Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:25

Rossiyada OMON prokuraturaga shikoyat qilgan o‘zbekistonliklarni kaltakladi.


Rossiyaning Yaroslav viloyati Tutaev shahridagi xorijlarni vaqtinchalik saqlash markazida (SUVSIG) prokuraturaga shikoyat qilgan o‘zbekistonlik muhojirlar kaltaklandi.

Bu haqda markazda ushlab turilgan muhojirlar telefon orqali Ozodlik radiosiga ma’lum qildi.

Avgust oyi boshida deportatsiya markazidagi 20 nafardan ortiq mehnat muhojiri Rossiya prokuraturasidan ularni vatanlariga tezroq chiqarib yuborishni talab qilib, ochlik amaliga qo‘l urgandi.

Ozodlik suhbatlashgan farg‘onalik 29 yashar Rahmon 2 yillik qamoq jazosini o‘tagandan so‘ng, 2 hafta oldin Tutaeva deportatsiya markaziga keltirilgandi.

U OMON xodimlari tomonidan noqah kaltaklanganini aytadi.

"Bolalar bu yerda juda ezilgan"

- OMONchilar kelganda trusikda edim, kiyinib olay desam, bittasi kelib elektroshok bilan jag‘imga urdi, devorga yopishtirdi. Pastgi qavvatdagi bolalarni ham urib, ikkitasini izolyatorga yuborishdi va usha yerdan keyin uylariga deport qilishdi. Biz turgan joyni sharoiti ham yaxshi emas. Oynalari qop qorong‘i, uy qorong‘i, hammani bitta kameraga tiqib qo‘ygan. Progulkaga kam olib chiqadi. Olib chiqishsa ham, ko‘pi bilan 15 daqiqa ijozat beradi, xolos. Qachon yuborishlari va nima sababdan uyga yuborish mo‘hlati cho‘zilayotganini tushuntirib aytishmaydi. Bolalar bu yerda juda ezilgan, dedi Rahmon.

Uch oydan buyon deportatsiyani kutayotgan o‘zbekistonlik Javlon esa muhojirlarning prokuraturaga shikoyat qilgani ortidan ular vaziyati yanada yomonlashganini aytadi.

- Biz shikoyat qilganimiz uchun OMON askarlarini keltirib, bizlarni urdirshdi, tintuv qilib, ba’zilarning kiyimlarini yirtib tashlashdi, telefonlarimizni tortib olishdi. Kameralarda hamma jim bo‘lib qolgan, hamma qurqib o‘tiribdi. Hech kim telefon qilolmaydi. Hozir hamma jim-jit, qo‘rqib qolgan. Ikki kun oldin menga tashqaridagi tanishlarim berkitib telefon o‘tkazishdi. Yaxshilab yashirib o‘tiribman. Hammamiz shu telefondan yashirincha gaplashamiz. Yaqinda, boshliqlarimiz yangi bo‘lgandan so‘ng, ahvolimiz yanada yomonlashdi. Qachon O‘zbekistonga yuborishlari ham noma’lum, kutib o‘tiribmiz, dedi Javlon.

Muhojirlarning aytishicha, Tutaevdagi deportatsiya markazida hozir yigirmaga yaqin o‘zbekistonlik ushlab turilipti.

Muhojirlar muammolari yuzasidan Tutaev deportatsiya markaziga qilgan murojaati javobsiz qoldirilgach Ozodlik Yaroslav viloyati ombudsmeni Sergey Baburkinga bog‘landi.

Sergey Baburkin joriy hafta davomida muhojirlarni deportatsiya qilish markazidagi vaziyat bilan shug‘ullanishini bildirdi.

- Tutaev deportatsiya markaziga OMON keltirilgani va muhojirlar do‘pposlangani to‘g‘risida menga ma’lumot tushmadi. Men buni nazarga olaman. Men markazga muntazam qatnab turaman. U yerdagi vaziyatdan yaxshi xabardorman. Hozir siz aytayotgan muhojirlarga bo‘lgan munosibat, Federal Migratsiya xizmati (FMS) dan Ichki ishlar vazirligi(MVD)ga vakolatlar topshirilayotgan o‘tish davri bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Bundan tashqar i, haqiqatan ham deportatsiya markazida rahbariyat o‘zgargan. Ehtimol ushbu o‘zgarishlar u yerdagi vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin. Men, albatta, o‘zbekistonliklar saqlanayotgan deportatsiya markaziga hafta davomida boraman va u erdagi vaziyat bilan yaqindan tanishaman, deya va’da berdi Sergey Baburkin .

Mablag‘ muammosi

Yaroslav viloyati ombudsmenining ishonishicha, xorijiylarni deportatsiya qilish muhlati uzoqqa cho‘zilayotgani asosiy sabablardan biri bu - muhojirlarni yuborish uchun ajratilgan mablag‘ning etarli emasligi va muhojirlarda tegishli hujjatlarning yo‘qligi.

Sergey Baburin fikriga ko‘ra, Rossiyadagi xorijiy davlatlar elchixonalari ham muhojirlar hujjatlarini o‘z vaqtida rasmiylashtirmaydi.

So‘ngi paytlarda Rossiya shaharlaridagi deportatsiya markazlarida muhojirlarning norozilik chiqishlari, xususan, o‘z joniga qasd qilish hollari ko‘payotgani kuzatilmoqda.

Ikki haftacha oldin Uzoq Sharqidagi Artyom shaharchasi deportatsiya markazida asosan o‘zbekistonlik bo‘lgan muhojirlar 4 kunlik ochlik e’lon qilgandi.

16 va 22 avgustda Yekaterinburgdagi deportatsiya markazida ushlab turilgan ikki nafar muhojir, norozilik sifatida, o‘z qo‘l tomirini kesib tashladi.

Iyul oyi oxirida esa Tula viloyaidagi xorijiylarni vaqtinchalik saqlash markazida o‘zbekistonlik nogiron o‘zini osib qo‘ygani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG