Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:39

Moskvada Karimov vafotini eshitib, ishga chiqmagan o‘zbekistonliklar ishdan haydaldi


Prezident Islom Karimov vafot etganini eshitib, 3 sentabrda ish joyini tashlab ketgan 30 nafardan ortiq o‘zbekistonlik quruvchi Moskvada ishdan haydaldi. Muhojirlar ishlagan Turkiyaning “Prokons” shirkati vakilining Ozodlikka aytishicha, o‘zbekistonliklar «prezidentimiz o‘ldi, bugun motam kuni, bugun biz ishlamaymiz», deya ish o‘rinlarini tashlab ketganlar.

Shirkat vakilining aytishicha, o‘zbek mehnat muhojirlarining bu amali mehnat shartnomasini buzish sifatida baholangan.

Oradan bir kuni o‘tib o‘zbekistonlik quruvchilar shirkatdan kechirim so‘ragan esalar-da, «Prokons» ma’muriyati ular qayta ishga olinmasligini bildirgan.

Islom Karimov vafoti munosabati bilan ish joyini tashlab ketgan o‘zbekistonliklardan biri Abdumajidning (ismi o‘zgartirilgan) “Ozodlikka” aytishicha, uning nomi ish tashlaganlar ro‘yxatiga tasodifan kiritilmagan.

- O‘tgan shanba kuni biz ishda edik. Islom Karimov o‘lganinini eshitib, motam sifatida ish tashlash qildik. 50 dan ortiq kishi edik. Firma boshliqlarimizga “prezidentimiz o‘ldi, bugun ishlamaymiz, bizga ruxsat bering, deb aytdik. Ular rozi bo‘lishmadi. Avvaliga qo‘riqchilar tashqariga chiqishimizga yo‘l bermadi. Biz ko‘pchilik edik, bostirib chiqib ketdik. Har kim, har erga ketdi. Ertasiga ish tashlab ketganlarning taxminan 30 nafarini ishdan haydashdi, - dedi Abdumajid.

O‘zbekistonlik muhojirlar ishdan bo‘shatilgan “Prokons” shirkati menejeri Mustafoning “Ozodlikka” aytishicha, "o‘zbek ishchilari mehnat shartnomasini qo‘pol buzgani sababli ishdan bo‘shatildi".

- Ish boshlanishidan bir soat o‘tgandan keyin bir guruh o‘zbekistonlik ishchilar oldimizga kelib, “prezidentimiz vafot etdi, biz bugun ishlamaymiz, tashqariga chiqishimiz kerak, ” deb aytishdi. Biz ularga bugun to‘liq ishlashlari kerakligi, ammo ertasiga javob berishimizni aytdik. Yana agar kerak bo‘lsa, biror marosim o‘tkazishlariga yordam berishimiz mumkinligini ham tushuntirdik. Ular gapimizga quloq solishmadi. Bilishimizcha, bolalar hissiyotga berilib, oralaridagi ikki nafar “bilimdon” so‘zlariga kirib, ishni tashlab ketishdi, dedi Mustafo.

“Prokons” shirkatidan haydalgan muhojirlarning ko‘pchiligi, kechirim so‘rab, qayta ishga olishni so‘ragan.

Mustafoning aytishicha, ishdan bo‘shatilgan o‘zbekistonliklar qayta ishga qabul qilinmaydi va hozirda ular ish izlab yuribdi.

Moskvadagi turk qurilish shirkatida ishlayotgan o‘zbekistonlik quruvchining fikricha hozirgi sharoitda ishdan bo‘shatilgan o‘zbekistonliklar uchun Rossiyada ish topish juda qiyin bo‘lishi mumkin.

- Rossiyada nima ko‘p, hozir ishlayman degan odam ko‘p. Haydayman desa, ishdan haydaydi-da. Mana yigirmata odamni ishdan haydadimi, yana qirqta odam joyiga kelayapti. Arzon ishchi ko‘p. Menimcha turklar haq. Ularga shart qo‘yib bo‘lmaydi. Intizom qattiq ularda. Lekin ishlash va yashash sharoitini muhayo qilib bergan. Uydan yangi kelgan muhojir, moliyaviy jihatdan uncha qiynalmaydi. Rus firmalariga ishga kirsangiz, ular “kidat” qilishadi, ya’ni ishlatib pul to‘lashmaydi,- dedi o‘zbekistonlik quruvchi.

Rossiya qator shaharlarida ko‘pqavatli binolar qurishga ixtisoslashgan “Prokons” shirkati Turkiyaga qarashli bo‘lib, shirkatda asosan markaziy osiyoliklar ishlaydi.

Ishga yollangan xorijiylar har ikki haftada faqat bir kun dam olishadi.

Ishchilarni yotoq joyi, ishlash ruxsatnomasi va oziq-ovqat bilan shirkat ta’minlaydi.

XS
SM
MD
LG