Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:27

Andijonda chiroyli nomer uchun pul talab qilgan 8 militsiya xodimi qo‘lga olindi


Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i va haydovchisi bilan birga yana olti nafar militsiya xodimi pora olganlikda ayblanib, hibsga olindi.

Ozodlikka Andijon viloyat prokuraturasidagi manbaning bugun ma’lum qilishicha, 16 sentabr kuni avvaliga 1 nafar keyin esa yana 7 nafar ichki ishlar xodimi qo‘liga kishan solib viloyat MXX tergov izolyatoriga olib ketilgan:

- Bu 8 xodim (Ozodlik radiosida uchlarning ism-familiyalari mavjud¸ ammo aybsizlik prezumpsiyasi bois oshkor qilinmaydi - tahr.) O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi (Pora berish) hamda 212- moddasi (Pora olish-berishda vositachilik qilish) va hizmat vazifasini suiiste’mol qilish bo‘yicha ayblanmoqda¸ dedi manba.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga yaqin manbaning aytishicha, voqea mashina oldi-sotdisini rasmiylashtirish bilan bog‘liq korrupsion harakatlarning bir epizodidir:

- Mashina oldi-sotdisi Andijon Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida rasmiylashtirilgan paytda xaridor mashinadagi chiroyli nomerni saqlab qolish istagini bildirgan. Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘ining haydovchisi 400 dollar evaziga bu ishni bajarishni va’da qildi. Pul berilayotgan paytda MXX bosgan. Keyin Boshqarma boshlig‘i va yana olti xodim qo‘liga kishan solib olib ketildi. Hozir ular so‘roq beryapti. Sud hali boshlanmadi¸ dedi manba.

Manbaning aytishicha “Andijon Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasidagi uyushgan jinoiy guruh chiroyli nomerlarni 1000 dollargacha narhda sotish bilan” shug‘ullanishgan.

Andijon viloyat prokuraturasidagi manbaning aytishicha, Andijon Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida avgust oyida ham korrupsiyaga qarshi tadbirlar doirasida reyd o‘tkazilgan:

- 8 avgust kuni Andijon Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida qora niqobli xavfsizlik xizmati xodimlari reyd o‘tkazgan. Reyd payti boshqarmaning avtotransport vositalari texnik holati, ulardan foydalanish qoidalari va me’yorlariga amal qilishni nazorat qilish bo‘limining bir qancha xodimi ish joyidan qo‘liga kishan solingan holda olib ketilgan.

​Ozodlik manbasiga ko‘ra, hibsga olingan bu inspektorlar ham "poraxo‘rlik, jumladan, qoidabuzarlardan olingan jarima pullarini talon-taroj qilganlik, jarimaning uchdan ikki qismi miqdorida qoidabuzarlardan pora olganlikda" ayblanmoqda.

Internetdagi “Voditeli Tashkenta” guruhi bloggerining ta’kidicha Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining haydovchilardan pora olishlari odatiy xolga aylangan”

2013 yilda O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri etib tayinlangan Adham Ahmadboev militsiyadagi poraxo‘rlikka qarshi ayovsiz kurashishni va’da qilgan edi.

Bu gap aytilganidan beri o‘tgan 3 yil mobaynida O‘zbekistonda o‘nlab militsionerlar pora bilan qo‘lga olindi.

Andijonda 8 nafar militsioner qo‘lga olingan 16 sentabr kuni Namangan viloyati IIB Xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi xodimi poraxo‘rligi va hamda katta miqdordagi mablag‘ni talon-taroj etgani uchun 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Respublika IIV organi bo‘lgan “Huquq” gazetasining yozishicha o‘tgan yili Jizzax tumani ichki ishlar bo‘limi inspektorlari Akbar Normatov va Rustam O‘rolovlar pora olganlikda ayblanib 11 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

XS
SM
MD
LG