Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:56

Rossiya deportatsiya markazlaridagi migrantlarga ishlash imkoniyati berilishi mumkin


Rossiya prezidenti huzuridagi inson huquqlari bo‘yicha Kengash migrantlar deportatsiya amaliyotini yengillashtirishga oid takliflarni Davlat Dumasiga oshirdi. Bu haqda Kengashning migratsiya komissiyasi rahbari Yevgeniy Bobrov Ozodlik bilan so‘hbatda ma’lum qildi.

Yevgeniy Bobrovning Ozodlikka bildirishicha, deportatsiya markazlarida saqlanayotgan migrantlarga ishlash imkoniyatining berilishi deportatsiya markazlaridagi vaziyatni yengillashtirishi mumkin.

- O‘z xohishi bilan ishga jalb etilgan muhojirlar ketishlari uchun yo‘l puli va qisman uyga ham pul olib kelish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Chunki ishlash uchun kelayotgan kishilar ko‘p hollarda Rossiya qonunlarining nomukammalligi yoki o‘z xatolari bois deportatsiya markazlariga tushishadi. Ular u yerda o‘rta hisobda 2 oydan yarim yilga qadar ushlab turiladi. Bunday vaziyatda har qanday sog‘lom inson aqli ham tanazzulga uchrashi mumkin, dedi Yevgeniy Bobrov. Lekin u deportatsiya markazlarida saqlanayotganlarni ish bilan ta’minlash mexanizmini, ular qanday ishlarga jalb etilishi mukinligini ochiqlamadi.

Huquq faollariga ko‘ra, Rossiya hududida 80 ga yaqin chet elliklarni saqlash markazlari (SUVSIG) ning aksariyatida vaziyat yomonligicha qolmoqda.

Hozirda ushbu markazlarda, migratsiya qonunlarini buzgan 5700 ga yaqin xorijiy saqlanmoqda.

Tutqinlarning aksarini o‘zbekistonliklar tashkil etadi

Irkutsk viloyati o‘zbeklar milliy-madaniy markazi rahbari Yusup Qulmatov Ozodlik bilan suhbatda, deportatsiya markazlarida muhojirlarga ishlash imkoniyati berish taklifini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

- Menimcha, ushbu qonun bir necha yil oldin qabul qilinishi kerak edi. Men Irkutsk viloyati misolida gapira olaman. Irkutsk migratsiya rasmiylari “o‘zbekistonliklarni vataniga jo‘natishga bizda pul yo‘q, yordam beringlar”, deb bizga murojaat qilib turishadi. Biz, alabtta, kuchimiz etgancha ahvoli og‘ir o‘zbekistonliklarni jo‘natish uchun pul yig‘ib berganmiz. Migrantlarni bekorga ushlab o‘tirgandan ko‘ra, ularning ketishlari uchun pul ishlash imkoniyati berish ijobiy qadam deb o‘ylayman, dedi Yusup Qulmatov.

Rossiya davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘ning kamligi sababli, muhojirlar oylab deportatsiya markazlarida ushlanib turilmoqda.

Rossiya prezidenti huzuridagi inson huquqlari bo‘yicha Kengash migratsiya komissiyasi rahbari Yevgeniy Bobrovga ko‘ra, huquq faollari yengil qonunbuzarlik bo‘yicha deportatsiyaga tushgan migrantlarga qo‘yilgan ta’qiqni bekor etish taklifini ham oldinga surishgan.

Ushbu takliflar kiritilgan qonun loyihasi Rossiya quyi parlamenti - Dumaga topshirilgan va shu yil oxiriga qadar qabul qilinishi kutilmoqda.

​Ozodlik Rossiya chet elliklarni saqlash markazlari (SUVSIG)da qolayotgan mehnat muhojirlari deportatsiyasiga Rossiya hukumati byudjetidan mablag‘ ajratilmayotgani va ular deportatsiya lagerlarida uzoq muddatga qolib ketayotgani to‘g‘risida xabar bergan.

Huquq faollari hozirgi vaziyat yanada yomonlanishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Chunki joriy yilda chet elliklarni deportatsiya qilish uchun ajratilgan mablag‘ miqdori ikki baravarga - 400 mln rubldan 200 mln rublga qisqartirilgan.

XS
SM
MD
LG