Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:58

Deputat: Zo‘ravonlik va pornografiyaga oid filmlarni qonun bilan taqiqlash lozim


O‘zbekistonda “yoshlar” va “yosh oila” tushunchalariga aniqlik kiritildi. Parlament deputati ma’naviyatga tahdid soluvchi kinomahsulotlarni taqiqlash lozimligini aytdi. Advokatlarga soliq va kommunal to‘lovlar borasida imtiyozlar berish so‘raldi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

Yoshlarga o‘qish uchun imtiyozli kreditlar ajratish qonun bilan kafolatlangan

O‘zbekistonda yoshlar (yosh fuqarolar) deganda 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan shaxslar nazarda tutiladi (“Jamiyat”, 2016 yil 33-son). Oliy Majlis Senati joriy yil 24-25 avgustdagi oltinchi yalpi majlisida ma’qullagan “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunda ana shu tartib ko‘zda tutilgan. Mazkur qonunga ko‘ra, yosh oila deganda 30 yoshdan oshmagan er-xotindan yoki farzand parvarishlayotgan ota yoki onadan iborat bo‘lgan oila, shu jumladan, yolg‘iz beva er (xotin) tushuniladi. Qayd etilishicha, ushbu qonunda yoshlar uchun bepul umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi olish, o‘qish uchun imtiyozli kreditlar ajratish kafolatlangan. Ayni paytda mamlakat aholisining qariyb 60 foizini yoshlar tashkil etadi.

Oliy Majlis deputati pornografiyani targ‘ib etuvchi filmlarni qonun yo‘li bilan taqiqlashni taklif qildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Tursunboev ayni paytda ishlab chiqilayotgan “Kinematografiya to‘g‘risida”gi qonun loyihasida ma’naviyatga tahdid soluvchi mahsulotlarni taqiqlash lozimligini aytdi (“O‘zbekiston ovozi”, 23 avgust). “Qonun loyihasida ushbu sohada biron-bir huquqiy munosabatlarni chegaralash yoki ijod qilishni taqiqlash bilan bog‘liq normalar belgilanmaydi. Lekin zo‘ravonlik, pornografiya, yoshlar ongini buzuvchi, ma’naviyatimizga tahdid soluvchi mahsulotlarni ishlab chiqarish, sotish, tarqatish qonun yo‘li bilan taqiqlanishi va unga javobgarlik borligi aniq ko‘rsatilishi lozim”, degan parlament a’zosi. Sh. Tursunboev, shuningdek, kino mahsulotlar va audiovizual asarlarni yaratish va foydalanishda mualliflik huquqini himoya qilishni takomillashtirish zaruratiga ham urg‘u bergan.

Advokatlar palatasi: Advokatlarga soliq va kommunal to‘lovlar borasida imtiyozlar berilishi kerak

O‘zbekiston Advokatlar palatasi raisi yordamchisi Go‘zal Sayfieva Toshkentda o‘tgan anjumanda advokatlar faoliyatiga doir muammolarga e’tibor qaratdi (“Adolat”, 2016 yil 34-son). Qayd etilishicha, advokatlar tomonidan davlat organlari va boshqa organlardan zarur hujjat va ma’lumotlarni olishda muammolar mavjud. “Aksariyat hollarda advokat so‘roviga juda kechiktirib javob berish holatlariga duch kelamiz. Vaholanki, shunday holatlar bo‘ladiki, shaxsning taqdiri advokatning o‘z vaqtida va to‘liq ma’lumot to‘plab, tergov yoki sudga taqdim etishiga bog‘liq bo‘lib qoladi” degan G. Sayfieva. Palata raisi yordamchisiga ko‘ra, advokatlar vakolatini kengaytirish, jumladan, ularga ekspertiza tayinlash huquqini berish, ularga soliq yukini kamaytirish, kommunal xizmatlar va aloqa xizmati haqini to‘lashda imtiyozlar berish lozim.

XS
SM
MD
LG