Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:35

Byudjet tashkilotlari va fermerlar bankka naqd pul topshirishga majburlanyapti


Toshkent va Jizzax viloyatlari hokimlari byudjet tashkilotlari rahbarlari va fermerlarga banklarga naqd pul topib topshirish majburiyatini yukladi. Hokimlarning tashkilotlar rahbarlari va fermerlarga yo‘llagan maktubida bu tadbir naqd pul bilan bog‘liq birinchi darajadagi to‘lovlarni amalga oshirish uchun qilinayotgani aytiladi. Hokimlarning bu qarorini bajarish uchun korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari qo‘l ostidagi xodimlardan naqd pul olib kelib topshirishni talab qilayapti. Oylik maoshlari faqat plastik kartochkaga o‘tkaziladigan xodimlar esa, bu zug‘umdan keskin norozilik bildirmoqda.

Toshkent viloyati Chinoz tumani hokimi Mahmud Eshonov tumandagi barcha tadbirkorlar va byudjet tashkilotlari rahbarlarini chaqirtirib, banklarga naqd pulni omonat tartibida qo‘yishni talab qilgan.

Bu haqda Ozodlikka ismi sir qolishini so‘ragan chinozlik shifokorlardan biri xabar yo‘lladi:

“Barcha mahalla raislari, maktab, kollej direktorlari, shifoxona bosh vrachlarini oldiga chaqirtirib, shaxsan topshiriq berdi. Tumandagi barcha maktablar umumiy miqdori 100 million so‘m, har bir kollej 10 million so‘m, mahallalar esa 50 million so‘mdan naqd pul topib bankka qo‘yishlari shart ekan. Endi esa bosh vrachimiz bizdan naqd pul topshirishni talab qilyapti. Axir, bu qanday bedodlik bo‘ldi, maoshimizni plastikda olsak qaerdan naqd pul topib beramiz”, deb yozdi shifokorlardan biri.

Chinoz tumani hokimiyatida ishlaydigan Ozodlik manbasi, haqiqatan ham hokim shunday topshiriq berganini tasdiqladi:

“Banklarda naqd pul qolmadi. Mustaqillik bayrami arafasida pensionerlarga, nafaqaxo‘rlarga naqd pul berishning bugun imkoni yo‘q. Bunday topshiriqni viloyat hokimi barcha tuman hokimlariga aytgan. Bilamiz bu adolatdan emas, lekin baribir qaerdandir naqd pul tushumini ta’minlash kerakku”, dedi hokimlik mulozimi.

Byudjet tashkiloti rahbarlarini naqd pul topib bankka qo‘yishga majburlash Jizzax viloyatida ham qariyb bir oydan beri amalga oshirilmoqda.

Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida istiqomat qiladigan pensioner Nabijon Jo‘raboevning aytishicha, unga tanish kollej direktori qaerdan naqd pul topishni bilmay, bosh qotganligini aytgan:

“Viloyat hokimi Sayfiddin Ismoilov kelib majlis qilibdi. O‘shanda tadbirkorlar, fermerlar, maktab direktorlariga naqd pul topib bankka topshirish vazifasi yuklatilibdi. Kecha bir maktab direktorini ko‘rdim. U “besh million so‘m naqd pul topshirishim kerak ekan. O‘qituvchilar maoshi yuz foiz plastikda bo‘lsa, o‘sha plastikdagi pulni ham 15-20 foizga naqd qilib kun ko‘rayotgan bo‘lsa, men ulardan qaysi bet bilan yana pul so‘rayman, deb boshini changallab yotibdi”, dedi. Hokimiyatdagilar kurakda turmaydigan talabni qo‘yishyapti”, dedi Nabijon Jo‘raboev.

Jizzax viloyati tumanlaridan birida fermerlik qilayotgan Ozodlik manbasi, fermerlarga ham besh million so‘mdan naqd pul topib, bankka qo‘yish talabi bitilgan hujjatni Ozodlikka taqdim etdi.

Fermerlarga yuborilgan maktub nusxasi
Fermerlarga yuborilgan maktub nusxasi

Davlat soliq inspektsiyasi boshlig‘i imzosi bilan yozilgan bu hujjatda, “siz rahbarlik qilayotgan fermer xo‘jaligi tomonidan 2016 yilning o‘tgan davrida yetishtirib sotilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yoki boshqa ishlab chiqarilgan mahsulotlari hisobidan xizmat ko‘rsatuvchi bankdagi hisob raqamiga 3 kunlik muddatda 5,0 million so‘m naqd pul mablag‘ini topshirishingiz talab qilinadi. Ushbu naqd pul mablag‘i viloyatdagi 1-darajali to‘lovlarni qisqa muddatda qoplab, bank kassalari orqali naqd pul mablag‘i aylanmasini ko‘paytiradi”, deb yozilgan.

Zarbdor tumanida yashaydigan inson huquqi faoli Ziyodullo Razzoqov ham, byudjetdan maosh olib ishlaydigan tashkilotlar rahbarlari og‘ir ahvolda qolganini aytadi:

“200 o‘qituvchisi bor maktab direktori 5 million so‘m, 1000 tagacha o‘quvchisi bor maktab esa 10 million so‘m naqd pul topib bankka qo‘yishi shart. Bo‘lmasa, arizangi yoz deyishyapti. Albatta, buncha pulni uch kunlik muddatda direktor topib berolmaydi. Men tanigan direktorlardan biri protsentga qarz olib, bankka qo‘ydi. Endi o‘qituvchilardan yig‘ib olaman, dedi”, dedi Ziyodullo Razzoqov.

O‘zbekiston Markaziy bankining ismi sir qolishi so‘ragan mulozimlaridan biri, Ozodlik bilan suhbatda mamlakatdagi naqd pul muammosini “kriticheskiy” deb atadi:

“Sharoit juda ham ham og‘ir. Hech qachon naqd pul bilan bog‘liq bunday og‘ir vaziyat bo‘lmagan edi. Banklarga naqd pul judayam kam tushyapti. Bir qancha bank boshliqlarimiz ishdan ketaman deb ariza yozgan. Chunki, hokimlar naqd pul topib ber deb, bank boshliqlarini siquvga oladi. Ularning esa o‘z vkladchiklari bor. Naqd pul, orqasida katta kuch turgan “Abu Saxiy”dagi singari banklarga bir so‘m ham pul qo‘ymay g‘ayriqonuniy savdo bilan shug‘ullanadigan odamlar qo‘lida. Ana o‘shalar qo‘lida aylanib yotibdi”, dedi Markaziy bank mulozimlaridan biri.

XS
SM
MD
LG