Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:21

Mirziyoev kelishi oldidan Angrenda minglab odam konvoy ostida ishlatildi


O‘zbekistonning muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoev Toshkent viloyatining Angren shahriga tashrifi arafasida shahardagi tashkilot xodimlari, maktab va kollej o‘quvchilaridan iborat minglab odam majburiy hashar ishlariga jalb etildi. Mirziyoev tashrifi munosabati bilan shahar bozorlarida narxlar ataylab tushirildi.

O‘zbekiston muvaqqat rahbari Shavkat Mirziyoevning Angrenga tashrifi kutilarkan minglab odam shahar hokimini buyrug‘i bilan uch kun davomida maxsus qo‘riqchilar qurshovi ostida ishlatilgan.

Ismi sir qolishini istagan angrenliklardan biri Ozodlikka bu haqda shunday ma’lumot yo‘lladi:

- Shanba, yakshaba va dushanba kunlari subbotnik qilishdi. Lekin asabga tekkan narsa shuki biz pod konvoy ishlatildik. Xuddi biz turmaga tushgan asirlardek. Hamma, kamida 2 minga yaqin odam hokimni chaqiruviga labbay deb etib kelishdi. So‘zga chiqqan shahar hokimi Mirziyoev kelishi munosabati bilan barchamiz shahar atrofini tozalashimiz kerakligini uqtirdi. Bu hayrli ishdan hech kim bo‘yin tovlashligi haqqi yukligi aytildi. Shu kuni hamma avtobuslarga chiqarildi va Angren-Qo‘qon trassasi atrofiga xalq dislokatsiya qilindi. Ertasi kuni yakshanba kuni soat 7 00 dan kechgi 18 00 gacha xashar davom etdi. Archalar,gullar,rayxonlar ekildi. Daraxtlar oqlandi. Qisqasi misli ko‘rilmagan hashar bo‘ldi. Bozorlar paynet butkalardan tozalandi. Bozor atrofi bardak xolatda edi. Hozir esa ko‘chalar kengayib gullar ekilib juda chiroyli xolatga keltirildi - deb bildirdi angrenliklardan biri Ozodlikka.

Xabarlarga ko‘ra, Shavkat Mirziyoev Angren shahriga Toshkentdan vertolyotda uchib borgan.

Tashrifi davomida muvaqqat prezident “Angren” maxsus industrial zonasi hamda Angrendagi Issiqlik elektr stansiyasini ko‘zdan kechirgan.

- Mirziyoevni vertolyoti Chirqichdagi harbiy bo‘linmalardan biriga bugun qo‘ndi. U yerdan to‘g‘ri “Angren” maxsus industrial zonasiga mashinada yo‘l oldi. U erdan TESga borgan. Shaharda har qadmaga militsiya qo‘yilgan, - dedi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan angrenliklardan biri.

O‘zbekistonning muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoevning tashrifi munosabati Angrendagi barcha dehqon bozorlarida narx-navo 20-25 foizga tushirildi.

Angrenga qisqa tashrifi chog‘ida Mirziyoev Angren Dehqon bozoriga ham borgan.

Angrenlik savdogarlarga ko‘ra, muvaqqat rahbar kelishidan oldin shahar do‘konlarida plastik kartalar va naqd pulga bir xil narxlar belgilab qo‘yilgan:

- Rastalarda narxlar har doimgidan boshqacha. 25 ming so‘m bo‘lgan mol go‘shtining narxini 20 ming so‘m qilib yozib qo‘yishibdi. 500 so‘mlik tuxum 300 so‘m. Eng hayratlanarlisi do‘konlarda plastik va naqd pulga ham narxlar bir xil. Shavkat aka tez-tez kelib tursin ekan shahrimizga, - deydi ismi sir qolishini istagan angrenliklardan biri.

O‘zbekistonda davlat yoki hukumat rahbari tashrifi munosabati bilan bozorlarda narxlar ataylab tushirilishi, martabali mehmon ketishi bilan ko‘tarilishi avvallari ham bo‘lgan.

- Bir kunda ko‘chalardagi butka do‘konlar g‘oyib bo‘ldi. Magazinlarda plastikka bemalol. Bularni hammasi xo‘ja ko‘rsin uchun, "katta" ketishi bilan hammasi avvalgi holiga qaytadi, - deydi angrenlik tadbirkor.

Mirziyoevning tashrifi munosabati bilan shaharda xavfsizlik choralari misli ko‘rilmagan darajada kuchaytirildi. Toshkentdan militsiya xodimlari olib kelinib, shahar ko‘chalariga tashlangan.

Mustaqillik bayrami arafasida tortib olingan ov miltiqlari angrenlik ovchilarga haligacha qaytarib berilmagan.

Prezidentlikka nomzodi ilgari surilgan Mirziyoevning Angrenga tashrifi uning saylovoldi tadbiri o‘laroq ko‘rilayotir.

O‘tgan haftada O‘zbekistondagi O‘zLiDeP partiyasi siyosiy kengashi a’zolari Shavkat Mirziyoev nomzodini prezidentlikka ilgari surgan edi.

O‘zbekiston prezident saylovi esa, joriy yilning 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.

8 sentabrda O‘zbekiston Senati tomonidan Bosh vazir Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston konstitutsiyasining 96-moddasiga zid tarzda O‘zbekiston muvaqqat prezidenti etib tayinlangan edi.

XS
SM
MD
LG