Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:49

Shoir Usmon Azim marhum Islom Karimovni “Xudo bergan avliyo” deb atadi


Usmon Azimning "Darakchi" gazetasida chop etilgan xotirasi.
Usmon Azimning "Darakchi" gazetasida chop etilgan xotirasi.

Ichki ishlar xodimi poraxo‘rlik tufayli 6 yilga qamaldi. Markaziy bank rasmiysi mahsulot kartochkaga qimmatroq sotilayotgan holatlarni banklar nazorat qilishga haqli emasligini ma’lum qildi. Joriy hafta matbuot mana shu mavzularni ko‘tardi.

O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim: Islom Karimov – Xudo bergan avliyo

O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim joriy yil 2 sentabr kuni vafot etgan Prezident Islom Karimov haqidagi xotirasini e’lon qildi (“Darakchi”, 8 sentabr).

“Islom Karimovga bo‘lgan izzat-hurmatimni hamisha – u zot bilan ilk bor uchrashganimdan buyon yuragimda saqlayman. Ammo bu ehtiromimni hayotliklarida baralla yozishga qo‘lim bormadi. Har holda, to‘rt qator she’r yozib, ishlarini bitirib ketadigan adabiy “savdogar”lar qatoriga tushib qolishdan uyaldim”, deya so‘z boshlaydi muallif.

Maqolada qayd etilishicha, mustaqillikning ilk yillarida Andijonda zilzila ro‘y beradi va Islom Karimov viloyatga borib, vaziyat bilan tanishib qaytadi.

O‘sha paytda Prezident devonida faoliyat yuritgan U.Azim Andijondan qaytgan I.Karimov qabuliga kiradi. Suhbat asnosida I.Karimov zilzila bekorga ro‘y bermagani, qaerdadir odamlarning gunohi ko‘payib ketgani va shu bois Parvardigor ofat yuborganini so‘zlaydi.

Muallifning yozishicha, I.Karimov suhbat asnosida hozir yana zilzila ro‘y berishini aytadi va ma’lum daqiqalar o‘tib, darhaqiqat, Toshkentda yer silkinadi. Bashorat to‘g‘ri chiqqanidan U.Azim juda hayajonlanadi.

“Mo‘’jizaga duch kelganim aniq edi. Qarshimda Prezidentgina emas, Xudo bergan odam – avliyo ham o‘tirganini aniq bilib turar edi”, deb yozadi shoir U.Azim.

Ichki ishlar xodimi poraxo‘rlik tufayli 6 yilga qamaldi

Buxoro viloyati Peshku tuman ichki ishlar bo‘limi katta inspektori poraxo‘rligi tufayli 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi (“Huquq”, 8 sentabr).

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tuman sudi Peshku tumanida yashovchi fuqaroga 2 yil sinov muddati tayinlagan.

Ismi oshkor etilmagan militsiya katta inspektori esa sudlanuvchini jazodan ozod etish evaziga uning tanishidan pora so‘ragan.

Qayd etilishicha, tama qopqoniga tushgan ichki ishlar xodimi 400 ming so‘m pora olayotganda jinoyat ustida ushlangan. Sud hukmiga ko‘ra, ichki ishlar xodimi 3 yil mansabdorlik lavozimlarida ishlan huquqidan ham mahrum etilgan.

Markaziy bank rasmiysi: Mahsulot kartochkaga qimmatroq sotilayotgan holatlarni banklar nazorat qilishga haqli emas

Ayrim do‘konlarda mahsulot narxi naqd yoki plastik kartaga qarab turlicha: naqdga arzon, kartaga esa qimmatroq bo‘lib qolmoqda.

Markaziy bank pul muomalasi departamenti boshqarma boshlig‘i Rustambek Abdurahmonov mazkur holatga “Oila davrasida” gazetasi orqali munosabat bildirgan.

“Chakana savdo va pulli xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida to‘lovlarni plastik kartalar orqali qabul qilishdan bosh tortish, narxlarni oshirish, to‘lov terminalini ataylab ishlatmaslik yoki yashirib qo‘yish holatlarini nazorat qilishga tijorat banklari haqli emas”, deydi R.Abdurahmonov.

Qayd etilishcha, bank plastik kartalari orqali to‘lovlarni qabul qilish bo‘yicha terminallarning mavjudligi va ulardan majburiy ravishda foydalanish ustidan nazorat soliq organlari zimmasiga yuklangan.

XS
SM
MD
LG