Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:26

Sement zavodi tegirmoni ikki ishchini ezib tashladi


Jizzax viloyati Zafarobod tumanidagi sement ishlab chiqarish zavodida 19 oktabr kuni yuz bergan falokat oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, bir kishi og‘ir jarohat oldi. Voqea guvohlariga ko‘ra, ishchilar zavod tegirmonini ta’mir qilayotgan paytda, tegirmon bexosdan ishlab ketgan va yigitlarni g‘ajib tashlagan.

Zafarabod tumani hududidagi Olmaliq tog‘-metallurgiya kombinatiga qarashli sement ishlab chiqarish zavodida 19 oktabr kuni sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa haqida zavod ishchilaridan biri Ozodlikka xabar qildi:

“sement zavodida ishlaydigan uch nafar yigitni tegirmon o‘z ichiga tortdi. Ulardan ikki nafari hayotdan ko‘z yumdi. Bir nafari og‘ir jarohatlar bilan kasalxonaga yotqizildi. O‘lganlardan bir nafari hali chimildiq ko‘rmagan yosh bola edi”, deb yozdi zavod ishchisi.

Ismi sir qolishini so‘ragan zavod mulozimlaridan biri, shunday voqea bo‘lganini tasdiqladi:

“Ha, kutilmagan falokat bo‘ldi. Yigitlar texnika xavfsizligiga rioya qilmaslik natijasida halok bo‘ldi. Ular tegirmon barabanini remont qilayotgan paytda tushib ketgan. Gulmurod Doniyorov o‘sha joyning o‘zida halok bo‘lgan. Obid Jaynarov kasalxonada operatsiyadan chiqmadi. Omonkeldi Hasanov esa hozir reanimatsiyada, do‘xtirlar uning hayoti uchun kurashyapti. Korxonada falokat sabablarini aniqlash bo‘yicha maxsus komissiya tuzildi. Halok bo‘lganlar va yaradorlarning oilalariga moddiy yordam ko‘rsatilyapti”, dedi korxona mulozimi.

Mulozimga ko‘ra, komissiya falokatning sabablarini aniqlaydi va bunga javobgar shaxslar jazolanadi.

Jizzax viloyati tibbiyot birlashmasining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimlaridan birining aytishicha, marhumlarning jarohatlari juda og‘ir bo‘lganligi uchun ham ularning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan:

“Zavod tegirmoni bollarni ezib tashlagan. Uni so‘z bilan tasvirlash juda qiyin. Sog‘ joyi qolmaganda. Biri kasalxonaga olib kelishganda o‘lib bo‘lgan edi, biri esa operatsiya paytida jon berdi. Uchinchisi, Omonkeldi Hasanovning ikkita son suyagi, qo‘li singan. Ahvoli og‘iru, lekin Xudo xohlasa tirik qoladi”, dedi tibbiyot birlashmasi mulozimlaridan biri.

O‘zbekistonda texnika xavfsizligi qoidalarini bilmagan ishchilarning ishga yollanishi sabab baxtsiz hodisalar ko‘p ro‘y beradi.

Joriy yilning 9 avgustida Jizzax viloyatida kanalizatsiya qazish ishlarini olib borayotgan ikki nafar ishchi tuproq ostida qolib o‘lgan edi.

10 avgust kuni esa Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida 10 kishi gazdan dimiqib o‘ldi va yana uch kishi Jizzax shahri shifoxonasi jonlantirish bo‘limiga olib ketildi. Muhandis, santexnik va quruvchilar er ostidagi suv motorlari nosozligini to‘g‘irlash uchun 6 metr chuqurlikka birin-ketin tushib, suv sathida yig‘ilib qolgan gazdan dimiqib halok bo‘lganlar.

O‘tgan yili O‘zbekistondagi Bekobod tsement zavodida ikki ishchini tuproq bosib qolgan edi.

Undan oldin Toshkent viloyati Ohangaron tumanining Ko‘chbuloq qishlog‘i yaqinida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining tashlandiq konidagi portlash oqibatida o‘nlab odam tog‘ tagida qolib ketgan edi.

XS
SM
MD
LG