Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:41

Ketmonov yana prezidentlikka nomzod qilib ko‘rsatildi


Toshkentda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining 17 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘inida partiya rahbari Hotamjon Ketmonovni O‘zbekiston prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatdi. Uning nomzodi partiyaning kelasi oyda bo‘ladigan s’ezdida tasdiqlanib, Markaziy saylov komissiyasi tarafidan qabul qilinsa, Ketmonov ikkinchi bor prezidentlikka nomzod bo‘ladi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi o‘z lideri Hotamjon Ketmonovning nomzodini prezidentlikka ilgari surdi.

14 oktabrda bo‘ladigan partiya s’ezdida bu taklif tasdiqdan o‘tishi lozim.

Shundan so‘ng, uning prezident sayloviga rasman nomzod ekaniga oid hujjatlar O‘zbekiston Markaziy Saylov Komissiyasiga topshiriladi.

O‘zbekiston Kommunist partyasi o‘rniga tuzilgan partiyadan nomzod sifatida ilgari surilgan 47 yoshli Ketmonov asli Andijondan.

Xalq demokratik partiyasi rasmiy saytida keltirlishicha, ma’lumoti bo‘yicha rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi bo‘lgan Ketmonov 2013 yilning aprelida partiya Markaziy kengashi raisi etib saylangan.

Undan avval prezidentlikka nomzod Andijon viloyatida diniy va jamoatchilik tashkilotlar bilan aloqa qilish masalalari bo‘yicha hokim muovini vazifasida ishlagan.

O‘zbekistonda 2015 yilda bo‘lib o‘tgan saylovlarda ham Ketmonov nomzodi prezidentlikka ilgari surilgandi.

O‘shanda u O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimov bilan bellashgandi.

Prezident Karimov to‘satdan vafot etgani sabab, mamlakat konstitutsiyasiga muvofiq mamlakatda saylovlar 4 dekabrda o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Prezidentlikka barcha nomzodlar ma’lum bo‘ldi

16 sentabr kuni O‘zbekistondagi O‘zLiDep partiyasi mamlakat muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoevning nomzodini ilgari surgandi.

"Milliy Tiklanish" partiyasi prezident sayloviga o‘z lideri Sarvar Otamurodovni nomzod o‘laroq e’lon qilgan.

"Adolat" sotsial demokratik partiyasi 17 sentabrda bo‘lib o‘z yig‘inida partiya rahbari Narimon Umarovni prezidentlikka nomzod qilib ko‘rsatishga qaror qildi.

Narimon Umarov ham 2015 yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida nomzod sifatida qatnashgandi.

O‘zbekistonda rasman ro‘yxatdan o‘tgan to‘rtta partiya bor va bu partiyalarning barchasi mamlakatdagi joriy hukumat siyosatini dastaklovchi partiyalar sanaladi.

XS
SM
MD
LG