Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:40

Toshkent oromgohlariga ajratilgan 1 440 000 000 so‘m 4 yildan beri berilmayapti


Toshkent maktablarida tashkil qilingan 36 ta yozgi bolalar oromgohiga byudjetdan ajratilgan pullar joriy yilda ham berilmadi. Oromgoh egalariga ko‘ra, keyingi to‘rt yil ichida poytaxtdagi kunduzgi oromgohlarda bolalar ovqatlanishi uchun byudjetdan jami 1 milliard 440 million so‘m ajratilishi lozim edi.

Toshkentlik tadbirkor yigitning ismini ochiqlamaslik sharti bilan Ozodlikka aytishicha, u poytaxtdagi yozgi oromgohlardan ikkitasini to‘rt yil davomida oziq-ovqat bilan ta’minlagan. Unga ko‘ra, to‘rt yil ichida bolalar ovqatlanishi uchun sarflagan 80 million so‘mga yaqin puli berilmayapti:

- Ikkita lager-maktabni boqqanman. Ikkalasi uchun ham davlat mendar qarzdor. 2013, 2014, 2015, bu yil 2016 ham qo‘shildi. Hozir bitta mening korxonamga qarzdorligi 79 million 500 qanchadir so‘m,- dedi tadbirkor yigit.

Uning aytishicha, birgina u emas, balki yozgi oromgohlarga xizmat ko‘rsatgan barcha tadbirkorlar to‘rt yildan beri pulini ololmayapti.

Olti yildirki, Toshkent shahridagi maktablarda 4 smenadan iborat 40 kunlik yozgi kunduzgi bolalar oromgohlari tashkil qilingan.

Poytaxt maktablaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, dastlabki ikki yil davomida oromgohlar uchun ajratilgan pullar uzluksiz berilgan, lekin keyingi to‘rt yil ichida bir tiyin ham berilmayapti. Buning natijasida maktablar oshxonalarni ijaraga olgan tadbirkorlar oldida qarzdor bo‘lib qolmoqda.

“To‘rt yildan beri bormagan idoramiz qolmadi. Qaerga borsak, qop-qop va’da berib, qo‘ynimizni puch yong‘oqqa to‘ldirib yuborishayapti. Shartnoma bo‘yicha tadbirkorga biz pul to‘lashimiz kerak. Lekin bizga pulni yuqoridan tushirib berishlari lozim. Pul ham yo‘q. Dodimizni eshitadigan biror tashkilot ham yo‘q”, deydi Toshkentdagi maktablardan birining ismini ochiqlamayotganimiz direktori.

Tadbirkorlarning Ozodlikka taqdim qilgan hujjatlariga ko‘ra, har yili bahorda Bosh vazir Shavkat Mirziyoev raisligida bolalar oromgohlariga bag‘ishlangan selektor yig‘ilishlari o‘tkazilib, har bir smenada bitta bolaning ovqatlanishi uchun bir kunga 3000 so‘m jami 30 ming so‘m sarflanishi belgilangan.

Toshkentdagi xalq ta’limi bo‘limlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, oromgohlar harajatlarining 25 foizi ota-onalar zimmasiga yuklangan, qolgan 75 foizi esa davlat byudjetidan qoplanishi haqida qaror qabul qilingan.

Joriy yilda poytaxtdagi 36 ta oromgohda 16 mingdan ziyod bola dam oldi. Hisob-kitob qilinsa, 16 ming bolaning oromgohda ovqatlanishiga jami 480 million so‘m pul kerak. Bu pulning 25 foizini ota-onalar to‘lasa, qolgan 360 million so‘mi byudjetdan qoplanishi lozim. Demak, keyingi to‘rt yil ichida Toshkentdagi kunduzgi oromgohlarda ovqatlanish uchun byudjetdan taxminan 1 milliard 440 million so‘m ajratilishi lozim edi.

Ozodlik muxbiri O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligiga murojaat qilganida, mas’ul mulozim oromgohlar bo‘yicha qarzdorlikdan xabardor ekani biroq muammoni hal qilish ular qo‘lida emasligini ta’kidladi.

Mulozimga ko‘ra, poytaxt oromgohlarining moliyaviy tomoni Toshkent shahar hokimligi zimmasida bo‘lib, muammoni bartaraf qilish uchun mas’uliyat ham hokimlikka yuklangan.

Toshkent shahar hokimligining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari kotibiyati mulozimi esa Ozodlik bilan suhbatda poytaxt oromgohlarining moliyaviy masalalariga hokimlikning umuman aloqasi yo‘qligi va bu borada shahar xalq ta’limi boshqarmasiga murojaat qilishimizni ta’kidladi.

Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi boshlig‘i I. Akbarovning joriy yil 27 maydagi 177-sonli buyrug‘iga ko‘ra, o‘quvchilarning yozgi dam olish mavsumi bo‘yicha shtabga shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Ravshan Ergashev raislik qilgan.

Poytaxt maktablaridagi oromgohlar faoliyati uchun mas’ul mulozim Ergashev ham Ozodlik bilan suhbatda yozgi oromgohlarning moliyaviy masalasiga xalq ta’limi boshqarmasining umuman aloqasi yo‘qligini aytdi:

- Bunday vakolatim yo‘q. Yoz davomida o‘quvchilarga yozgi ta’tilni mazmunli tashkil etish uchun juda katta dastur asosida sharoitlar yaratildi. Oromgohlar ham bo‘ldi, to‘g‘ri. Maydonchalar bo‘ldi. Lekin men bunaqangi tashkillashtirish taraflaridan xabarim yo‘q. Men ma’naviy- ma’rifiy tadbirlarni tashkil qilaman. Moddiy-texnik taraflariga javob bera olmayman.

Ozodlik: Kim javob beradi unda?

- Unisini bilmayman. Hokimiyat tomonidan tashkil etiladi... kasaba uyushmasiga chiqing...hokimiyatga chiqing,- dedi Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi boshliq o‘rinbosari Ravshan Ergashev.

Xo‘sh, unda yozgi oromgohlarda bolalarni to‘rt yildan beri ovqatlantirgan tadbirkorlarning 1 milliard 440 million so‘mlik pulini kim to‘laydi? Hozircha bu savolga aniq javob topilganicha yo‘q. Ozodlik mavzuni o‘rganishda davom etadi.

XS
SM
MD
LG