Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:38

Paxta tufayli vrach qarovisiz qolgan kelinning birinchi farzandi tug‘iliboq o‘ldi


Suratdagi kasalxonaning G‘uzorda sodir bo‘lgan voqeaga aloqasi yo‘q.
Suratdagi kasalxonaning G‘uzorda sodir bo‘lgan voqeaga aloqasi yo‘q.

Ozodlikka voqeaga bevosita aloqador shaxslarning ma’lum qilishicha¸ 28 sentabr saharda kuchli to‘lg‘oq bilan "Tez yordam"da G‘uzor tug‘ruqxonasiga olib kelingan 21 yashar ayolga qariyb bir sutka hech qanday tibbiy yordam ko‘rsatilmagan. Bosh vrachdan tortib aksar shifokor va hamshira-doyalar cho‘lda paxta terayotgani oqibatida zaruriy yordamsiz qolgan yosh onaning chaqalog‘i og‘ir ahvolda tug‘ilgan va 29 sentabr kuni olamdan o‘tgan.

Tug‘ruqxonada “do‘xtir yo‘q”

30 sentabr kuni Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida yashovchi Nurmatovlar oilasi Ozodlikka murojaat qilib¸ vrachlar loqaydligi tufayli 24 soatga yaqin tibbiy yordamsiz tashlab qo‘yilgan kelini Umida Qo‘ylievaning birinchi farzandidan ajraganini bildirdilar:

- 28 ga o‘tar kechasi sahar 4 larda kuchli dard boshlandi va tez yordam kelinimni tug‘ruqxonaga olib keldi.Uni pastga yotqizishdi¸(tug‘ruq bo‘limi tepa qavatda – tahr.) smena topshirayotgan do‘xtir ko‘rib¸ hali erta¸ dedi. Shundan keyin birov qaramadi. Yalinib-yolvorishlardan keyin faqat kechqurungi 9 larda (olib kelinganidan 17 soat o‘tib-tahr.) yana bittasi kelib¸ hali vaqti bor¸ deb ketdi. Bu vaqt orasida kelinimning suvi yorildi¸ qon ketish boshlandi¸ o‘zi tinimsiz qusdi. Medsestralarga xudoning zorini qildim¸ tepadan birorta do‘xtir chaqiring deb¸ hech kim yo‘q¸ vrach yo‘q¸ deyishdi. Kelinim butunlay holdan ketgandan keyin¸ 29 ga o‘tib¸ bular kelib¸ kuchan¸ deb baqirishga o‘tdi. Ikki sutka dard chekib holdan ketgan kelin umuman kuchana olmaganidan keyin¸ 2-3lashib¸ qornini bosishdi. Chaqaloq umuman yig‘lamay tug‘ildi¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Umida Qo‘ylievaning qaynonasi Norgul opa.

Nurmatovlarga ko‘ra¸ bola tug‘ilishi bilan ona hushini yo‘qotgan¸ chaqaloqni esa¸ reanimatsiya bo‘limiga olib ketishgan.

“Bola bir sutka oldin tug‘ilishi kerak bo‘lgan”

Ovozsiz¸ ko‘kargan holda tug‘ilgan qiz chaqaloqning reanimatsiyadagi ahvoli haqida yana Norgul opa hikoya qiladi:

- Kelin hushdan ketgandan keyin chopa-chop qilishdi. U dori olib keling¸ bu dori olib keling¸ deb bizni yugurtirishdi. Bolani reanimatsiyaga yuborishibdi. Reanimatsiyaga borsak¸ detskiydagilar bizga “mana o‘z ko‘zlaringiz bilan ko‘ringlar¸bir sutka oldin tug‘ilishi kerak bo‘lgan bola¸ ona qornida rosa bo‘g‘ilgan¸ parda ërilib¸ bola axlatning ichida qolib¸ ona qornida suv va axlat yutgan. Mana bularni zond bilan ichagidan tortib oldik”¸ deb bizga bir idishda axlatli suvni ko‘rsatishdi. Keyin Qarshidan vrach chaqirtirdik. U ham “bola kech tug‘ilgan¸ to‘lg‘oq paytida boshi bilan urilaverib¸ miyasiga qon quyulgan¸ axlat suv ichgan¸ odam bo‘lishi qiyin”¸ dedi. Shunday bo‘lsa ham¸ harakat qilamiz¸ mana bu dorilarni olib keling deb qo‘limizga bir to‘da dori yozib berishdi. Ichida plazmasiyam¸ tomchi dorisiyam bor. Qarz qilib¸ hammasini olib kelib berdik. Lekin bo‘lmadi¸ chaqaloq nobud bo‘ldi¸ deydi Norgul opa.

Ozodlik Nurmatovlar oilasi iddaolari bo‘yicha izoh berishni so‘rab G‘uzor tuman tug‘ruqxonasi bosh vrachi Nigora Qurbonova bilan bog‘lanishga ikki kun davomida harakat qildi, lekin vrach qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

G‘uzor tug‘ruqxonasining Ozodlik muxbiri gaplashgan navbatchi vrachlaridan biri Umida Qo‘ylievaning og‘ir tug‘ruqni boshdan kechirgani¸ chaqalog‘i o‘lganini eshitib¸ og‘ir ruhiy holatga tushganini bildirdi:

- Men navbatchi vrachman. Hozirgina smenani qabul qilib oldim. Tug‘ruq voqeasidan xabarim yo‘q. Og‘ir tug‘ruq bo‘lgan¸ bolachasi nobud bo‘lgan. Hozir ayolning jismoniy ahvoli yaxshi¸ qon bosimi normada¸ issig‘i yo‘q. Lekin ayol tinimsiz yig‘layapti. Biror kor-hol bo‘lmasin¸ deb hamshira postoyanno xabar olib turibdi. Lekin ayol psixicheskiy rasstroystvada¸ isterikada. Chaqaloqning nima sababdan o‘lganini ekspertiza hal qiladi. Men hozir detskiy vrachlardan so‘ray-bilay¸ o‘zlari bolaning nimaga o‘lganini sizga tushuntirishadi¸ dedi Ozodlik suhbatlashgan G‘uzor tug‘ruqxonasining navbatchi vrachi.

Ammo Ozodlik muxbiriga chaqaloqning nima sababdan o‘lganini tushuntiruvchi vrach topilmadi.

“Bizni aldashayapti”

Nobud bo‘lgan chaqaloq qizning otasi Shohruh Nurmatov to‘qqiz oylik homiladorlik paytida xotini muntazam vrachlar ko‘rigidan o‘tib turgani¸ har gal ona va bolaning avholi normal ekani qayd qilib kelinganini aytdi.

Ozodlik bilan suhbatda Shohruh birinchi farzandi nobud bo‘lib¸ rafiqasi va o‘ziga og‘ir ruhiy zarba yetkazilgani uchun G‘uzor tuman tug‘ruqxonasi vrachlarini aybladi:

- Bizni aldab¸ chaqaloqni yordirmaslikka rozilik beringlar¸ bolani qiynamay ko‘mib kelaylik¸ doriga ketgan hamma xarajatlaringizni qaytarib beramiz¸ deyishdi. Qaynotam taraf yordirmaylik¸ degandan keyin¸ biz ham qo‘l qo‘yib berdik. Endi¸ qayga borsang¸ bor¸ hech nima bermaymiz¸ deyapti. Bolamni o‘ldirishdi¸ xotinimni depressiya qilishdi¸ bizni dori opkegin deb qancha pulga tushirishdi. Bu dorilarni ishlatgan-ishlatmaganini ham bilmaymiz. Endi¸ qo‘lingdan kelganini qil¸ deyapti Nigora Qurbonova¸ deydi Shohruh Nurmatov.

G‘uzor tibbiyotchilari rahbari ham paxtada

Ozodlik muxbiri G‘uzor tug‘ruqxonasida chaqaloqning nobud bo‘lish holati yuzasidan sharh berishni so‘rab G‘uzor tuman tibbiyot birlashmasi rahbari Normahmat Kalonovga murojaat qilganida¸ uning o‘zini ham paxta dalasidan topdi.

- Sizdan eshitib turibman. Nima bo‘pti? Men terim boshlanganidan beri cho‘lda paxtada yuribman¸ kasalxonada nima bo‘layotganidan xabarim yo‘q¸ degan Kalonov voqea tafsilotlarini o‘rganib¸ keyin ma’lum qilajagini va’da qildi. Ozodlik muxbirining Kalonov bilan bu suhbatdan keyin qayta bog‘lanish harakatlari natijasiz qoldi.

Ammo qisqa suhbat davomida G‘uzor tibbiyot birlashmasi rahbari tug‘ruqxonadagi vrach va doyalarning paxtaga chiqarilgani ortidan to‘lg‘oq tutayotgan ayolga qarashga hech kim topilmagani chaqaloq o‘limiga sabab bo‘lgani haqidagi iddaolarni rad etishga urindi:

- Bo‘lishi mumkin emas¸ chunki tug‘ruqxonada ikkita dejurant qo‘yganman¸ reanimatolog bor¸ bitta neonatolog¸ bitta apparatchi kechayu kunduz ishlaydi u yerda. Hamma sharoit bor¸ sharoitlar zo‘r. Yaqinda kanalizatsiyasi buzilgan edi¸ ichkaridagini polniy yangiladim¸ hozir tashqaridaginiyam yangilayapman¸ dedi Kalonov Ozodlik bilan suhbatda.

Xatga tushdi...

O‘zbekiston hukumati chaqaloqlar o‘limi bo‘yicha xalqaro tashkilotlarga taqdim etadigan hisobotlarga ko‘ra¸ 2016 yilda O‘zbekistonda tug‘ilgan har ming chaqaloqdan 18 tasi nobud bo‘lgan va bu boradagi vaziyat jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan qariyb ikki baravar yaxshiroqdir.

Mahalliy matbuotning yozishicha¸ “so‘nggi besh yilda mamlakatda chaqaloqlar o‘limi har 100 ming bolaga nisbatan 11.000 dan 10.700 ga kamaygan” va bu raqamlar O‘zbekistonning BMT Ming yillik rivojlanish dasturida ko‘zda tutilgan tegishli ko‘rsatkichlarga to‘liq erishgani isboti sifatida taqdim etilmoqda.

XS
SM
MD
LG