Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:33

O‘zbekistonning keyingi yetakchisi uchun islomiy jangarilar boshog‘riq bo‘ladi


O‘zbekiston prezidenti vafotidan keyin hukumat tepasiga keladigan yetakchi kim bo‘lishidan qa’ti nazar, u uchun global jihodchi guruhlar safiga qo‘shilgan islomiy jangarilarni nazorat qilib turish oson bo‘lmaydi.

O‘zbek jangarilar Suriya va Iroqda “Islomiy davlat,” Afg‘onistonda toliblar saflarida jang qiladi. Qolaversa, o‘zbek radikallar Rossiyaning yirik shaharlariga o‘rnashib olgan hamda Pekin hukmini tan olmaydigan xitoylik uyg‘urlarni dastaklaydi.

O‘tgan haftada insultdan vafot etgan Islom Karimov O‘zbekistonda 1990 yillardagi islomiy g‘alayon keltirib chiqargan jangari harakatlarni xavfsizlik xizmatlari yordamida shafqatsizlik bilan bostirib turgan.

Karimov vafoti ortidan Shavkat Mirziyoev muvaffaq prezident etib tayinlangan bo‘lsa-da, kim prezident etib saylanishi hamda mamlakat xavfsizlik kuchlarining islomiy tarmoqlarni nazorat qilib tura olishi yoki yo‘qligi noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Global jihod harakatida o‘zbek jangarilar boshqa guruhlardek nom chiqargani yo‘q. Iroqlik, tunislik, rossiyalik hamda g‘arbiy yevropalik jangarilar orasida qo‘mondonlar hamda xudkush hujumlar uyushtiruvchilari ko‘p, lekin o‘zbeklar asosan oddiy jangari vazifasini bajaradi.

Shunday bo‘lsa-da, Reuters agentligi xavfsizlik xizmatlari rasmiylari, jangarilar hamda ularning oila a’zolari bilan o‘tkazgan suhbatlar o‘zbek jangarilarning soni bir necha ming kishidan iborat ekanligini, ular janglarda tajriba orttirganini hamda boshqa jihodchi guruhlar bilan yaqindan hamkorlik qilishini ko‘rsatadi.

Bu jangarilar O‘zbekiston rasmiylarini johil kuchlar deb biladi va asosan xorijda jihod qiladi.

Ammo International Crisis Group tashkiloti o‘tgan yilda e’lon qilgan hisobotda “Agar ushbu radikallashgan muhojirlarning aksari o‘z vataniga qaytsa, ular Markaziy Osiyodagi barqarorlik va xavfsizlikka tahdid soladilar”, deyiladi.

Markaziy Osiyodagi islomiy jangarilikning o‘chog‘i O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston respublikalari hududida joylashgan Farg‘ona vodiysidir.

57 yoshli o‘shlik o‘zbek Abdurasul Yo‘ldoshev Rossiyada ishlab yurganida o‘zidan uzoqlashib ketgan ayoli ikki qizi va o‘g‘li bilan Suriyaga ketganini hikoya qilib berdi.

19 ga to‘lgan o‘g‘il Muhammadislom “Islomiy davlat” ekstremistik guruhiga qo‘shilgan.

Yo‘ldoshevning aytishcha, kimdir noma’lum nomerdan unga chalib, o‘g‘li shahid bo‘lganini aytib tabriklagan. Yo‘ldoshev suhbatdoshiga baqirgan, suhbatdoshi esa o‘z navbatida uni kofir deb atagan.

41 yoshli o‘shlik o‘zbek Malohat Mamatojieva ham 9 iyul kuni farzandi Nurmuhammad taqdiri haqida xuddi shunday xabar eshitgan.

Mamatojievaning aytishicha, o‘g‘li Rossiyaning Vladimir shahriga ishlagani borgan, ammo 2014 yilning noyabrida Rossiyaning chekka joyiga bir haftaga ketayotganini aytgan. 2015 yilning martiga kelib o‘g‘il Suriyadan chalgan.

Keyinroq Mamatojievaga o‘g‘li Suriyada janglarda halok bo‘lgani haqida xabar kelgan.

BMT e’lon qilgan qidiruvdagi jangarilar ro‘yxatiga ko‘ra, Afg‘oniston va Pokistondagi jangari guruhlar saflarida o‘zbeklar ko‘p.

Xavfsizlik xizmatlari rasmiylariga ko‘ra, o‘zbek jangarilar Xitoydagi uyg‘urlar bilan ham aloqadadir. Qirg‘iziston xavfsizlik xizmatlari tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, Bishkekdagi Xitoy elchixonasiga o‘tgan oyda qilingan hujumni uyg‘urlarlar amalga oshirgan, ularga bir necha etnik o‘zbek yordam bergan.

Suriyada janglarda ishtirok etgan rossiyalikning aytishicha, Suriyada o‘zbeklar o‘z jangari guruhlariga egalar.

O‘tgan yilda O‘sh shahrida xavfsizlik xizmati xodimlari Suriyada jang qilganlikda gumonlangan bir necha shaxsni qo‘lga olgan. O‘sh militsiyasi yetakchisi Qilichbek Joldoshevning aytishicha, 2016 yilda Suriyaga ketgan 16 odam aniqlangan, u yerga yo‘l olgan kamida besh odam qo‘lga olingan.

“15 odam qaytib keldi. Ularning yetti nafari qamoqda. Sakkiztasi esa jazo muddatini o‘tab bo‘ldi”, dedi Joldoshev.

Reuters agentligiga ko‘rsatilgan videoda so‘roq qilingan ayblanuvchining 2013 yilning oktyabrida uch oyga Suriyaga ketgani, o‘sha paytda “Al-Qoida”ga kirgan “Jabhatan-Nusra” guruhi safida jang qilganini aytganini ko‘rish mumkin.

Millati o‘zbek bo‘lgan ayblanuvchiga Markaziy Osiyoga qaytib kelib, hujumlarni uyushtirish buyurilgan. Bu shaxs o‘z aybiga tazyiq ostida iqror bo‘lgani yoki yo‘qligini aniqlab bo‘lmadi.

Suriya va Afg‘onistondagi o‘zbek jangarilar yoppasiga O‘zbekistonga qaytib kelib, hujum uyushtirishni rejalashtirayotganini ko‘rsatuvchi dalil yo‘q. Ammo “Islomiy davlat” jangarilari Suriya va Iroqdan siqib chiqarilsa, o‘zbek ekstremistlar o‘z vatanlariga qaytib kelishlari mumkin. Bu esa O‘zbekiston hukumati hamda xorijiy davlatlar uchun muammo bo‘ladi.

Dmitriy Solovyov maqolasi

XS
SM
MD
LG