Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:33

Qodirjon Botirovning YeXHT yig‘inida qatnashgani Bishkekni norozi qildi


Qodirjon Botirov Varshavadagi yig‘inda.
Qodirjon Botirov Varshavadagi yig‘inda.

Qirg‘izistonda 2010 yilgi O‘sh voqealari uyushtiruvchisi sifatida ayblanib, sirtdan umrbod qamoqqa hukm qilingan Qodirjon Botirov YeXHTning Varshavada o‘tgan inson huquqlariga oid yig‘ilishida Bishkek hukumatini tanqid qildi. Bu voqea Qirg‘iziston hukumatining noroziligiga sabab bo‘ldi. Qirg‘iziston parplamentida Qodirovning nutqi muhokama qilinib, Tashqi ishlar vazirligi YeXHTga norozlik notasi jo‘natdi.

Qodirjon Botirov O‘sh qirg‘inini genotsid deb baholadi

Polsha poytaxti Varshavada o‘tgan YeXHTning inson huquqlariga bag‘ishlangan yig‘ilishida ishtirok etgan Qodirjon Botirov 21 sentabr kuni so‘zlagan nutqida “Yevropa davlatlari Qirg‘izistonda demokratiya mavjud, deb o‘ylashlarini, aslida esa bu davlatda demokratiya mavjud emas”, deb hisoblashini aytdi.

-Qirg‘izistonda hech qanday demokratiya mavjud emas. Ayniqsa, buni 2010 yil yaqqol ko‘rsatdi.O‘shanda Muvaqqat hukumat o‘zbek xalqi genotsidini uyushtirdi, yuzlab odamlar halok bo‘ldi, yuzlab odamlar yaralandi, -dedi Qodirjon Botirov.

U o‘z so‘zi davomida xalqaro tashkilotlarning Qirg‘izistonda etnik ozchiliklarga nisbatan diskriminatsiyani bartaraf etish to‘g‘risidagi tavsiyalari ham faqat qog‘ozda bajarilayotganini, amalda esa diskriminatsiya davom etayotganini aytdi:

-Meni sizlarni Qirg‘izistonda vakolatlaydigan tashkilotlarning pozitsiyasi hayratda qoldirmoqda. Ular bir ovozdan o‘zbeklar mavzusi murakkab va xavfli mavzu, bu mavzuni hozircha ko‘tarmaylik, deb aytishmoqda. Ammo bu muammmoni hal qilish uchun ajratilgan pullar sarflanayapti, hisobotlar berilayapti, ammo natija yo‘q, -degan Qodirjon Botirov.

Bishkek hukumati YeXHTdan norozi

Qirg‘iziston hukumati nazdida O‘sh qirg‘inining asosiy tashkilotchisi bo‘lgan shaxsning YeXHT yig‘inida ishtirok etishi Bishkek rasmiylarida norozilik paydo qildi. Qirg‘iziston parlamenti Qodirjon Botirovning YeXHT yig‘inidagi ishtirokini muhokama qildi.

Yig‘inda ishtirok etgan Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Dinara Kemelova YeXHTga norozlik notasi jo‘natilganini aytdi.

-Odamlar halok bo‘lgan etnik nizoni uyushtirgan va bu boradagi o‘z aybini hukumat zimmasiga yuklashga harakat qilgan odamning YeXHT yig‘inida nutq so‘zlashi mazkur tashkilot doirasida o‘tkazilayotgan dialoglarga keskin halaqit beradi, deb hisoblaymiz, -dedi Dinara Kemelova.

Deputatlar parlament qo‘mitasi yig‘ilishida Ichki ishlar vazirligidan YeXHT majlisida Qodirjon Botirovning oldida o‘tirgan qirg‘iz huquq faollarini jinoiy javobgarlikka tortishni, Botirovni Qirg‘izistonga ekstraditsiya qilinishiga erishishni talab qilishdi.

Biroq Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi deputatlarning bu talabiga javoban, Interpol siyosiy qochqin hisoblanadigan Qodirjon Botirovga nisbatan xalqaro qidiruv e’lon qilishdan bir necha marta bosh tortganini ma’lum qildi.

Atambaev "Botirovni qochirgan hukumat a’zolari"ni topmoqchi

Qirg‘izistondagi O‘zbek milliy-madaniy markazi liderlarida biri Qodirjon Botirov milliy nizo qo‘zg‘aganlik, ayirmachilik chaqiriqlari bilan chiqqanlik va ommaviy tartibsizliklar uyushtirganlik ayblovi bilan sirtdan umrbod qamoq jazosi hukm etilgandi.

Qodirjon Botirov o‘ziga bildirilgan ayblovlarni inkor qilib keladi. U 2010 yil O‘sh qirg‘ini arafasida Qirg‘izistonni tark etgan va Shvetsiyadan siyosiy qochqin maqomini olgan.

Botirov masalasi Qirg‘izistonda shu yilning 31 avgustida prezident Almazbek Atambaev nutqidan so‘ng boshlangan siyosiy janjalda ham qo‘llanilmoqda.

Qirg‘izistonda "Qodirjon Botirovni qamoqqa olish o‘rniga, uni Muvaqqat hukumat a’zolari horijga qochirib yuborgan", degan nuqtai nazar shakllanib ulgurgan. Prezident Atambaev ko‘rsatmasi bilan Bosh prokuratura bundan 6 yil avval yuz bergan voqeani tergov qilishi va Botirovni qochirgan hukumat a’zolari ismlarini aytishi kerak bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG