Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:00

"Mirziyoev Samarqandda Karimov ayg‘oqchilaridan omon chiqdi"


O‘zbekiston davlat boshqaruvi tizimlarining barchasini de fakto o‘z qo‘liga olgan Shavkat Mirziyoev.
O‘zbekiston davlat boshqaruvi tizimlarining barchasini de fakto o‘z qo‘liga olgan Shavkat Mirziyoev.

Hozirda mamlakat hokimiyatining qariyb barcha tizimlarini o‘z qo‘liga olgan Shavkat Mirziyoevning 4 dekabrga belgilangan prezident saylovida vaqtinchalik degan so‘zdan qutulib¸ mamlakat prezidenti bo‘lishi kutilmoqda.

O‘zbekiston boshqaruvi post-Karimov davridan Mirziyoev bosqichiga o‘ta boshlagan ayni kunlarda Ozodlik qariyb 30 yildan beri mamlakat hokimiyat tizimlarida muttasil yuqoriga ko‘tarilib kelgan Shavkat Mirziyoevni shaxsan bilgan-taniganlarni xos suhbatga chorlamoqda.

Bu suhbatlar asnosida Ozodlik bugun O‘zbekiston jamoatchiligini o‘ylantirayotgan Shavkat Mirziyoev kim¸ uning hokimiyat pillapoyalaridan ko‘tarilishi sabablari nimada¸ O‘zbekiston prezidentligiga qariyb yagona nomzodga aylangan Mirziyoevdan siyosatchi sifatida nimalar kutish mumkin¸ kabi savollarga javob topishga urinmoqda.

Kuzatishlari e’tiboringizga taqdim etilayotgan birinchi suhbatdosh o‘tmishda O‘zbekiston hukumati tarkibida ishlagan yuqori lavozimli sobiq amaldor. U xavfsizlik xavotirlari bois shaxsi ochiqlanmasligini so‘radi.

"Mirziyoev Samarqandda Karimov sinovidan o‘tdi"

- Men hukumatda yuqori lavozimda ishlaganimda¸ bu (Shavkat Mirziyoev) deputat bo‘lgan. U paytda O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi deb atalardi. SSSR qulayotgan paytda¸90-yillarda Oliy kengashda komitetni boshqarardi. Keyin Shuhrat Nusratovni (Karimovni keskin tanqid qilgan deputat – tahr.) ishdan olishib¸ o‘rniga buni Mirzo Ulug‘bek rayoniga hokim qildi. Ochig‘ini aytsam¸ juda laganbardor bola edi. Karimovga xushomad qilib yurardi. Mirzo Ulug‘bek rayonidan Jizzaxga¸ undan Samarqandga hokim bo‘ldi. Samarqanddan keyin bosh vazir qildi. Men bilgan paytlarda¸ Oliy Kengashda bular uch kishi edi. Mirziyoev¸ akademik A’zamxo‘jaevning o‘g‘li Alisher va Erkin Halilov. Uchta yosh yigit¸ uch og‘ayni. Ular bir-biri bilan yaqin do‘st edi o‘sha mahallarda. Juda faollik ko‘rsatgan¸ qattiq ishlagan yigitlar edi. A’zamxo‘jaevning o‘g‘li otasining obro‘si uchunmi¸ o‘zini sal chetroq olardi¸ lekin Mirziyoev bilan Halilov Karimovga yaltoqilikda¸ uning qo‘yniga kirib ketishardi. Shu darajada kirib ketishdiki¸ Karimov Mirziyoevni rayondan Jizzaxga hokim qildi¸ Halilovni avvaliga Oliy Majlis raisiga o‘rinbosar¸ keyin Yo‘ldoshevni yo‘qotib¸ o‘rniga rais qilib qo‘ydi. A’zamxo‘jaevga uncha e’tibor bermadi¸ uni bir muddat Ukrainaga elchi ham emas¸ doimiy vakil qilib yubordi. Keyinchalik¸ u umuman yo‘q bo‘p ketdi¸ Halilov urildi¸ bu bola (Mirziyoev) bo‘lsa¸ 25 yildan ko‘proq Karimovning xizmatini qilib¸ o‘tda yonmas¸ suvda cho‘kmas obrazlar kabi¸ yonmadi ham¸ cho‘kmadi ham¸ mana endi uning o‘rniga keldi.

Bu shuncha uzoq vaqt qanday qilib Karimovning yonida urilmay-surilmay yurdi¸ dersiz. Menimcha¸ bu Samarqandda hokimlik qilganda¸ Karimovning sinovidan yaxshi o‘tdi. Nimaga deganda¸ Mirziyoevning Samarqanddagi har bir qadamini Karimovning odamlari kuzatib yurib¸ unga oqizmay-tomizmay yetkazishardi. Samarqandda ishonchini qozongandan keyin uni hukumatga rais qildi. Rais qilgandayam hech narsaga javob bermaydigan¸ lekin hamma buyruqni bajaradigan rais qildi. Nima uchun? Ko‘p odamlar oddiy bir haqiqatni tushunmaydi. Karimov o‘zi ikkiyuzlama odam edi – tilida bir¸ dilida boshqa. Tilida klanlarga¸ qarindosh-urug‘chilikka qarshi chiqqan hamisha. Ha¸ haqiqatda Karimov ikkita klanning belini sindirdi – Toshkent va Farg‘ona klanlarini. Lekin klanlar feodal tuzumda tabiiy holat¸ O‘zbekistonda turgan-bitgani feodal tuzum haliyam. Karimov bu ikkita klanni belidan sindirib¸ o‘rniga uchinchi nihoyatda qudratli uchinchi klanni – Samarqand-Jizzax klanini yaratdi. Ichida qisman Sirdaryo va Buxoro ham bor buning. Mana shu to‘rt oblast vakillari boshqaruvdagi asosiy klan bo‘lib qoldi hozir. Bularni endi hokimiyatdan osonlik bilan sug‘urib bo‘lmaydi. Mirziyoevning 25 yildan ko‘proq hatti-harakati¸ xulq-atvoriga qarab¸ men undan hech nima kutmayman.

Aziz mushtariy! Siz ham Shavkat Mirziyoevni yaqindan bilgan-taniganlardan bo‘lsangiz¸ xususan¸ hokimiyat tizimlarida u bilan birga ishlagan bo‘lsangiz¸ O‘zbekiston prezidentligiga da’vogarlik qilayotgan bu shaxs haqidagi hikoyalaringizni jamoatchilik bilan o‘rtoqlashishingiz mumkin. Buning uchun saytimiz¸ ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz orqali biz bilan bog‘laning¸ bilganlaringizni bizga matn yoki ovozli shaklda yuboring.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG