Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:00

Ekstremizmga qarshi futbol turniri ommaviy mushtlashuv bilan tugadi


"Metallurg" stadionidagi mushtlashuv payti
"Metallurg" stadionidagi mushtlashuv payti

Rossiyaning Irkutsk viloyatida futbol bo‘yicha “Hamdo‘stlik Kubogi-2016” turnirining finaliga chiqqan o‘zbekistonlik va tojikistonlik futbol jamoalari o‘rtasidagi o‘yin ommaviy mushtlashuv bilan yakun topdi. Turnir tashkilotchilariga ko‘ra, komanda o‘yinchilari o‘rtasida kelib chiqqan janjalga stadionda o‘tirgan muxlislar ham qo‘shilib ketgan. Politsiya mushtlashuv tufayli “Hamdo‘stlik Kubogi-2016” musobaqasi bekor qilinganini gapirmoqda.

11 sentabrda sodir bo‘lgan bu voqea to‘g‘risida turnir tashkilotchisi - “Sibiryak” futbol klubi rasmiy sayti qisqa xabar berdi:

“Final o‘yini muxlislarning beadab hatti-harakatlari bois to‘xtatildi”.

“Hamdo‘stlik Kubogi-2016” futbol turniri mahalliy diasporalar, Bratsk shahar hokimiyati va shaxsan shahar hokimi hamda “Sibiryak”futbol klubi tomonidan uyushtirilgan.

“Sibiryak” futbol klubi direktori Yevgeniy Xarlanov Ozodlik bilan suhbatda finalda chiqqan janjal sabablarini tushuntirib berishga urindi. “Eng achinarlisi, mushtlashuv turnir yakuniga atigi 8 daqiqa qolganda boshlanib ketdi”, deydi musobaqa tashkilotchisi:

- O‘zbekiston 2:1 ga yutib turgan edi. 2- taymning qo‘shimcha vaqti ketayotgandi. To‘qnashuv maydonda sodir bo‘ldi. O‘zbekistonlik o‘yinchi yiqilib tushdi - uning yoniga hakam kelib, o‘yinni davom ettirishni buyurdi. Tojik komandasi o‘yinchisi kelib uni maydon tashqarisiga chiqara boshladi. Hakam tojikistonlikka qo‘polligi uchun sariq kartochka ko‘rsatdi. O‘zbek o‘yinchisi yana maydonga kirib, yiqilib tushdi. Shunda boshqa tojikistonlik kelib uni tashqariga uloqtirib yubordi. Ikkala tarafdan turtish-surishlar boshlandi. Maydonga muxlislar tarafidan diaspora vakili yugurib keldi. Tojiklar tomonidan yana uch kishi qo‘shildi, deydi turtishuvlar ommaviy mushtlashuvga aylanib ketganini aytgan klub direktori.

Xarlanovning aytishicha, “Metallurg” stadioni tribunasida o‘tirgan bir guruh tojik muxlislari politsiya qurshovini yorib o‘tib, stadiondagi o‘yinchilarga tashlangan. Mushtlashuv oqibatida o‘zbek jamoasi tomonidan uch kishi jarohat olgan, hozirda shifoxonada miya chayqalishi tashhisi qo‘yilgan ikki o‘zbek jamoasi futbolchisi qolayotgani ma’lum.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqayotgan boshqa xabarlarga qaraganda, janjal komandalar o‘rtasidagi mojaro ikki futbolchining bir-birini haqoratlashidan boshlangan. Youtubeda final o‘yinida bo‘lib o‘tgan mushtlashuv videotasviri ham paydo bo‘ldi.

Qo‘l telefoniga olingan tasvirda stadiondagi janjalga muxlislar o‘tirgan tribunadan bir necha o‘n odam borib qo‘shilganini ko‘rish mumkin.

Bratskda ikkinchi marta o‘tkazilayotgan “Hamdo‘stlik Kubogi” musobaqasida O‘zbekiston va Tojikistondan tashqari Qirg‘iziston, Armaniston, Ozarbayjondan kelib Rossiyada ishlayotgan mehnat muhojirlaridan iborat terma jamoalar hamda rossiyaliklar jamoasi ishtirok etgan. Futbol musobaqasiga shu yilning 17 iyulida start berilgan va ushandan beri 18-ta match o‘tkazilgan.

Rossiya Ichki ishlar vazirligining Irkutsk viloyati bo‘yicha boshqarmasida mazkur hodisa yuzasidan qilgan Ozodlik so‘roviga tekshiruv o‘tkazilayotganini bildirishdi.

- Stadiondagi hodisa yuzasidan politsiyaga hech qanday ariza kelib tushmagan. Lekin tekshiruv olib borilayapti. Taftish natijasida tadbir xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tashkilotchilar tomonidan qilingan harakatlarga baho beriladi, dedi Irkutsk viloyat politsiyasi rasmiysi German Struglin.

“Sibiryak” klubi direktori Yevgeniy Xarlanov hozirda stadionga yugurib chiqqan va mushtlashuvni boshlab bergan muhojirlar politsiya tomonidan aniqlanmoqda, tekshiruvga FSB ham qo‘shilgan, dedi.

U turnir aslida mintaqada yashayotgan turli millat-elat vakillarini birlashtirishga qaratilgani, ammo xunuk hodisa bilan yakunlangani sababli boshqa o‘tkazilmasligini bildirdi.

- O‘tgan yili ham, bu yil ham tashabbus mahalliy diasporalardan chiqdi. Biz uni o‘z zimmamizga olib, shahar meridan tashabbusga qo‘shilishi to‘g‘risida bildirishnoma olgan edik. Maqsadimiz – millatlararo munosabatlarni mustahkamlash, ekstremizmga qarshi kurashish edi. Politsiya va FSB kameralar orqali janjalkashlarni qidirmoqda. U yerda menga ochiqchasiga aytishdi – turnir boshqa o‘tkazilmaydi, dedi “Sibiryak” futbol klubi direktori Yevgeniy Xarlanov.

“Hamdo‘stlik Kubogi-2016” kubogi sohibi aniqlanmasligi ham e’lon qilindi.

XS
SM
MD
LG