matbuotiga sizdirilgan ma’lumotlarda esa, qirg‘iz militsionerlari Kosonsoy suv ombori hududiga bostirib kirib, o‘zbekistonlik militsionerni o‘zlari bilan majburiy ravishda olib ketgani aytiladi.

Mana shu voqea ortidan 22 avgust kuni O‘zbekiston Qirg‘izistonining radoirele stansiyalari joylashtirilgan Ungartepa hududiga ikkita vertolyotda 7 kishilik militsiya desantini tashlagan. Bugungi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zbek militsionerlari radiorele stansiyasi ishchilaridan 4 nafarini qo‘lga olib, ularni vertolyotlardan biriga chiqarib, O‘zbekistonga jo‘natgan.

O‘zbekiston shundan so‘ng qirg‘iz tomoniga qo‘lga olingan o‘zbek militsionerini bo‘shatishni hamda Kosonsoy suv ombori hududidagi Qirg‘izistonga qarashli postlarning olib tashlanishini talab qilgan. 23 avgust kuni o‘zbek militsioneri Olabuqa tuman sudi tomonidan chegarani noqonuniy bosib o‘tganlikda aybdor deb topilib, 294 dollar jarimaga tortilgan hamda O‘zbekistonga deportatsiya qilingan edi.

Rasmiy Bishkek Toshkentdan Ungartepa hududidan militsionerlarni olib chiqib ketishni talab qilmoqda. Biroq O‘zbekiston bu talabni bajarishga shoshilmayotir.

XS
SM
MD
LG