Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:50

Govorit Moskva: "O‘zbekistondagi Rossiya biznesi xavf-xatar ostida"


​Prezident Karimov vafotidan so‘ng O‘zbekistonda hokimiyatning yangi qo‘lga o‘tgani Rossiya isteblishmentida O‘zbekistonga nisbatan bayonotlarning yangicha ritorikada yangrashiga sabab bo‘ldi. Ozodlik radiosi o‘zining yangi "GOVORIT MOSKVA" ruknida bu bayonotlarni savol ostiga oladi.

«O‘zbekistonda Rossiya biznesi ahvoli yomonlashadi»

Qator rus ekspertlari va soha mutaxassislari bildirayotgan bu fikrlar mahalliy ommaviy axborot vositalari orqali tarqatilmoqda.

Vladimir Rijkov
Vladimir Rijkov

- Sibir va O‘zbekiston o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar mavjud. O‘zbekistondan korxonalarimizga xom-ashyo, oziq-ovqat va meva-poliz ekinlari yetkazilishi davom etmoqda. O‘zbekiston esa Rossiya bug‘doyi va uni uchun eng yirik bozordir. Shu sababli O‘zbekistondagi har qanday janjal-to‘polon, qon to‘kilishi va qirg‘in bevosita Omsk, Oltoy, Orenburg, Qo‘rg‘on, Saratov viloyatlariga, boshqa joylarga o‘z ta’sirini o‘tkazadi, deydi «Vibor Rossii» jamoatchilik harakati yetakchisi Vladimir Rijkov.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya-O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 2 milliard 837 mln dollarni, jumladan O‘zbekistondan Rossiyaga chiqarilgan tovarlar hajmi 602 million AQSh dollarini tashkil etdi.

Ammo, rus tadbirkorlari va rasmiylari O‘zbekistonda faoliyat yuritib kelgan Rossiyaning «MTS», «Vimm-Bill-Dann» kabi shirkatlari faoliyati to‘xtatilganini ham yodga olmoqda.

Ular birgina Rossiyaning Lukoyl shirkatining O‘zbekiston gaz-neft sohasiga hozirgacha 55 milliard dollardan ziyod mablag‘ yotqizgani, Gazprom esa sotib olinayotgan o‘zbek gazi hajmini yildan yilga oshirib borayotganini unutmaslikka chaqirmoqda.

Rossiyada keng tarqalib borayotgan fikrga ko‘ra, O‘zbekistondagi hokimiyat almashinuvi, hokimiyatga kelgan yangi klanlar va buning ortidan oshib borishi taxmin qilinayotgan korruptsiya darajasi rus kompaniyalarining faoliyatiga jiddiy to‘sqinlik qilishi mumkin.

Yana bir qancha xavflar, moskvaliklar fikricha, yangi o‘zbek hukumatining Islom Karimov davrida o‘rnatilgan iqtisodiy hamkorlikka qarshi siyosat yurgizishi mumkinligi bilan bog‘liqligi aytilmoqda.

Ayni paytda, Rossiya ommaviy axborot vositalarida jamoatchilik fikrini yaratayotgan boshqa mutaxassislar Rossiya biznesi uchun eng katta xatarni "O‘zbekiston jamiyatining radikal qismi" dan ko‘rayotganini anglab olish mumkin.

Ular shu asnoda hatto "demokratiya o‘yinlari" ni vaqtinchalik yig‘ishtirib qo‘yishni ham tavsiya etishdan qaytmayotir.

- Demokratiya bilan bog‘lik eksperimentlar aholi orasidagi to‘qnashuvlarga olib keladi, bu hol esa iqtisod kelajagini yo‘qqa chiqaradi. Men demokratiya siyosiy tuzum sifatida iqtisodiy farovonlikka olib kelishiga shubha bildiraman. Misol uchun Xitoyni keltiraman, dedi "Vesti" kanali efirida O‘zbekistondagi vaziyatga baho bergan politolog Sergey Mixeev.

«Rossiya biznesi sukut saqlamoqda»

Rossiya –Osiyo Sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqining siyosiy konsalting departamenti vakili Grigoriy Trofimchuk Ozodlik bilan suhbatda rus biznesmenlari uchun hozircha havotir bildirish uchun o‘rin yo‘q, degan fikrni bildirdi.

U O‘zbekiston masalasida rus tadbirkorlari orasida hukm surayotgan mulohazalarni bunday ifoda etdi:

- Biz istaymizki, bu davlatda hammasi Konstitutsiyaviy yo‘l bilan amalga oshsin. Konstitutsiyada esa vakolatlar avvaliga parlament spikeri Nig‘matulla Yo‘ldoshevga o‘tishi va keyin saylovlar o‘tkazilishi belgilangan. Aynan shunday qonuniy o‘zgarishlar ro‘y bergandagina biznes buni ijobiy qabul qiladi. Aks holda tadbirkorlar biroz xavotirga tushishi turgan gap: Konstitutsiyaning bir joyi buzilsa, kolgan joylari ham buzilishi mumkin, degan fikr paydo bo‘ladi. Hozircha hamma vaziyat qaysi tomonga o‘zgarishini kutmoqda, dedi Grigoriy Trofimchuk.

Bunday vaziyatda Kremlga yaqin ekspertlar va ko‘plab Rossiya rasmiylari tomonidan O‘zbekistonda barqarorlik va tinchlikni saqlash uchun Rossiya qo‘l ostidagi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish mumkinligi g‘oyasi ilgari surilmoqda. "Govorit Moskva" ruknidagi ushbu dastlabki maqolani yozib bo‘lar ekanmiz, O‘zbekistondan Bosh vazir Mirziyoevning Konstittsiya talabiga zid ravishda muvaqqat Prezident etib saylangani haqida xabar keldi.

XS
SM
MD
LG